Qoqshol () – bu asab tizimining shikastlanishi va skelet mushaklarining tonik tirishishi va umumiy talvasalar (sudorogi) bilan namoyon boʻladigan sapronoz bakterial oʻtkir yuqumli kasallik. Patogenning yuqishi kontakt mexanizm orqali sodir boʻladi.

Bemor boshqalar uchun yuqumlilik xavfini tugʻdirmaydi. Kasallik oʻchogʻida epidemiologik tadbirlar oʻtkazilmaydi; Kasallikdan keyin immunitet rivojlanmaydi; Qoqshol infektsiyasidan soʻng tuzalib ketish yangi kasallanishdan himoya qilmaydi; Kasallikning rivojlanishi uchun yetarli boʻlgan oz miqdordagi qoqshol toksinlari kerakli antitana titrlarini ishlab chiqarilishini taʼminlay olmaydi. Shuning uchun qoqsholning klinik shakllari boʻlgan barcha bemorlar tashxis qoʻyilgach yoki tiklanishdan keyin darhol qoqshol anatoksini bilan emlanishlari kerak.

Etiologiyasi Qoqshol qoʻzgʻatuvchisi gram-musbat qoqshol tayoqchasidir () – spora hosil qiluvchi anaerob sanaladi, yaʼni u kislorodsiz muhitda yashaydi. Bu uchlari dumaloq boʻlgan, uzunligi 4-8 mkm va eni 0,3-0,8 mkm, 20 tagacha uzun xivchinga ega boʻlgan harakatchan ingichka tayoqchadir.

Qoqshol qoʻzgʻatuvchisi ubikvitar (hamma joyda yashovchi) toifasiga kiradi, ammo ayni paytda shartli patogen mikroorganizm sanaladi. U odam va hayvonlar ichaklarining normal florasi tarkibiga kirib, u yerda xoʻjayin organizmga zarar yetkazmagan holda yashaydi va koʻpayadi.

Shu sababli qoqshol bakteriyalari bilan yuqori darajada ifloslanish qishloq xoʻjaliklari – inson va hayvon najasi bilan ifloslangan, namlik yetarli darajada boʻlgan bogʻlarda, sabzavot maydonlari, yaylovlar va boshqa joylarda uchraydi.

Bakteriyalar kislorod mavjud boʻlganda va 4 °C dan kam boʻlmagan haroratda spora hosil qiladi. Sporalar tashqi taʼsirlarga chidamli: 90 °C gacha haroratga 2 soat, qaynatilganda 1-3 soat, quruq holatda 150 °C gacha haroratga bardosh bera oladi, shoʻr dengiz suvida 6 oygacha yashaydi.

Kislorod mavjud boʻlmaganda, 37 °C harorat va yetarli namlik sharoitida sporslar beqaror vegetativ shaklga oʻtadi.

Qoʻzgʻatuvchi qoqshol ekzotoksini ishlab chiqarsfi, u bakterial zaharlardan biri boʻlib, kuchi boʻyicha botulinotoksindan keyingi oʻrinda turadi. Toksin isitish, quyosh nuri, ishqorli muhit taʼsirida parchalanib ketadi. Ichak shilliq qavati orqali soʻrilmaydi, shuning uchun yutilganda xavfsiz sanaladi.

Tarixi Jarohatlar va qoqshol rivojlanishi oʻrtasidagi bogʻliqlik Misr, Gretsiya, Hindiston va Xitoyning eng qadimgi sivilizatsiyasi shifokorlari tomonidan qayd etilgan. Birinchi marta ushbu kasallikning klinik koʻrinishi Gippokrat tomonidan tasvirlangan, uning oʻgʻli qoqsholdan vafot etgan. Ushbu kasallikni oʻrganish bilan Kapadokiyadan Galen, Sels, Aretey, Avitsenna, Ambroise Pare va boshqa antik va oʻrta asrlarning mashhur shifokorlari shugʻullangan.

