Geografik determenizm – O‘zbekiston joylashgan hudud turli xil mezonlarga ko‘ra, ulkan geosiyosiy ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston dunyoning strategik ahamiyatga molik bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasining qoq markazida joylashgan. Bu geografik jihatdan bevosita Makkinder tomonidan ishlab chiqilgan “Heartland” nazariyasini ayni ko‘rishidir. 1904 yilda ingliz olimi H.Makkinder “Tarixning geografik o‘qi” nomli maʼruzasini “Geografiya juranali”da chop etdi va bu fan tarixidagi eng yorqin geosiyosiy matnga aylandi. H.Makkinder davlat uchun eng qulay geografik joylashuv bu uning markazidir, deb hisoblaydi. Uning qayd etishicha, butun jahon nuqtai nazaridan, erning markazida Yevroosiyo qit’asi, uning markazida esa “Heartland” (Yerning yuragi) joylashgan. Shundan kelib chiqib, H.Makkinder quyidagi konsepsiyasini ilgari surdi: “Kim Sharqiy Yevropada hukmronlik qilsa, u “Heartland” ustidan hukmronlik qiladi, kim “Heartland” ustidan hukmronlik qilsa, dunyo orollarini boshqaradi, dunyo orollarini boshqargan, butun dunyoni boshqaradi”. Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti (Foreign Policy Research Institute) eksperti Kriss Sipl o‘z maqolasida Makkinderning nazariy formulasiga tayangan holda O‘zbekistonni Evroosiyoning geosiyosiy xartlendi deb nomlaydi va Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatida O‘zbekiston amaliy geosiyosati bilan alohida ajralib turishini tahlil etadi. Kriss Siplning asosiy eʼtibori O‘zbekistonning 2001 yil sentyabr voqealaridan so‘ng AQSH va Yevropa bilan bog‘langan hamkorligiga qaratiladi. Uning fikriga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning xartlenddagi strategik ahamiyatini 2001 yildan so‘nggina anglab etdi. Yuqoridagi qarashlarni to‘ldirib, tadqiqotchi O.Sirojov quyidagicha yozadi: “Ma’lumki, geosiyosatdagi mavjud xartlend nazariyasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo yer yuzi, mintaqalarning geosiyosiy yadrosi yoki markazi hisoblanadi. Markaziy Osiyoning xartlendi, geosiyosiy yadrosi esa O‘zbekistondir. SHu nuqtai nazardan, mamlakat poytaxti Toshkentga “Sharq darvozasi” deb taʼrif berishadi”. Ushbu fiklarga muvofiq eng muhim dalil shuki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi bilan umumiy chegaraga ega mintaqada yagona davlatdir. Aniqroq qilib aytganda, O‘zbekiston tashqi siyosiy qarorlari o‘z-o‘zidan mintaqaning geosiyosiy yo‘nalishlarini belgilashga taʼsir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Bu O‘zbekistonning mintaqadagi geosiyosiy o‘rnini etakchi kuch markazlari tomonidan jiddiy eʼtiborga olishni talab etadi. Ekspert V.Paramonov Markaziy Osiyoga tashqi kuchlarning taʼsirini baholar ekan, mintaqaviy va jahon darajasidagi davlatlar ushbu mintaqaga geosiyosiy regionalizm yondashuvi asosida hamda Evroosiyo kuch markazlari o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy manfaatlar tutashgan yagona geosiyosiy makon sifatida qarashlarini qayd etadi. Bundan tashqari, ushbu geosiyosiy makonda faqat O‘zbekiston shunday kuch markazlarining bevosita taʼsiridan tabiiy muhofazalangan mintaqadagi yagona davlat hamdir. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston mintaqada Rossiya, Xitoy, Eron singari kuch markazlari bilan bevosita chegaraga ega emas. Bunday geosiyosiy maqom parallel ravishda O‘zbekiston zimmasiga mintaqada kuchlar muvozanati va o‘zaro ichki barqarorlikni taʼminlash masʼuliyatini ham yuklaydi. O‘zbekiston jahonning to‘rtta yadroviy davlati (Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston) qurshovida bo‘lgan yagona mintaqaning markaziy qismi hisoblanadi. Rasmiy Toshkent yadroviy omilning mintaqaga harbiy-siyosiy taʼsir va bosim o‘tkazish vositasiga aylanish ehtimoli mavjudligini anglagan holda “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi” shartnomasi (Semipalatinsk, 2006 yil 8 sentyabr) tashabbuskoriga aylandi. Mazkur shartnoma nafaqat mintaqaviy, balki XXI asr xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etishdagi dastlabki qadam bo‘ldi, deb taʼkidlashga barcha asoslar bor. 2014 yil 6 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida mazkur tashkilot tuzilganidan buyon birinchi marotaba besh yadroviy davlat - AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya yakdillik bilan va bir paytning o‘zida muhim xalqaro hujjatni - Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaga Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokolni imzolashdi. Geografik determenizm omilini bayon etishda O‘zbekistonning strategik yo‘laklarga olib chiquvchi tranzit chorrahasida joylashganini ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz Yevropani Osiyo, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Uzoq SHarqni YAqin SHarq bilan bog‘lash mumkin bo‘lgan transport-kommunikatsiya yo‘laklarining muhim halqasidir. O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov ayni shunday geostrategik joylashuvning tahlikali jihatlari ham mavjudligini shunday izohlaydi: “O‘zbekiston amalda Fors ko‘rfazi, Kaspiy dengizi havzasi va Tarim havzasining neft va gazga juda boy konlari joylashgan yarim halqaning strategik markazidir. YA’ni, bu yarim halqa atrofida butun dunyoda energiya taqchilligi sharoitida yaqin yillarda Evroosiyo va jahon kelajagi uchun hal qiluvchi rol o‘ynaydigan energiya zaxiralari mavjud”. SHu maʼnoda, O‘zbekiston jo‘g‘rofiy-siyosiy holati mintaqalararo transport-tranzit tizimlarida o‘z o‘rnini topa olishi zarurligini anglatadi. Har tomonlama yopiq bo‘lganiga qaramay, O‘zbekistonning xalqaro Sharq-G‘arb, SHimol-Janub transport yo‘llaridagi geografik joylashuvi unga xalqaro transport tarmog‘ining zaruriy qismi bo‘lishida katta imkoniyatni taqdim etadi. Shu boisdan tarixda Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston joylashgan hududlardan o‘tgan. Zamonaviy ipak yo‘lini tiklashga qaratilgan Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” (One Belt, One Road) loyihasi istiqbollari ham shak-shubhasiz, O‘zbekistonning mintaqalararo transport-tranzit chorrahasi sifatidagi rolini eʼtirof etilishiga uzviy bog‘liq.

Demografik ustunlik Geosiyosat kategoriyalari orasida demografik omilni o‘rni ham yuqori afzalliklarni o‘zida mujassam etadi. Demografik omilning o‘ziga xos jihati shundaki, u geosiyosatning barcha elementlariga taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, aholi sonining yuqori ekanligi ishchi kuchi qatlami va mamlakat iqtisodiyotining tayanch negizi hisoblanadi. Ikkinchidan, nufus omili davlatga geografik makonning chegara tanlamas imkoniyatini beradi. Uchinchidan, demografik salohiyat bu harbiy salohiyatni yuksaltirish manbaidir. Demografik jarayonlar geosiyosatning anʼanaviy va o‘zgarmas taʼsir vositasi ekanligi haqida F.Ratselning nazariy qarashlari hamon dolzarb xususiyatga ega. Uning fikricha, demografik omil geosiyosatning xarakteri va yo‘nalishini belgilaydi. Kam sonli aholi rivojlanishning pasayishiga, davlatni osonlik bilan bosib olishga olib keladi. Va aksincha, aholining ko‘p sonli bo‘lishi o‘z hayotiy makonlarini kengaytirish uchun sezilarli imkoniyatlarni taqdim etadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida eng ko‘p aholiga ega davlat bo‘lib, Davlat statistika qo‘mitasining 2020 yil yanvar holatidagi maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakat doimiy aholisining soni 33 mln. 960 ming nafardan ortiq. Ushbu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo umumiy aholisining taxminan uchdan ikki qismiga yaqinroq demakdir. Ekspertlar O‘zbekistonda aholi surʼati yildan yilga o‘sib borayotgani