Mamadali Topivoldiyev (1919-yil 20-sentyabr, Pandigon qishlogʻi, Rishton volosti, Qoʻqon uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston ASSR — 1969-yil 6-may, Zodiyon (Zohidon) qishlogʻi, Rishton tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, yefreytor, Belorussiyaning Mogilyov va Vitebsk viloyatlaridagi partizanlik harakati qatnashchisi, „Chekist“ partizanlik brigadasining 5-otryadi razvedka boʻlinmasi komandiri, ushbu partizanlik brigadasi orasidagi yagona Sovet Ittifoqi Qahramoni (1944-yil 15-avgust), Rishton tumanidagi „Kommunizm“ kolxozi raisi (1954—1969).
Topivoldiyev urush davrida shaxsan oʻzi 5 ta eshelonni portlatgan, qoʻl jangida 76 nafar nemis askarini yoʻq qilgan, bir nafar nemis generalini asirga olgan.
Topivoldiyevning qoʻlga olinishi uchun Adolf Hitler tomonidan nemis askarlariga 50 ming (ayrim manbalarda 25 ming) reyxmarka pul mukofoti vaʼda qilingani aytiladi. Topivoldiyevni beloruslar, shuningdek, safdoshlari hamda nemislar „Osiyo arsloni“ (yoki „Osiyo yoʻlbarsi“), „Kazbek“, „Tolya Kazbek“, „Tolik Kazbek“, „Chekist“, „Kazbek Botir“ deb atashgan.
Mamadali Topivoldiyev SSSR Oliy Soveti Prezidiumi farmonlariga asosan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, „Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan paxtakor“ faxriy unvoni, Lenin ordeni, Mehnat Qizil Bayroq ordeni, Qizil Yulduz ordeni, „Hurmat Belgisi“ ordeni, „Jasurlik uchun“ medali, „Jangovar xizmatlari uchun“ ordeni, 1-darajali „Ulugʻ Vatan urushi partizaniga“ medali, „1941—1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun“ medali, „1941—1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan gʻalabaning yigirma yilligi“ medali, „SSSR Qurolli Kuchlarining 50 yilligi“ medali bilan mukofotlangan.
Mamadali Topivoldiyev vafotidan soʻng nomini abadiylashtirish maqsadida bir qator keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilgan. Hozirga qadar uning xotirasiga bagʻishlab anjumanlar, xotira kechalari, tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Tarjimayi holi Mamadali Topivoldiyev 1919-yil 20-sentyabr (baʼzi manbalarda 3-sentyabr) Fargʻona viloyati, Qoʻqon uyezdi, Rishton volosti, Pandigon qishlogʻi dehqon oilasida tavallud topgan. Millati oʻzbek. Otasi Topvoldi (Topivoldi, Boldi) dehqonchilik bilan shugʻullangan, onasi Melibuva uy bekasi boʻlgan. Oilada 4 nafar farzand boʻlishgan, toʻngʻich farzand Mamadali, undan soʻng esa Yigitali, Mahmudjon, Oyimchaxon. Maktabda boshlangʻich taʼlimni (7 yillik) tugatgandan soʻng, 1934-yildan Rishton tumani aloqa boʻlimida pochtachilik qilgan, Oq yer qishlogʻidagi 1-mashina-traktor stansiyasi qoshidagi traktorchilik kursida oʻqib, kolxozda traktorchi boʻlib ishlagan. Yana boʻsh paytlari rus, tatar, tojik millatiga mansub rishtonlik doʻstlari bilan birga Bagʻdod tumanidagi Serovo (hozirda Furqat) temir yoʻl stansiyasi ishchisi boʻlib ham ishlagan. 1939-yilda harbiy xizmatga safarbar etilgan. Dastlab Lomja shahri (baʼzi manbalarda esa Bobruysk shahri) yonida joylashgan 130-artilleriya polkida mexanik haydovchi vazifasida xizmat qilgan. 1940-yilda Belostok shahridan polkiga qaytayotganida juda muhim topshiriqni bajarayotgan nemis josusini tiriklayin ushlagan. 1945-yildan KPSS aʼzosi.
Urushdagi faoliyati Topivoldiyev 1941-yildan Ikkinchi jahon urushida ishtirok eta boshlaydi. Gʻarbiy front tarkibida Belorussiyadagi mudofaa janglarida ishtirok etgan. Urush paytida Topivoldiyevning harbiy qismi Minsk viloyati, Borisov shahrida yaqinida nemislar qurshovida qolib ketadi. Qurshovdan faqat oʻzi va safdoshi Ivan Rilkov omon qolishib, oyogʻidan ogʻir yaralangan holda Mogilyov viloyatidagi Ivanning Paserovo (Pisarevo) qishlogʻiga joʻnab ketishadi. Ivanning onasi Anna (Galina) Vasilyevna Rilkova Topivoldiyevga oʻz uyidan boshpana bergan, ammo qishloqdagi ayrim shaxslar Topivoldiyevning yashiringan joyi haqidagi xabar nemislarga yetkazishadi, nemis askarlari Rilkova uyini tintuv qilishib, uni qamchilab jazolaydi va uyini yoqib yuborishadi. Yertoʻladagi kartoshka uyumiga koʻmilib olgan Topivoldiyev yong‘inda tasodifan tirik qolib, Ratsev oʻrmonidagi partizanlar otryadiga qoʻshiladi. Bu otryadga Topivoldiyevdan tashqari quroldoshlari Ivan Rilkov va desantchi Nikolay Paxota ham qoʻshilgan. Ortraydga sobiq rota siyosiy rahbari () mordvalik Aleksandr Fyodorovich Simdyankin rahbarlik qilgan.
