Xurshid Nabiyev (1985-yil 11-avgustda Oʻzbekistonda tugʻilgan) — oʻzbekistonlik dzyudochi, 90 kg vazn toifasida ishtirok etadi, Oʻzbekiston terma jamoasi a’zosi. 2008-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, dzyudo boʻyicha Osiyo chempionati sovrindori, Jahon Universiadasi gʻolibi, dzyudo boʻyicha Gran-pri va “Katta dubulgʻa” turniri gʻolibi.

Sport faoliyati U 2004-yilda dzyudo boʻyicha talabalar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida 73 kg vazn toifasida finalda italiyalik Franchesko Bryuyer ustidan gʻalaba qozonib, oltin medalni qoʻlga kiritadi. 2007-yilda Tailandning Bangkok shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Universiadada 90 kg vazn toifasida finalda fransiyalik dzyudochi Nikolas Brissonni yengib, oltin medalga sazovor boʻladi.

Xurshid Nabiyev 2008-yili Janubiy Koreyaning Chedju shahrida dzyudo boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 90 kg vazn toifasida yaponiyalik dzyudochi Xiroshi Izumiga imkoniyatni boy berib, qit’aning kumush medalini qoʻlga kiritadi. Pekinda (Xitoy) boʻlib oʻtayotgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida vazni 90 kg gacha boʻlgan birinchi davrada britaniyalik dzyudochi Uinston Gordonga qarshi tatamiga chiqdi va hech qanday muammosiz uni magʻlub etadi. Keyingi raundda Xurshid ozarbayjonlik Elxan Mammadovga imkoniyatni boy beradi.

Sportchimiz 2009-yili Bangkokda oʻtkazilgan jang san’atlari boʻyicha Osiyo oʻyinlarida 90 kg vazn toifasida bronza medalini oladi. 2010-yili Germaniyaning Dyusseldorf shahrida dzyudo boʻyicha Gran-pri musobaqasida ham kumush medalni qoʻlga kiritadi. U Yaponiyaning Tokio shahrida dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” musobaqasida bronza medalini, 2011-yili Chedjuda boʻlib oʻtgan dzyudo boʻyicha Jahon kubogida 90 kg vazn toifasida bronza medali, Olma-Ota bosqichida esa kumush medal sohibi boʻladi. Oʻsha yili Xurshid Parij shahrida boʻlib oʻtgan “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi turnirda bronza medalini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻladi.

Xurshid Nabiyev 2013-yilda Bangkok shahrida oʻtkazilgan dzyudo boʻyicha Osiyo chempionatida 90 kg vazn toifasida bronza medalini olgan boʻlsa , Qozogʻistonning Olmaota shahrida oʻtkazilgan dzyudo boʻyicha Gran-pri turnirida u finalda qozogʻistonlik sportchi Islom Bozbayevga yutqazib, kumush medalga sazovor boʻladi.

Manbalar

Turkum:2008-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi dzyudochilar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Oʻzbekistonlik erkak dzyudochilar