Andrey Tarkovski (; 1932-yil 4-aprel, Zavrajye — 1986-yil 29-dekabr) — sovet kinorejissyori va ssenariynavisi. Filmlari maʼnaviy va metafizik mavzularni yoritadi, sekin sur’at va uzun kadrlar, tushga oʻxshash tasvirlar, tabiat va xotira bilan bogʻliq obrazlar ularning asosiy xususiyatidir.

Tarkovski Gerasimov nomidagi kinematografiya institutida (VGIK) rejissyor Mixail Romm qoʻl ostida oʻqigan va SSSRda dastlabki beshta toʻliq metrajli filmini — „Ivanning bolaligi“ (1962), „Andrey Rublyov“ (1966), „Solyaris“ (1972), „Koʻzgu“ (1975) va „Stalker“ (1979) filmlarini suratga olgan. Davlat kino organlari bilan koʻp yillar davom etgan ijodiy ziddiyatlardan keyin chet elda ishlay boshlagan va oxirgi ikki filmini — „Nostalgiya“ (1983) va „Qurbonlik“ (1986)ni — chet elda yaratgan. 1986-yilda kino va sanʼat haqidagi „Muhrlangan vaqt“ (Sculpting in Time) kitobini nashr ettirgan.

Cannes kinofestivalida Tarkovski FIPRESCI (Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi) mukofoti, butunjahon hakamlar hay’ati mukofoti va hakamlar hayʼatining Gran-prisiga sazovor boʻlgan, debyut filmi uchun Venetsiya kinofestivalining „Oltin sher“, „Qurbonlik“ uchun esa BAFTA mukofotini olgan. 1990-yilda vafotidan keyin SSSRning nufuzli Lenin mukofoti bilan taqdirlangan. Uning „Andrey Rublyov“, „Koʻzgu“ va „Stalker“ filmlari „Sight & Sound“ jurnalining 2012-yilgi barcha davrlarning eng yaxshi 100 filmi soʻrovnomasiga kirgan.

Biografiyasi

Tarkovski 1932-yil 4-aprelda Moskvadan taxminan 500 km sharqda joylashgan Yuryevets shahri yaqinidagi Zavrajye qishlogʻida tugʻilgan. Otasi — shoir va tarjimon Arseniy Aleksandrovich Tarkovski, onasi — Mariya Ivanovna, ikkalasi ham Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan edi. Tarkovski tugʻilishidan sal oldin ota-onasi qishloqqa koʻchib kelgan, chunki Mariyaning shifokor otasi shu yerda yashar edi. 1934-yilda singlisi Marina dunyoga kelgan.

1937-yilda otasi oilani tashlab ketgan boʻlsada, onasi boshqa turmush qurmay, oʻzini butunlay farzandlari va ishiga bagʻishladi. 1941-yilda Germaniyaning SSSRga bostirib kirishidan soʻng oila Yuryevetsga evakuatsiya qilingan va bu shahar uning bolalik yillari makoniga aylangan. Keyinchalik oila Moskvaga qaytgan, onasi bosmaxonada korrektor (musahhih) boʻlib ishlagan. Tarkovskiy musiqa (fortepiano) va tasviriy sanʼat maktablarida ham tahsil olgan. 1947-yilning noyabridan 1948-yilning bahorigacha sil kasalligiga chalinib, shifoxonada yotgan. Uning bolaligiga xos boʻlgan ushbu mavzular — evakuatsiya, ikki farzandini yolgʻiz tarbiyalagan ona, oiladan uzoqlashgan ota va shifoxonada oʻtgan yillar — keyinchalik rejissyorning „Koʻzgu“ (Zerkalo) filmida markaziy oʻrinni egallaydi.

1951–1952-yillarda Moskvadagi Sharqshunoslik institutida arab tilini oʻrgangan, ammo oʻqishni tashlab, u bir yil davomida SSSR Fanlar akademiyasi Rangli metallar va oltin institutining geologik ekspeditsiyasida faoliyat yuritgan. Krasnoyarsk oʻlkasidagi Kureyka daryosi hududida kechgan ushbu ekspeditsiya paytida, Tayga qoʻynida u kino sohasida oʻqishga qaror qilgan. 1954-yilda VGIKga rejissyorlik fakultetiga qabul qilingan, kursdoshi Irma Raush (Irina Tarkovskaya)ga 1957-yil aprelida uylangan.

