Martin Charles Scorsese (:1942-yil 17-noyabr, Nyu-York) — amerikalik kinorejissyor, prodyuser, ssenariynavis va aktyor. U „Yangi Gollivud“ davrining yetakchi namoyandalaridan biri hisoblanadi. Scorsese „Oscar“, toʻrtta BAFTA, uchta „Emmy“, „Grammy“ va uchta „Oltin globus“ mukofotlari sovrindoridir.

Martin Scorsesening 1970–1980-yillardagi filmlarida uning italyan-amerikalik kelib chiqishi va Nyu-Yorkda oʻtgan bolalik yillari yaqqol sezilib turadi. Bu kartinalarda jinoyatchilik dunyosi, tajovuzkor erkaklar muhiti, nigilizm hamda katolik diniga xos boʻlgan gunoh va undan poklanish mavzulari markaziy oʻrin tutadi. Sekinlashtirilgan tasvirlar, muzlatilgan kadrlar, kadr ortidagi ovozli hikoya, shafqatsiz zoʻravonlik sahnalari hamda Robert De Niro bilan ijodiy hamkorlik rejissyorning oʻziga xos uslubiga aylandi. Ushbu elementlar ilk bor uning „Shafqatsiz koʻchalar“ (1973) filmida namoyon boʻlgan edi. Ular Robert De Niro bilan birgalikda „Taksi Haydovchisi“ (1976), „Quturgan buqa“ (1980), „Yaxshi yigitlar“ (1990), „Kazino“ (1995) va „Irlandiyalik“ (2019) kabi kino durdonalarini yaratishdi. Keyingi yillarda esa rejissyor Leonardo DiCaprio bilan ijodiy hamkorlikda oltita toʻliq metrajli film tasvirga oldi, bular: „Nyu-York gangsterlari“ (2002), „Aviator“ (2004), „Murtadlar“ (2006), „Lanatlanganlar oroli“ (2010), „Wall Street boʻrisi“ (2013) va „Gul oyining qotillari“ (2023) filmlaridir. Aynan „Murtadlar“ kartinasi Scorsesega „Eng yaxshi rejissyor“ nominatsiyasida uzoq kutilgan „Oscar“ mukofotini keltirdi.

Scorsese televideniye va hujjatli kino yoʻnalishida ham faol ijod qilgan. U HBO telekanali buyurtmasiga koʻra „Yashirin imperiya“ (Boardwalk Empire) serialining ilk qismini suratga oldi. Shuningdek, rejissyor „Soʻnggi vals“ (1978), Bob Dylan hayotiga bagʻishlangan. „Ortga yoʻl yoʻq“ (No Direction Home, 2005) kabi musiqiy hujjatli filmlarni yaratdi. Scorsese dunyo kino merosini saqlash va qadimgi tasmalarni qayta tiklashning ashaddiy tarafdori hisoblanadi, shu maqsadda u 1990-yilda „The Film Foundation“ (Kino jamgʻarmasi) notijorat tashkilotiga asos solgan.

Biografiyasi

Bolaligi va taʼlimi

Martin Scorsese 1942-yil 17-noyabrda Nyu-Yorkning Queens okrugiga qarashli Flashing daxasida dunyoga kelgan va Manxettendagi „Kichik Italiya“ (Little Italy) mahallasida ulgʻaygan. Uning otasi Charlz kiyim dazmollovchi va aktyor, onasi Ketrin (qizlik familiyasi Kappa) esa tikuvchi hamda aktrisa boʻlgan, ularning ikkalasi ham shaharning tikuvchilik sanoati markazida faoliyat yuritgan. Scorsesening ota va ona tomondan boʻlgan bobo-buvilarining barchasi Sitsiliyadan koʻchib kelgan italyan muhojirlari edi. Oilaning asl familiyasi „Skotstseze“ (Scozzese) boʻlib, keyinchalik hujjatlardagi imlo xatosi tufayli oʻzgarib ketgan..

