TBC Bank — Oʻzbekistondagi aksiyadorlik tijorat banki. Gruziyaning TBC Bank Group PLC kompaniyasi shuʼba bankidir. Oʻzbekistondagi birinchi raqamli bank.
Bank 2020-yil aprel oyida Markaziy bank litsenziyasini oldi va 2020-yil oktyabr oyida TBC Groupga tegishli boʻlgan va mobil ilova orqali chakana bank xizmatlarini taklif qiluvchi Space innovatsion fintech platformasi asosida tijorat faoliyatini boshladi. 2022-yilning iyul oyigacha bankning TBC UZ ilovasini 2,4 milliondan ortiq kishi yuklab olgan. Ayni paytda bank O‘zbekistonning to‘qqiz shahridagi o‘nta yangi avlod shou-rumlari va respublika bo‘ylab 33 ta „mijozlarni faollashtirish punktlari“ orqali o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Tarixi Bankning muassisi Gruziyaning TBC Bank Group PLC kompaniyasiga kiruvchi TBC Bankdir. Gruziyaning TBC Banki Oʻzbekiston moliya bozoriga oʻzining raqamli banki bilan kirishni rejalashtirayotgani 2019-yilning yanvar oyida maʼlum boʻldi. Oʻsha yilning aprel oyida bank Payme toʻlov xizmatining 51% aksiyalarini 5,5 million dollarga sotib oldi. TBC Bank Oʻzbekistonda faoliyatini 2020-yil oktyabr oyida boshladi. Va Oʻzbekistondagi birinchi raqamli bankka aylandi. Oʻsha yili yana bir raqamli bank — Anorbank ham tashkil qilindi.
2021-yilning sentyabr oyida Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tashkilotlarinig har biri bankning 20% dan aksiyasini 9,4 million dollarga sotib olgani maʼlum boʻldi. Kelishuvga koʻra tashkilotlar 2022-2024-yillarda qoʻshimcha investitsiya kiritishi koʻzda tutilgan.
2022-yilning avgust oyida bank oʻz aksiyadorlaridan umumiy 35,1 million dollar miqdorida qoʻshimcha investitsiya olgani maʼlum boʻldi. Summaning asosiy qismi — 21,1 million dollarni Gruziyaning TBC Bank Group kompaniyasi, qolgan qismni esa Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tashkilotlarining har biri 7 million dollardan taqdim qilishdi.
TBC Bank raqamli bank boʻlgani uchun xizmatlarini asosan mobil ilova orqali taqdim qiladi. Hozir ilova orqali quyidagi xizmatlardan foydalanish mumkin: onlayn-mikroqarzlar, omonatlar, bank kartalarini ochish, toʻlovlar va kartadan-kartaga pul oʻtkazmalari.
Aksiyadorlari 2022-yil sentyabr holatiga bank aksiyalari uchta tashkilotga tegishli. Bular: TBC Bank Group PLC (60 %), Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (20 %) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (20 %).
Mukofotlari Global Economics tomonidan bankka „2021-yilda Oʻzbekistonning eng yaxshi raqamli banki“ unvoni taqdim qilingan.
Rasmiy ilovasi Bankning rasmiy ilovasi — TBC UZ, Android va IOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqarilgan.
Manbalar
Turkum:2020-yilda tashkil topgan kompaniyalar Turkum:Raqamli banklar