1956-yilda Ernest Hemingway hikoyasi asosida qisqa filmi „Qotillar“ni, 1959-yilda esa televizion „Bugun taʼtil boʻlmaydi“ filmini suratga olgan. Andrey Konchalovskiy bilan birga yozilgan „Yo‘l tekislaydigan mashina va skripka“ ssenariysi „Mosfilm“ kinostudiyasiga sotiladi va Tarkovskiyning 1960-yildagi diplom (bitiruv) ishiga aylanadi. Ushbu qisqa metrajli film 1961-yilda Nyu-Yorkda oʻtkazilgan talabalar kinofestivalida bosh mukofotni qoʻlga kiritadi

1970-yilning iyun oyida u Irina bilan ajrashadi va shu yili „Andrey Rublyov“ filmida rejissyor assistenti boʻlib ishlagan Larisa Kizilovaga (qizlik familiyasi Yegorkina) uylanadi.

1985-yil oxirida Tarkovskiga oʻpka saratoni tashxisi qoʻyilgan. 1986-yilning yanvaridan boshlab u Parijda davolana boshlaydi. Shu yerda uning yoniga Sovet hukumati nihoyat mamlakatdan chiqishiga ruxsat bergan oʻgʻli — kichik Andrey keladi. U 1986-yil 29-dekabrda Parij yaqinidagi Neuilly-sur-Seine shahrida 54 yoshida vafot etgan.

Kino faoliyati

Tarkovskining birinchi toʻliq metrajli filmi „Ivanning bolaligi“ (1962) rejissyor Eduard Abalov loyihani tark etganidan keyin unga topshirilgan. Film unga xalqaro shuhrat keltirgan va 1962-yilda Venetsiya kinofestivalining „Oltin sher“ mukofotini olgan. 1965-yilda u XV asrda yashab oʻtgan rus ikona rassomi hayotiga bagʻishlangan „Andrey Rublyov“ filmini suratga olishni boshlaydi. Sovet hokimiyati bilan kelishmovchiliklar tufayli film 1966-yilda Moskvada bir marta koʻrsatilgandan soʻng chiqarilmagan, Tarkovski uni bir necha marta qisqartirishga majbur boʻlgan va film SSSRda qisqartirilgan nusxada faqat 1971-yilda keng namoyish etilgan. Uning bir nusxasi 1969-yilda Cannes kinofestivalida koʻrsatilib, FIPRESCI mukofotini olgan.

1972-yilda Stanislav Lemning ilmiy-fantastik romani asosida „Solyaris“ni (ssenariy hammuallifi — Fridrix Gorenshteyn) yakunlagan, film Cannes kinofestivalida hakamlar hayʼatining Grand-prisini olgan va „Oltin palma novdasi“ga nomzod boʻlgan. 1973–1974-yillarda u oʻzining bolalik xotiralariga asoslangan hamda otasining sheʼrlaridan foydalanilgan, noanʼanaviy tuzilishga ega boʻlgan „Koʻzgu“ avtobiografik filmini suratga oladi. Sovet hukumati filmni oʻzining murakkab mazmuni va oddiy xalq uchun emas, faqat yuqori tabaqa yoki tor doiradagi ziyolilar uchun degan sabab bilan qabul qilmaydi. Uni eng past — „uchinchi toifa“ga kiritib, faqat chekka hududlardagi kichik kinoteatrlar hamda ishchilar klublarida namoyish etilishiga ruxsat beradi. Rejissyorning soʻnggi sovet filmi — „Stalker“ (1979) aka-uka Arkadiy va Boris Strugatskiylarning „Yoʻl chetidagi piknik“ romani asosida suratga olingan. Filmni yaratish jarayoni juda ogʻir kechadi, tasvirga olingan plyonkaga notoʻgʻri kimyoviy ishlov berilishi oqibatida ochiq havodagi barcha tasvirlar yaroqsiz holga keladi. Bu muammolar sababli Tarkovskiyning operator Georgiy Rerberg bilan munosabatlari yomonlashadi va uning oʻrniga Aleksandr Knyazhinskiy taklif etiladi. Doimiy stresslar oqibatida 1978-yilning aprel oyida Tarkovskiy yurak xurujini (infarkt) boshdan kechiradi. Ushbu film Cannes kinofestivalida Ekumenik hakamlar hayʼati mukofotiga sazovor boʻladi.

