Safina Erkinovna Saʼdullayeva (1998-yil 4-mart, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik yengil atletikachi, balandlikka sakrash boʻyicha bahslarda ishtirok etadi, Oʻzbekistonning xalqaro toifadagi sport ustasi. 2015-yilda 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2017-yilgi Yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida kumush medal sohibasiga aylangan. Yoshligi Sadullayeva Safina Erkinovna 1998-yil 4-mart kuni Sirdaryo viloyatida dunyoga kelgan. Faoliyati Safina Saʼdullayeva murabbiy Ruzaliya Shavkatovna Zyangurova qoʻl ostida yengil atletika bilan shugʻullana boshladi. 2015-yilda Doʻhada (Qatar) 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 1,71 m natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi.

2017-yilda Ashxobodda (Turkmaniston) yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida 1,83 m natija bilan ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, oʻsha yili Olmaotada (Qozogʻiston) Gusman Kosanov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnirda 1,85 m natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi.

2018-yildan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Alim Ochilovich Axmedjanov qoʻl ostida mashgʻulot oʻtkaza boshladi. Oʻsha yili Tehronda (Eron) yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida ishtirok etadi, ammo 1,75 m natija bilan atigi toʻrtinchi oʻrinni egallaydi.

2019-yilda Oʻskemenda (Qozogʻiston) Olga Ripakova sovrinlari uchun oʻtkazilgan xalqaro turnirda u shaxsiy rekordi 1,92 m bilan birinchi oʻrinni egalladi.

2021-yil 28-may kuni Toshkent shahrida yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston ochiq chempionatida Safina Saʼdullaeva balandlikka sakrashda 1,96 m natija bilan gʻolib boʻldi va Tokiodagi (Yaponiya) yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun litsenziyani qoʻlga kiritdi . 2021-yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Safina Saʼdullaevani „Shuhrat“ medali bilan taqdirladi.

XXXII Yozgi Olimpiya oʻyinlarining saralash bosqichida u 1,95 m balandlikni zabt etishga muvaffaq boʻldi va shu tariqa turnir finaliga chiqdi. Finalda ikkinchi urinishda 1,96 m natijani qayd etdi, biroq uchinchi urinishda 1,98 m balandlikni zabt eta olmadi va 6-oʻrinni egalladi.

2021-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Olimpiya harakatini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun „Kelajak bunyodkori“ medali bilan taqdirlangan.

Safina Saʼdullayeva 2022-yilda Belgradda oʻtkazilgan yopiq inshootlardagi jahon chempionatida 1, 92 m natija bilan oltinchi oʻrinni egalladi.

Oregondagi 2022-yilgi jahon chempionatida shaxsiy rekordini (196 sm) takrorlab, beshinchi oʻrinni egalladi. Saʼdullayeva barcha osiyolik balandlikka sakrovchi atletlar orasida eng yaxshi natijaga erishdi.

2022-yilda Fransiyada oʻtkazilgan „Meeting international dʻathlétisme de Montreuil“ turnirining balandlikka sakrash dasturida 1,86 metr natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi va kumush medalini qoʻlga kiritdi.

2022-yilda Chexiyaning Brno shahrida yengil atletika boʻyicha „Ročník Brněnské Laťky Olympie“ xalqaro musobaqasida1.91 m natija bilan uchinchi oʻrinni egalladi.

2022-yil Polshada “Brilliant liga”da oltin medalni qo'lga kiritib, mazkur nufuzdagi turnirda g'alaba qozongan ilk o'zbekistonlik atletga aylangan.

2022-yilda Vengriyaning Budapesht shahrida yengil atletika boʻyicha Gran-pri turnirida 1,98 metr balandlikni zabt etib, Ukraina vakilidan o'zib ketdi va oltin medalni qo'lga kiritdi.

2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari Safina Saʼdullayeva 2024-yilning 2-avgust kuni Parijdagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida V guruhida 1.95 metr natija qayd etib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Finalda uchinchi urinishda 1,95 m natijani qayd etdi, biroq uchinchi urinishda 1,98 m balandlikni zabt eta olmadi va 7-oʻrinni egalladi.

Unvon va mukofotlari „Shuhrat“ medali; "Kelajak bunyodkori" medali

Manbalar

Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Oʻzbekiston yengil atletikachilari Turkum:Oʻzbekistonlik Olimpiadada ishtirok etgan yengil atletkachilar Turkum:21-asrda Oʻzbekiston ayol sportchilari Turkum:Oʻzbekistonning Islom birdamlik oʻyinlarida oltin medali olgan sportchilari Turkum:Oʻzbekistonlik ayol balandlikka sakrovchi sportchilar Turkum:Yengil atletika boʻyicha Osiyo oʻyinlari chempionlari Turkum:Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston chempionlari Turkum:2020-yilgi yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi yengil atletikachilar Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi yengil atletikachilar