istiqbolda nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH makonida O‘zbekistonning rolini yanada oshishiga xizmat qilishini taxmin qilishmoqda. Masalan, rosssiyalik ekspert A.Kazansev postsovet makonidagi aholini qiyoslab, quyidagicha yozadi: “Ukraina aholisining keksayishi va tug‘ilishning pasayishi, O‘zbekistonda esa tug‘ilish va yoshlar qatlamining o‘sishi (70% gacha yoshlar) O‘zbekistonni tez orada postsovet makonida aholi soni jihatidan ikkinchi o‘ringa chiqishidan darak beradi. Geosiyosiy nuqtai nazardan, postsovet makoni ko‘proq “osiyocha” ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Qozog‘iston allaqachon YAIM bo‘yicha Ukrainani ortda qoldirgan holda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, O‘zbekistonning tezlik bilan mutlaq aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishi istiqbolda postsovet makoniningyevropa qismi roli sezilarli darajada tushib ketishini anglatadi”. Tadqiqotchi SH.Fayziev O‘zbekiston geosiyosatida demografik omilning ustuvor ahamiyatli ekanini qayd etar ekan, bu borada muhim jihatga eʼtibor qaratishni tavsiya etadi: “O‘z geosiyosiy o‘rnidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston oldidagi eng muhim strategik vazifa millatlarning barqaror o‘sishi va rivojlanishiga sharoitlar yaratish maqsadi o‘laroq, shuningdek O‘rta Osiyo mintaqasida ulkan barqarorlashtiiruvchi omil sifatida o‘z demografik potensialidan oqilona foydalanishdir. Geosiyosiy sharoitda davlatning demografik tarkibiy qismlari nafaqat mintaqaviy doirada, balki yana ham kengroq –o‘zgaruvchan xalqaro munosabatlarning global tizimi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi lozim”. Yana bir eʼtiborli jihat shuki, Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston aholisi eng ko‘p millatli aholi hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4 modda ikkinchi qismida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, moddada esa “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb qayd etilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston zaminidagi barcha millat va elatlar o‘zaro tinch-totuv yashab kelmoqda, ularning hamjihatlikda va hech bir muammosiz yashashi uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Bu o‘rinda O‘zbekistonda tashkil etilgan 138 ta milliy madaniy markaz (MMM) faoliyati muhim o‘rin tutadi. Ulardan 14 tasi Respublika MMM mavqeiga ega bo‘lib, Toshkent shahrida 23 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ta va viloyatlarda 96 ta MMM faoliyat yuritmoqda. Mintaqaning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olgan holda aytish mumkinki, millatlararo munosabatlarda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan barqaror siyosat ayni shu millat va elatlar istiqomat qiladigan davlatlar bilan faol va samarali hamkorlik qilish imkoniyatini taqdim etibgina qolmasdan, shubhasiz yirik davlatlarni Markaziy Osiyo mintaqasidagi millatlararo munosabatlar vositasi bilan bog‘liq bo‘lgan geosiyosiy taʼsirini sezilarli ravishda kamaytiradi. Mamlakatimiz demografik salohiyatining yana bir o‘ziga xos xususiyati mavjud. O‘zbekiston mintaqa davlatlaridan farqli ravishda, bir xil gomogen aholi tarkibiga ega. Bu yerda aholining 85% ni titul millat vakillar tashkil etadi. Umuman olganda, o‘zbeklar Markaziy Osiyodagi eng ko‘p sonli millat hisoblanadi. AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) “World Factbook” hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘zbeklar Qirg‘izistonda umumiy aholining 14,7%, Tojikistonda 13,8%, Afg‘onistonda 11%, Turkmanistonda 5% va Qozog‘istonda 3,2% ni tashkil etadi. Aholi soniga nisbatan hisoblaganda, bugungi kunda Afg‘onistonning o‘zida 5 milliondan ziyod o‘zbek millati vakillari istiqomat qiladi. Harbiy qudrat va mintaqaviy xavfsizlik omili