Scorsese dindor katoliklar muhitida voyaga yetdi. Bolaligida astma (boʻgʻma) kasalligidan aziyat chekkani sababli u tengdoshlari bilan birga sport musobaqalari va faol oʻyinlarda qatnasha olmas edi. Shu bois ota-onasi va akasi uni tez-tez kinoteatrlarga olib borishgan, boʻlajak rejissyorning kinoga boʻlgan cheksiz muhabbati aynan oʻsha yillarda shakllangan. Unga ayniqsa Michael Powell va Emeric Pressburger ijodiy hamkorligi, Italiya neorealizmi oqimi, shuningdek, John Ford hamda Alfred Hitchcock asarlari kuchli taʼsir koʻrsatdi. Keyinchalik Scorsese oʻzining rejissyorlik uslubiga Fransiya „Yangi toʻlqini“ (Nouvelle Vague), shuningdek, Ingmar Bergman, Federiko Fellini, Michelangelo Antonioni va Rey Satyajit kabi jahon kinosi ulkan namoyandalarining ijodi ham katta taʼsir koʻrsatganini bir necha bor taʼkidlagan.

Scorsese 1960-yilda Bronksdagi Kardinal Xeyz (Cardinal Hayes) oʻrta maktabini tamomladi. U dastlab ruhoniy boʻlishni orzu qilgan va tayyorlov seminariyasiga oʻqishga kirgan, biroq birinchi kursdan soʻng u yerdagi hayot oʻziga mos emasligini tushunib, seminariyani tark etgan. Shundan soʻng bor eʼtiborini kinoga qaratgan boʻlajak rejissyor Nyu-York universitetiga oʻqishga kirdi va 1964-yilda ingliz tili adabiyoti boʻyicha bakalavr darajasini oldi. 1968-yilda esa aynan shu universitetda magistrlik darajasini qoʻlga kiritdi. Talabalik yillarida u „Sizdek goʻzal qizning bu yerda nima ishi bor?“ (1963), „Faqat sen emassan, Merrey!“ (1964) hamda Vyetnam urushiga qarshi qaratilgan „Katta soqol olish“ (The Big Shave, 1967) qora hajviyasi kabi ilk qisqa metrajli filmlarini suratga oldi. Scorsese keyinchalik oʻz hayotiy va ijodiy yoʻlini topishida professori Xeyg Manukyan (Haig P. Manoogian) beqiyos rol oʻynaganini koʻp bor yodga olgan.

Shaxsiy hayoti

Scorsese hayoti davomida besh marta turmush qurgan. U 1965-yilda Larayn Mari Brennan bilan oila qurdi va ular 1971-yilgacha birga hayot kechirishdi. 1976-yilda u yozuvchi Julia Cameron bilan nikohdan oʻtdi. Ularning qizi Domenica Cameron-Scorsese otasining „Begunohlik davri“ filmida rol ijro etdi. Rejissyor 1979-yilda aktrisa Isabella Rossellini bilan turmush qurgan boʻlsada, bu nikoh ham tez orada ajralish bilan yakunlandi. Scorsese 1985–1991-yillarda prodyuser Barbara De Fina bilan turmush qurdi. 1989-yildan 1997-yilgacha esa aktrisa Illeana Douglas bilan munosabatda boʻldi. U 1999-yilda Xelen Morris bilan oila qurdi. Ularning qizi Francesca Scorsese ham aktrisa va rejissyor boʻlib, otasining „Aviator“, „Murtadlar“ (The Departed) hamda „Vaqt saqlovchisi“ (Hugo) filmlarida kichik rollarni ijro etgan.

Kino faoliyati

Dastlabki yillar (1967–1976)