Qoqsholni ilmiy oʻrganish XIX asrning ikkinchi yarmida boshlangan. Qoqsholning qoʻzgʻatuvchisi deyarli bir vaqtning oʻzida 1883 yilda rus jarrohi N. D. Monastyrskiy va 1884 yilda nemis olimi A. Nikolayer tomonidan topilgan. Mikroorganizmning sof madaniyati 1887 yilda yapon mikrobiologi S. Kitasato tomonidan ajratilgan, u 1890 yilda qoqshol toksinini olgan va nemis bakteriologi E. Bering bilan birgalikda tetanozga qarshi sarum yaratgan. 1923 yilda fransuz immunologi G. Ramon qoqshol anatoksinini oldi, u kasallikning oldini olish uchun ishlatila boshlandi.

Tarqalganligi thumb|330x330px|Qoqsholning qayd etilgan holatlari (1990-2004). Yuqori kasallanishdan (toʻq qizil) bir nechta holatlargacha (och sariq) (och kulrang = past kasallanish Qoqshol kasalligi dunyoning barcha mintaqalarida uchraydi, ammo ekvatorga yaqin hududlarda kasallanish darajasi va oʻlim foizi yuqoriroq boʻladi. Qoqshol kasalligi issiq va nam iqlimli boʻlgan mamlakatlarda, dezinfektsiyalash vositalari, profilaktik emlashlar va umuman tibbiy yordam boʻlmagan joylarda, yaʼni Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi qashshoq va rivojlanmagan mamlakatlarda keng tarqalgan. Biroq, rivojlangan mamlakatlarda ham u har yili minglab odamlarning umriga zomin boʻladi.

Fasllar almashinuvi sezilari boʻlmagan mintaqalarda (tropik va subtropiklarda) kasallik yil davomida kuzatiladi, moʻtadil iqlimi mamlakatlarda u mavsumiy xususiyatga ega (kechki bahor – erta kuz oraligʻida).

Kasallikning tarqalgani (har 100 000 aholi boshiga):

Rivojlanayotgan mamlakatlarda 10-50 ta holat; Majburiy immunizatsiya profilaktikasi boʻlgan mamlakatlarda 0,1-0,6 ta holat.

Qoqshol holatlarining 80 foizi yangi tugʻilgan chaqaloqlarga (kindik orqali infektsiya kirishi), shuningdek, jarohatlanishlar koʻp kuzatiladigan 15 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalarga toʻgʻri keladi. Kattalar orasida qoqshol kasalligining qariyb 60 foizi qariyalarda uchraydi. Kasallanish va oʻlim holatlarining eng koʻp foizi qishloq joylarda kuzatiladi.

Qoqsholda oʻlim darajasi juda yuqori (faqat quturish va oʻpka oʻlatida bundan yuqoriroqdir). Zamonaviy davolash usullari qoʻllanilganda bemorlarning 17-25% vafot etadi, hozirgi paytda bu koʻrsatkichni pnevmoniya, sepsis va bakterial toksin tufayli yurak-falaj kabi asoratlar rivojlanishi sababli kamaytirishning iloji yoq. Profilaktik emlashlar va malakali tibbiy yordam mavjud boʻlmagan hududlarda oʻlim darajasi qariyb 80% ni tashkil qiladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda oʻlim darajasi 95% ga yetadi.

2010-yilda dunyoda ushbu kasallik tufayli 61 000 ga yaqin oʻlim holati qayd etilgan. Ammo, qayd qilinmagan holatlar va kasallikning sezilarli ifodalanmagan shakllari (ayniqsa, yangi tugʻilgan chaqaloqlarda) ehtimolligini hisobga olgan holda, dunyoda qoqsholdan umumiy yoʻqotishlar soni yiliga 350-400 ming kishini tashkil qilishi mumkin.

Yuqish yoʻllari Qoʻzgʻatuvchi faqat tirik organizmning kisloroddan mahrum boʻlgan toʻqimalariga kirganda patogen xususiyatini namoyon qiladi. Ayniqsa sanchuvchi yoki chuqur choʻntaklarga ega jarohatlarda anaerobioz sharoiti hosil boʻlishi tufayli katta xavf tugʻdiradi.