1979-yilning yozida Tarkovskiy Italiyaga yoʻl oladi va oʻzining koʻp yillik doʻsti Tonino Guerra bilan birgalikda „Vaqt boʻylab sayohat“ (Tempo di viaggio) hujjatli filmini suratga oladi. 1980-yilda u Italiyaga qayta tashrif buyuradi va ular „Nostalgiya“ filmi ssenariysini hamkorlikda yakunlaydi. 1982-yilda suratga olish boshlanganda Mosfilm loyihadan voz kechgan, shuning uchun Tarkovski Italiya RAI kompaniyasidan moliyaviy yordam olgan. Film 1983-yilda Cannes kinofestivalida FIPRESCI va Ekumenik hakamlar hayʼati mukofotlariga, shuningdek, Robert Bresson bilan birgalikda maxsus „Grand Prix du cinéma de création“ (Ijodiy kino bosh sovrini) mukofotiga sazovor boʻladi. Sovet rasmiylarining filmga „Oltin palma novdasi“ berilishiga faol toʻsqinlik qilishi Tarkovskiyning SSSRga boshqa qaytmaslik va u yerda ishlamaslik haqidagi qarorini yanada mustahkamlaydi. Keyin u Londondagi Qirollik operasi teatrida Claudio Abbado musiqiy rahbarligida „Boris Godunov“ operasini sahnalashtirgan.

1984-yil 10-iyulda Milanda matbuot anjumanida Tarkovski SSSRga qaytmasligini, Gʻarbiy Yevropada qolishini eʼlon qilgan va oʻzini sovet dissidenti (muxolifatchi) deb hisoblamasligini, biroq vataniga qaytgan taqdirda ijodiy erkinlikdan mahrum boʻlishi va ishsiz qolishini taʼkidlaydi. 1985-yil 28-avgustda Italiyaning Latina shahridagi qochoqlar lagerida sovet qochoqi sifatida roʻyxatga olingan. Oxirgi filmi „Qurbonlik“ni 1985-yilda Shvetsiyada, Ingmar Bergmanning koʻplab hamkorlari — jumladan operator Sven Nykvist ishtirokida suratga olgan. Film apokalipsis (dunyoning halokati), yaqinlashayotgan oʻlim, iymon va insoniyatning ehtimoliy najoti haqida bahs yuritadi. Film 1986-yilgi Cannes kinofestivalida hakamlar hayʼatining Grand-prisi, FIPRESCI va Ekumenik hakamlar hayʼati mukofotlarini olgan. Tarkovskiy ogʻir xastalik tufayli marosimga kela olmagani va festival mukofotlarini uning oʻgʻli — kichik Andrey qabul qilib oladi.

Tarkovskiy kinoni „vaqt haykaltaroshligi“ deb atagan oʻzining shaxsiy kino nazariyasini ishlab chiqadi. Unga koʻra, kinoning oʻziga xos noyob xususiyati — insonning vaqt tuygʻusini aks ettirish va uni tasvirlarda muhrlashdir. Montajsiz, yaxlit kadrlar vaqtni real vaqt rejimida qayd etadi. Shu bois rejissyor uzoq davom etuvchi (uzun) kadrlardan keng foydalangan hamda bu orqali tomoshabinga vaqtning oʻtishi, yoʻqotilishi va bir lahzaning boshqasi bilan uzviy bogʻliqligini his ettirishga intilgan.

Filmografiyasi

Badiiy filmlari

Yil Film nomi Asl nomi Izoh 1962 „Ivanning bolaligi“ Иваново детство Venetsiya kinofestivalida „Oltin sher“ 1966 „Andrey Rublyov“ Андрей Рублёв Cannes kinofestivalida FIPRESCI mukofoti (1969) 1972 „Solyaris“ Солярис Cannes kinofestivalida hakamlar hayʼatining Grand-prisi 1975 „Koʻzgu“ Зеркало 1979 „Stalker“ Сталкер Cannes kinofestivalida Ekumenik hakamlar hayʼati mukofoti 1983 „Nostalgiya“ Ностальгия Italiyada, Cannes kinofestivalida FIPRESCI va Ekumenik hakamlar hayʼati mukofotlari 1986 „Qurbonlik“ Жертвоприношение Shvetsiyada, Cannes kinofestivalida Grand-pri, FIPRESCI va Ekumenik hakamlar hayʼati mukofotlari, BAFTA

Qisqa metrajli va hujjatli filmlari

Yil Film nomi Asl nomi Izoh 1956 „Qotillar“ Убийцы Talabalik qisqa filmi, Ernest Hemingway hikoyasi asosida 1959 „Bugun taʼtil boʻlmaydi“ Сегодня увольнения не будет… Televizion film 1960 „Yo‘l tekislaydigan mashina va skripka“ Каток и скрипка Diplom (bitiruv) ishi, Nyu-Yorkdagi talabalar kinofestivalida 1-mukofot 1983 „Vaqtdagi sayohat“ Tempo di viaggio Hujjatli film, Tonino Guerra bilan hammuallifda

Manbalar

Turkum:4-aprelda tugʻilganlar

Turkum:1932-yilda tugʻilganlar

Turkum:1986-yilda vafot etganlar

Turkum:Sovet kinorejissyorlari