Scorsesening ilk toʻliq metrajli badiiy filmi — 1967-yilda Harvey Keitel bosh rolni ijro etgan oq-qora formatdagi „Eshigimni kim taqillatyapti?“ (Whoʻs That Knocking at My Door) kartinasi boʻldi. Ushbu film rejissyor hamda taniqli montaj ustasi Thelma Schoonmaker oʻrtasidagi muvaffaqiyatli ijodiy hamkorlikka poydevor qoʻydi. Kartina 1967-yilgi Chikago xalqaro kinofestivalida namoyish etilgach, kinotanqidchi Roger Ebert uni Amerika kinosi tarixidagi muhim va unutilmas voqea deb baholadi. 1970-yillar boshida Scorsese mashhur „Vudstok“ (Woodstock) hujjatli filmida rejissyor yordamchisi va montaj ustalaridan biri boʻlib ishladi. Shu davrda u rejissyor John Cassavetes bilan tanishdi va John uning yaqin doʻsti hamda ustoziga aylandi. Oʻsha yillarda Scorsese Brian De Palma, Francis Ford Coppola, George Lucas va Steven Spielberg kabi „Kinochilar avlodi“ (Movie Brats) guruhiga mansub rejissyorlar bilan yaqin doʻstlik aloqalarini oʻrnatdi.

Rejissyorning kino olamidagi haqiqiy yutugʻi 1973-yilda ekran yuzini koʻrgan „Yomon koʻchalar“ (Mean Streets) filmi bilan keldi. Ushbu kartina Scorsese , Keytel va De Niro ijodida tub burilish nuqtasiga aylandi. Taniqli kinotanqidchi Pauline Kael ushbu asarni zamonaviy kinematografiyaning chinakamiga oʻziga xos va noyob durdonasi deb atadi.

1976–1990-yillar

Scorsese 1976-yilda oʻzining eng mashhur asarlaridan biri — „Taksi haydovchisi“ (Taxi Driver) filmini yaratdi. Unda Vyetnam urushi faxriysi Trevis Bikl (Robert De Niro) Nyu-Yorkning tungi koʻchalaridagi illatlarga qarshi oʻzicha adolat oʻrnatishga kirishadi. Taniqli ssenarist Paul Schrader bilan muvaffaqiyatli hamkorlik ham aynan shu filmdan boshlangan edi. „Taksi haydovchisi“ Cannes kinofestivalining bosh sovrini — „Oltin palma novdasi“ mukofotini qoʻlga kiritdi va toʻrtta yoʻnalishda, jumladan, „Eng yaxshi film“ nominatsiyasida „Oscar“ga nomzod etib koʻrsatildi. Biroq, rejissyorning keyingi suratga olgan „Nyu-York, Nyu-York“ (1977) musiqiy filmi tijoriy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mazkur omadsizlikdan soʻng Scorsese chuqur tushkunlikka tushib, giyohvandlik girdobiga gʻarq boʻldi. Shunga qaramay, u oʻzida kuch topib, „The Band“ guruhining vidolashuv konsertiga bagʻishlangan „Soʻnggi vals“ (The Last Waltz, 1978) nomli ajoyib musiqiy hujjatli filmni yaratishga muvaffaq boʻldi.

Rejissyorning oʻz xotiralariga koʻra, Robert De Niro uni shifoxonaga koʻrish uchun boradi va birgalikda „Gʻazabli buqa“ (Raging Bull) filmi ustida ishlashni taklif etgan va bu loyiha tom maʼnoda uning hayotini saqlab qolgan. Mashhur bokschi Jake LaMotta hayotiga bagʻishlangan va oq-qora formatda suratga olingan ushbu kartina (1980) Scorsese ijodining choʻqqisi va eng yaxshi asarlaridan biri sanaladi. Hatto „Sight & Sound“ jurnali uni 1980-yillarning eng yaxshi filmi deb eʼlon qilgan. Film sakkizta yoʻnalishda „Oscar“ mukofotiga nomzod boʻldi, Robert De Niro „Eng yaxshi aktyor“, Telma Shunmeyker esa „Eng yaxshi montaj“ yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Scorsesening oʻzi esa oʻz faoliyatida ilk bor „Eng yaxshi rejissyor“ nominatsiyasida "Oscar" mukofotini qoʻlga kiritdi.