Qoqshol qoʻzgʻatuvchisining tushish joyiga qarab jarohatdan, infeksiyadan, kuyishdan, elektrdan shikastlanishdan, sovqotishdan va operatsiyadan soʻng; bachadon va tugʻruq yoʻllari shilliq qavatidan boshlanishiga qarab, chaqaloqlar qoqsholi, tuqqandan soʻnggi qoqshol farqlanadi. Chala homilani tashlaganda ham ushbu kasallik paydo boʻlishi mumkin.

Taʼsir qilish mexanizmi Qoʻzgʻatuvchi qulay muhitga tushganda faol koʻpayishni va qoqshol toksinini ajratishni boshlaydi. Toksin periferik asab tizimining harakatlantiruvchi tolalari va qon oqimi orqali orqa, uzunchoq miyaga va miya poyasining retikulyar shakllanishiga kirib boradi.

Qoqshol toksini ikki turdagi modda saqlaydi:

Tetanospazmin asab tizimiga taʼsir qilib, koʻndalang-targʻil mushaklarning tonik tirishishlarini chaqiradi; Tetanogemolizin qondagi eritrositlarning gemoliziga olib keladi.

Mushaklarning rigidligi (tarangligi) shikastlangan oyoq-qoʻldan qarama-qarshi tomondagisiga, keyin gavda, boʻyin, boshga tarqaladi, soʻngra talvasalar paydo boʻladi. Nafas olish aʼzolari va yurak mushaklarining falajlanishi sodir boʻlishi mumkin.

Tasnifi Kasallikning tarqalish formalari quyidagilardir:

A. Umumiy (tarqalgan): 1. Birlamchi. 2. Pastga tushuvchi. 3. Yuqoriga koʻtariluvchi (tirishish jarohatdan yuqoriga tarqaladi). Trizm belgisi paydo boʻladi.

B. Mahalliy (cheklangan): 1. Qoʻl va oyoq. 2. Bosh (t. Cephaliens) miya nervlariga taʼsir qilib, mushaklarni shikastlantiradi. IX-XI juft nervlar shikastlansa tam bilish yoʻqoladi, ogʻir hollarda halqum mushaklari tirishib, tovush yoʻlini (asfikatsiya) qisadi. Baʼzida klinik manzarasi qutirishni eslatadi, shuning uchun bu kasallik „tetanus hydrophobieus“ ham deyiladi.

3. Tana qoqsholi (ichki organlar ham kiradi). 4. Cheklangan (qoʻl, tana va b.) Mahalliy qoqshol cheklangan mushaklar taʼsirida jarohat atrofida roʻyobga keladi, klinik manzarasi yengil boʻladi. Bu formasida tetanotoksin chala toʻplangan boiib, uning asosiy qismi orqa miyaning maʼlum segmentida joylashgan boʻladi. Shuning uchun tanada lokal

sindrom yuzaga keladi.

Klinik forma toʻrt bosqichda kechadi:

1.0’tkir (t. Vehemens).

2.Surunkali (t.lentus).

3. Klinik belgilari yorqin (t. Completus).

4.Klinik belgilari noaniq (t. Incompletus).

Shuningdek, yengil, oʻrtacha va ogʻir, yashin tezligidagi formalari ham farqlanadi

