Mulla Toʻychi Toshmuhamedov nomidagi Toshkent gramplastinka zavodi — 1945-yil 6-oktabrda Toshkent shahri, Gramplastinka koʻchasi, 58-uyda tashkil etilgan zavod. Zavod 1941-yilda evakuatsiya qilingan Noginsk zavodining jihozlari asosida barpo etilgan. Ishga tushirish ishlarida Toshkentda faoliyatini davom ettirish uchun taklif etilgan Aprelevka va Noginsk zavodlarining sobiq ishchilari qatnashganlar. Birinchi gramplastinkalar Aprelevka zavodidan olingan tayyor mahsulotlardan qilingan.

1946-yilda gramplastinkalarni ishlab chiqarish uchun oʻzini-oʻzi taʼminlovchi mahsulotlarga moʻljallangan joʻvali tegirmon va galvanizatsiya (elektroqoplash) ustaxonalarni ishga tushirish rejalashtirilgandi.

1948-yilgacha zavod Moskvadan tayyor yorliq blankalari va gramplastinka muqovalarini olgan. Chiqarilgan gramplastinkalarning koʻpchiligini Oʻrta Osiyo xalqlarining milliy qoʻshiqlari va musiqalari tashkil qilgan.

1957-yil avgust oyida zavod Toshkent xalq xoʻjaligi kengashi (Toshkent sovnarxoz) tasarrufiga oʻtkazildi. Xuddi shu yili zavod uzoq vaqt davomida oʻynaydigan gramplastinkalarni ishlab chiqarishni boshladi.

1960-yildan boshlab xoʻjalik kengashlari tizimida markazlashtirish jarayoni boshlandi: xalq xoʻjaligi kengashlarining xoʻjalik faoliyatini muvofiqlashtirish uchun ittifoq respublikalaridagi bir necha iqtisodiy maʼmuriy hududlar asosida respublika xoʻjalik kengashlari tuzildi.

1961-yildan boshlab Toshkent gramplastinka zavodining yorliqlarida „O‘zbekiston xo‘jalik kengashi“ yozuvi va „Doʻstlik“ nomi paydo boʻldi.

Iqtisodiy zonalarning kengayishi munosabati tufayli 1963-yil fevralda SSSR Oliy Sovetining farmoni bilan Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston SSR iqtisodiy maʼmuriy hududlari negizida Oʻrta Osiyo iqtisodiy hududi tashkil etildi. Zavod uning tarkibiga oʻtkazildi va endi yorliqlarda Oʻrta Osiyo xalq xoʻjaligi kengashi (Sredazsovnarxoz) yozuvi qoʻyila boshlandi.

1964-yil iyul oyidan Toshkent gramplastinka zavodi butunittifoq „Melodiya“ ovoz yozish firmasi tarkibiga oʻtkazildi.

1969-yilda zavodga Turkistonda ovoz yozish sanʼatining mohir ustasi boʻlgan xonanda Mulla Toʻychi Toshmuhamedov (Toʻychi hofiz) nomi beriladi.

1972-yilda zavod stereofonli gramplastinkalarni ishlab chiqarishni boshlaydi. 1981-yilga kelib zavodda 10 ta ustaxona va 9 ta boʻlim faoliyat yuritgan. Zavodda 539 nafar sotsialistik mehnat zarbdorlari (ishchilari), 15 ta kommunistik mehnat birlashmasi ishlagan. Zavodning 12 nafar xodimlari hukumat mukofotlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, zavodda bolalar bogʻchasi va dam olish maskani ham mavjud edi.

1991-yilda zavod soʻnggi yirik gramplastinkalar turkumini chiqardi. 1995-yil mart oyida zavod „Sharq taronasi“ uyushmasi tarkibiga oʻtkazildi. Zavodning ishlab chiqargan asosiy mahsulotlari gramplastinkalar va gramplastinka muqovalari edi. Gramplastinkalar „Melodiya“ matritsalarida chiqarilgan, asosan, bolalar ertaklari edi. Ammo tez orada bu ishlab chiqarish ham yopiladi. Zavod oʻz faoliyatini 1995-yilda toʻxtatadi.

Galereya

Manbalar

Turkum:Musiqa Turkum:Toshkent Turkum:Oʻzbekiston tarixi