1990–2000-yillar

Rejissyorning 1990-yilda ekran yuzini koʻrgan „Yaxshi yigitlar“ (Goodfellas) mafiya dramasi koʻplab tanqidchilar tomonidan Scorsesening „Gʻazabli buqa“dan keyingi eng mukammal asari sifatida eʼtirof etildi. Film „Oscar“ mukofotiga oltita nominatsiyada nomzod boʻldi va unda ajoyib rolni ijro etgan Joe Pesci „Ikkinchi darajali eng yaxshi erkak roli“ yoʻnalishida gʻolib chiqdi. Shundan soʻng rejissyor „Qoʻrquv tumshugʻi“ (Cape Fear, 1991) trillerini hamda XIX asr oxiridagi Nyu-York jamiyati hayotini aks ettiruvchi Edit Uorton romani asosidagi „Begunohlik asri“ (The Age of Innocence, 1993) dramasini taqdim etdi. Oxirgi kartina Scorsesening shaxsiy mualliflik loyihasi boʻlib, uning ssenariysi uchun rejissyor „Oscar“ mukofotiga nomzod etib koʻrsatildi va film „Eng yaxshi liboslar dizayni“ yoʻnalishida ushbu sovrinni qoʻlga kiritdi. Biroq film kassa tushumlari boʻyicha oʻzini oqlay olmadi.Rejissyorning keyingi kartinasi — „Kazino“ (Casino, 1995) uning ijodida yana mafiya mavzusiga qaytishini koʻrsatdi va katta tijoriy muvaffaqiyat qozondi. Shuningdek, 1995-yilda u Amerika kinosi tarixiga bagʻishlangan toʻrt soatlik „Martin Scorsese bilan Amerika kinosi boʻylab shaxsiy sayohat“ nomli hujjatli filmini taqdim etdi. Uning 1997-yilda suratga olingan „Kundun“ filmi Dalay Lamaning yoshlik yillari haqida hikoya qiladi.

2000-yillar va keyingi faoliyati

„Nyu-York gangsterlari“ (2002) Scorsese va Leonardo DiCaprio hamkorligini boshlab bergan va Scorsese uchun „Eng yaxshi rejissyor“ nominatsiyasidagi birinchi „Oltin globus“ mukofotini taqdim etgan. Aviator (2004) filmi esa Howard Hughes hayotiga bagʻishlangan boʻlib, 11 ta „Oscar“ nominatsiyasidan beshtasini qoʻlga kiritdi. 2006-yilda Gonkongning „Ichki ishlar“ (Infernal Affairs) filmi asosida suratga olingan „Murtadlar“ (The Departed) kinokartinasi tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi hamda „Eng yaxshi film“, „Eng yaxshi rejissyor“, „Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy“ va „Eng yaxshi montaj“ yoʻnalishlarida „Oscar“ mukofotlariga loyiq koʻrildi. Bu muvaffaqiyat Scorsese uchun „Eng yaxshi rejissyor“ nominatsiyasidagi ilk mukofoti boʻldi.

„Laʼnatlanganlar oroli“ (2010) uning eng yuqori daromad keltirgan filmlaridan biriga aylangan. 2010-yilda HBO telekanalining „Boardwalk Empire“ serialining birinchi qismini suratga olgan va rejissyorlik uchun „Emmy“ mukofotini olgan. „Gyugo“ (2011) uning birinchi 3D filmi boʻlib, 11 ta „Oscar“ nominatsiyasidan beshtasini yutgan va Scorsesega uchinchi „Oltin globus“ni keltirgan. „Wall Street boʻrisi“ (2013) moliyaviy firibgar Jordan Belfort haqida qora komediya boʻlib, beshta yoʻnalish boʻyicha „Oscar“ mukofotini olgan. „Sukunat“ (2016) Shūsaku Endōning romani asosida XVII asrda Yaponiyada Portugaliya ruhoniylari taqdiri haqida hikoya qiladi. „Irlandiyalik“ (2019) Netflix uchun suratga olingan boʻlib, „Oscar“ mukofotiga oʻnta nominatsiyada nomzod boʻlgan. „Gul oyining qotillari“ (2023) David Green kitobi asosida suratga olinib, Cannes kinofestivalidagi premyerasida tomoshabinlar tomonidan toʻqqiz daqiqa davomida qarsaklar bilan kutib olingan.

Filmografiya

Mukofot va nominatsiyalari

thumb|right|Hollywood Walk of Fameda Martin Scorsese yulduzi