Klinik manzarasi link=https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/9/9a/Lock-jaw_2857.jpg/170px-Lock-jaw_2857.jpg|right|thumb|1-rasm. Qoqshol boʻlgan bemorda trismus va risus sardonicus (istehzoli kulish) Boshlanishida bosh ogʻrigʻi, charchoq, uyqusirash belgilari namoyon boʻlib, bemor terlaydi va jarohat atrofida ogʻriq paydo boʻladi. Tonik va klonik tirishishlar paydo boʻlishi asosiy belgilardan boʻlib, chaynash mushaklari charchab trizm yuzaga keltiradi. Bu esa ogʻizni ochishni qiyinlashtiradi. Mimik mushaklar tirishib, yuzda oʻziga xos „sardonik kulgi“ („risus sardoncus“) istehzoli kulish (1-rasm) paydo boʻladi. Tirishish oʻqtin-oʻqtin boʻlgani uchun bemorni charchatadi, yengil yelvizak, tovush ham yangi tirishish holatini keltirib chiqarishi mumkin. Agar tirishish halqum va nafas mushaklarida boʻlsa, asfiksiyaga olib keladi, yengil hollarda esa oʻpka ventilyatsiyasini buzib, zotiljamga sharoit yaratadi. Harorat 42 °C ga koʻtariladi, tomir urishi 120 dan oshishi mumkin. Yashin tezligidagi qoqshol 1-2 kunda oʻlimga olib kelishi mumkin. Qoqshol yaxshi kechganda belgilari asta-sekin kamayib bemor 14-60 kunda tuzaladi. Shuningdek, kasallikning kechki residiv formalari ham qayd qilingan.

Qoqshol alomatlari Umumiy (yalpi) qoqshol

Kasallikning 4 davri farqlanadi: inkubatsion, boshlangʻich, avj va tiklanish.

Inkubatsion davr Odatda 8 kunni tashkil etadi, baʼzida bir necha oygacha davom etishi mumkin. Jarayonning umumiy shaklga oʻtishida infektsiya oʻchogʻi markaziy asab tizimidan qancha uzoq joylashgan boʻlsa, inkubatsion davr shuncha uzoqqa choʻziladi.Chaqaloqlar qoqsholining inkubatsion davri oʻrtacha 5-14 kun, baʼzan bir necha soatdan 7 kungacha davom etadi.Kasallikka bosh ogʻrigʻi, asabiylashish, terlash va jarohat sohasidagi mushaklarning tortishib turishi hamrohlik qilishi mumkin. Bevosita kasallik boshlanishidan oldin titroq, uyqusizlik, esnash, yutinish paytida tomoq ogʻrigʻi, bel ogʻrigʻi, ishtahaning pasayishi qayd etiladi. Shuningdek inkubatsion davr hech bir klinik belgilarsiz kechishi ham mumkin.

Boshlangʻich davr 2 kungacha davom etadi. Eng dastlabki alomat – bu infektsiya kirish joyida tortuvchi ogʻriqlar paydo boʻlishi, bu vaqtgacha yaraning toʻliq tuzalib ketishi kuzatilishi ham mumkin. Deyarli bir vaqtning oʻzida yoki 1-2 kundan keyin trizm – ogʻizni ochishni qiyinlashtiradigan chaynov mushaklarining tirishib qolishi va talvasali qisqarish paydo boʻladi. Ogʻir holatlarda tishlar qattiq jipslashadi va ogʻizni ochib boʻlmaydi.

Kasallikning avj olish davri Oʻrtacha 8-12 kun, ogʻir holatlarda 2-3 haftagacha davom etadi. Uning davomiyligi shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilish, oʻz vaqtida davolashning boshlanishi, bemor kasallanishdan oldin vaktsina olinganligiga bogʻliq.

Chaynov mushaklarning tonik qisqarishi (trizm) va yuz mushaklarining spazmlari paydo boʻladi, natijada bemorda sardonik tabassum paydo boʻladi: qoshlar koʻtarilgan, ogʻiz burchaklari ikki tomonga choʻzilgan va pastga egilgan, yuz bir vaqtning oʻzida tabassum va yigʻi holatini ifodalaydi. Shundan soʻng orqa va oyoq-qoʻl mushaklari jalb qilingan holda klinik tasvir namoyon boʻla boshlaydi („opistotonus“).

Halqum mushaklarining spazmlari tufayli yutinishda qiyinchilik seziladi va ensa mushaklarining rigidligi (tortilishi) kuzatiladi. Rigidlik pastga qarab tarqaladi, boʻyin, orqa, qorin va oyoq-qoʻl mushaklarini qamrab oladi. Qorin, oyoq-qoʻllarning mushaklari taranglashib, taxta kabi qattiqlashib qoladi. Baʼzida kaft va oyoq panjasidan tashqari butun tananing rigidligi qayd qilinadi.