1941-yil noyabrida Topivoldiyev va Paxota nemislar tomonidan egallangan Borisov shahridagi qamoq lageridan 146 nafar harbiy asirni ozod etishadi. 1942-yil fevralida Krugloye shahrida razvedka chogʻida Topivoldiyev Hilfspolizei () tomonidan asirlikka olinadi, ammo ertasi kuni Topivoldiyev qoʻriqchini oʻldirib, qochib ketadi. Soʻngra 13 nafar askardan iborat partizanlik guruhi tuzib, Paserova, Dudakovich, Oglobli qishloqlarida oʻz faoliyatini olib borishadi. Tez orada guruh chegara ofitseri Gerasim Aleksyevich Kirpich rahbarlik qilayotgan partizan otryadlari uyushmasiga () qoʻshiladi.
Boshqa maʼlumotlarga koʻra, Paserovo qishloq aholisi xirmonni erta yigʻib olib, uni nemislardan yashirishga kelishib oladi, oʻz navbatida, Topivoldiyev qishloqdagi yagona traktorni tuzatib, xirmonni yigʻishtirishda yordam beradi. Bundan xabar topgan Hilfspolizei () Topivoldiyevni asirga olishib, Krugloyedagi qamoq lageriga joʻnatishadi. Topivoldiyev lagerdan qochib, Kirpich otryadiga qoʻshiladi.
1942-yil may oxirida otryad kengayganligi sababli „Chekist“ partizanlik brigadasi sifatida qayta tashkil etiladi. Brigada askarlari turli millat vakillari boʻlishgan, jumladan, Topivoldiyev, kogonlik Gʻappor Sultonov (1917—1943) oʻzbek, Anatoliy Xaynatskiy, Ivan Kulikov belarus, Nikolay Fyodorov, Pavel Golitsin rus, Nikolay Apanasenko, Vasiliy Yurchenko ukrain, Aleksandr Simdyankin, Nikolay Koyanov mordvalik, Aleksey Dego ussuriysklik, Musul Majitov, Qosim Aisogaliyev qozoq, Sultan Murmaxet tatar, Ivan Ambrosimov udmurt, Daniil Aidarov, Stepan Yakimov osetin, Ivan Xristolyubov mariy, Ivan Danilov chuvash, Ilderxan Umaxanov qoʻmiq, Multon Elkonovich yahudiy millatidan boʻlishgan.
1942-yil iyul oyida Kruglyansk, Biyalinichiy, Tolochinsk, Orsha, Lepelsk, Shklovsk tumanlaridagi partizanlik otryadlari ham brigadaga kelib qoʻshiladi. 5-otryad razvedka boʻlinmasi komandiri sifatida ilk harbiy harakati Smolenskdan Minskga ketayotgan dushman poyezdiga qilgan hujumi boʻlgan. Trotsilovo — Slavnaya stansiyasi oraligʻida poyezd toʻliq yoʻq qilinadi. Oʻsha yilning oktyabrida Topivoldiyev aholidan chorvasini tortib olib, Podberezino qishlog‘iga toʻplagan nemis askarlarini yoʻq qilish rejasini oʻylab topadi hamda qoʻriqchi nemis askarini yoʻq qilib, podani otryad shtabiga olib keladi.
1942-yil kuzida brigada tarkibi yanada kengayadi, ammo brigada Oliy bosh qoʻmondonlik bilan hali ham oʻzaro aloqa oʻrnatmagandi. Qoʻmondonlikka toʻplangan maʼlumotlarni yetkazish Topivoldiyevga yuklatiladi. Topivoldiyev brigada tomonidan qoʻlga kiritilgan fashistlarning 7 ta muhim maʼlumotini Moskvaga, yaʼni Oliy bosh qoʻmondonlikka yetkazadi. Moskvada qoʻporuvchilik maktabida tahsil olib, 1943-yil bahorida brigadasiga qaytib keladi.
1943-yil 28-mayda Topivoldiyev Nikolay Apanasenko bilan birga Shkolovsk tumanigi Klimovich qishlogʻida 20 nafar nemis askarlarini asir oladi.
1943-yil 13—15-iyun kunlari yakka oʻzi Voronsevichi qishlogʻida nemislarning yengil va yuk avtomobillarini portlatib yuboradi.
1943-yil 26-avgustda Logovshino qishlogʻida joylashib olgan fashist otryadini bir oʻzi pulemyoti bilan yoʻq qiladi.
Shu yilning yoz fasli oxirida safdoshi Nikolay Kayonov bilan ayollar kiyimini kiyib olgan holda Lyubanchi qishlogʻiga kirib olishib, u yerda joylashgan 15 nafar nemis askarini qirib tashlaydilar. Voronsevichi qishlogʻidagi jangda esa 8 nafar nemisni yoʻq qilishib, 3 nafar partizanni qutqarishadi. Ushbu jasorati uchun Topivoldiyev Qizil Yuldez ordeniga tavsiya qilinadi.
1943-yil sentyabrida Tolochin qishlogʻiga kelib oʻrnashgan Turkiston legioni bilan muzokaralar oʻtkazish orqali taslim boʻlishga koʻndiradi. Legiondan 27 (baʼzi manbalarda 17) kishi partizanlik harakatiga qoʻshiladi. 7-oktyabrda boʻlinmasi bilan Orexovka qishlogʻidagi fashistlarning fransuz garnizonini yoʻq qilgan.
1943-yil dekabr boshida Topivoldiyev boʻlinmasi bilan Tolochinsk tumani markazida joylashgan fashistlar garnizoniga hujum qilib, yuzlab asir tushgan sovet askarlarini ozod qilishadi. Askarlar orasida Oʻrta Osiyo vakillari ham boʻlishgan. Ular orasida keyinchalik tojikistonlik Karim Dadaboyev, qoraqalpogʻistonlik Abdulla Bektemirov, Beshariq tumanidan Berdiqul Rahimov, Asakadan Qurbon Haydarov, Rahmatjon Yoʻldoshevlar partizanlik harakatiga qoʻshiladilar.
1944-yil iyunida oxirgi partizanlik harakatida ishtirok etadi. Topivoldiyev Oliy bosh qoʻmondonlikka yana bir muhim maʼlumotni yetkazgan. Maʼlumotda Belorussiyani ozod qilishda aholini xavfsizligini taʼminlash, muhim obyektlarning joylashuvi, dushmanga qarshi qaysi yoʻnalishlarda zarba berishga oid koʻrsatmalar, partizanlar shtabida tayyorlangan maxfiy xaritalar boʻlgan. Natijada 1944-yil yozida Oliy bosh qoʻmondonlik qaroriga asosan Belorussiyai toʻliq ozod qilish boshlanadi va 1944-yil 3-iyul kuni Belorussiya toʻlaligicha ozod qilinadi.
Shundan keyin Mamadali Topivoldiyev 1944-yil 5-iyul kuni qoʻmondonlik topshirigʻiga koʻra, Orsha shahri harbiy komendaturasida maxsus lavozimda faoliyat yuritadi.
Mamadali Topivoldiyev urushda bir qancha harbiy yutuqlarga erishgan, jumladan, 19 ta eshelonni, guruhi bilan 14 ta eshelonni, shaxsan oʻzi esa 5 ta eshelon (shundan 4 tasini Prigan qishlogʻi hududida) portlatib yuborgan, qoʻl jangida 76 nafar nemis askarini yoʻq qilgan, bir nafar nemis generalini asirga olgan. Topivoldiyevning asosiy quroli pulemyot boʻlgan, qayd varaqasida 150 dan ortiq nemis askarlari, ofitserlarni qirib tashlagani, 180 nafarini asir olgani, 20 dan ortiq avtomashinani yoʻq qilgani keltirib oʻtilgan. Topivoldiyevning qoʻlga olinishi uchun Adolf Hitler tomonidan nemis askarlariga 50 ming (ayrim manbalarda 25 ming) reyxmarka pul mukofoti vaʼda qilingan.
„Kazbek“, „Tolik“ nomlarining kelib chiqishi Mamadali Topivoldiyev birinchi marotaba „Chekist“ partizanlik brigadasida boʻlganida, undan kimligini soʻrashganda Topivoldiyev „Oʻzbek“ deya javob bergan, ammo partizanlar uning talaffuziga tushunmasdan „Kazbek“ deb chaqirisha boshlaydilar. Tutingan onasi Anna Vasilyevna Topivoldiyevning ismini aytishga qiynalgani uchun uni „Tolik“, „Tolya“ deb atay boshlaydi. Harbiy jangovar operatsiyadan keyin Mamadali Topivoldiyev xanjari bilan devor va daraxtlarga „Kazbek“ ismi oʻyib tushirgan, shu orqali dushmanni qoʻrquvga solib turgan. Topivoldiyevni beloruslar, safdoshlari va nemislar „Osiyo arsloni“ (yoki „Osiyo yoʻlbarsi“), „Kazbek“, „Tolya Kazbek“, „Tolik Kazbek“, „Chekist“, „Kazbek Botir“ deb atashgan.
Urushdan keyingi faoliyati