Tohir Yoʻldosh (yoki Yunusov Umid), asl ismi Tohir Abdulxalilovich Yoʻldoshev (1967-yil 2-oktyabr (baʼzi manbalarga koʻra 1968-yil) — 2009-yil 1-oktyabr) — oʻzbekistonlik islomiy jangari va terrorchi. U Juma Namangoniy bilan birgalikda 1998-yilning avgustida (baʼzi manbalarga koʻra 1996-yilda) Markaziy Osiyoda faoliyat yurituvchi islomiy tashkilot — „Oʻzbekiston islomiy harakati“ (OʻIH)ga asos solgan va uning birinchi yetakchisi boʻlgan. Ommaviy axborot vositalarida u „Markaziy Osiyodagi 1-raqamli terrorchi“ laqabini olgan.
Tohir Yoʻldosh asos solgan tashkilot „Al-Qoida“ bilan yaqindan hamkorlik qilgan va shu sababli AQSh Davlat departamenti hamda BMT tomonidan xorijiy terrorchilik tashkilotlari roʻyxatiga kiritilgan.
Hayoti Tohir Yoʻldoshev Namangan shahrining Rafiq Moʻmin mahallasida, kambagʻal oilada tugʻilgan. Muddatli harbiy xizmatni Afgʻoniston hududidagi Sovet qoʻshinlarining cheklangan kontingenti safida oʻtagan. Xizmatni yakunlagach, ona shahri Namanganga qaytadi va radikal islom gʻoyalariga berilib, nodavlat islomiy tashkilotlarning faollaridan hamda rahbarlaridan biriga aylanadi.
Oʻzini „amir“ deb eʼlon qilib, 1991-yilda „Adolat uyushmasi“ islomiy tashkilotini tuzdi va unga rahbarlik qildi. Keyinchalik „Islom lashkarlari“ ekstremistik tashkilotini tuzishda faol ishtirok etdi, shuningdek, „Tovba“ harbiylashgan guruhining asoschilaridan biri boʻldi. SSSR parchalanishidan keyingi hokimiyatsizlik davrida Namanganda parallel hokimiyat tuzilmalarini yaratdi va bu tizimda shariat qozisi vazifasini bajardi. Namangan viloyatining Uychi tumanida maxsus qamoqxona boʻlib, u yerda sudlangan jinoyatchilar va T.Yoʻldoshev oʻrnatgan rejimga qarshi boʻlganlar saqlangan.
1993-yilda u Afgʻonistonga qochib ketadi va u yerda Juma Namangoniy bilan birgalikda (turli manbalarga koʻra 1996 yoki 1998-yilning avgustida) „Oʻzbekiston islomiy harakati“ (OʻIH)ga asos soldi.
Oila aʼzolarining taqdiri 1997-yilda Tohir Yoʻldoshevning uch nafar ukasi — Madamin, Muhammad va Zohijon Oʻzbekiston maxsus xizmatlari tomonidan hibsga olingan. Biroq uning onasi Karomatxon Namanganda qolgan. Onasi Oʻzbekistonda yashab, uzoq yillar davomida markaziy va mahalliy hokimiyat tomonidan taʼqiblarga uchragan hamda koʻplab ijtimoiy huquqlardan mahrum etilgan. Oʻzbekistonda qolgan oilaning boshqa aʼzolarini qutqarish va saqlab qolish maqsadida onasi maxsus xizmatlar hamda jamoatchilik bosimi ostida oʻz oʻgʻlidan yuz oʻgirishga va oldindan tayyorlangan matnlar orqali uni qoralab, mahalliy telekanallarda qargʻashga majbur qilingan.
Terrorchilik va isyonkorlik faoliyati 1999-yilda Tohir Yoʻldoshev islomiy jangarilarning Tojikiston orqali Qirgʻizistonning Botken viloyatiga bostirib kirishiga (Botken voqealari) boshchilik qildi. Biroq, shiddatli janglar natijasida islomchilar hujumi qaytarildi va jangarilar Afgʻonistonga chekindi.
1999-yil oxiri va 2000-yil boshlarida T.Yoʻldoshev Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimovga qarshi boʻlgan barcha muxolifat kuchlarini birlashtirish maqsadida faol harakatlarni olib bordi. 2000-yil 17-noyabrda Oʻzbekiston Oliy sudining hukmi bilan T.Yoʻldoshev 1999-yil 16-fevralda Toshkent shahrida sodir etilgan (rasmiy hokimiyat tomonidan davlat toʻntarishiga urinish deb baholangan) teraktlarni tashkil etishda aybdor deb topilib, sirtdan oʻlim jazosiga hukm qilindi.
2001-yilda OʻIHning harbiy rahbari va hammuassisi Juma Namangoniy Afgʻonistondagi havo hujumi oqibatida halok boʻlgach, Yoʻldoshev tashkilotning barcha amaliy boshqaruvini toʻliq oʻz qoʻliga oldi. AQSh Mudofaa razvedka agentligi (DIA) maʼlumotlariga koʻra, u „Anakonda“ operatsiyasi (Operation Anaconda) davomida AQSh kuchlariga qarshi kurashgan asosiy isyonchi rahbarlardan biri boʻlgan.
BBC nashri xabariga koʻra, Yoʻldoshev 11-sentyabr xurujlaridan oldinroq „Al-Qoida“ tomonidan yoʻlovchi samolyotlarini oʻgʻirlab, AQShga hujum qilish rejasi borligidan xabar topgan. Bu haqida Yoʻldoshev Tolibon tashqi ishlar vaziri Vakil Ahmad Mutavakkilga xabar bergan va Mutavakkil AQSh va BMT diplomatlarini „Usoma bin Lodin tomonidan Amerika zaminida ulkan hujum uyushtirilishi kutilayotgani“ haqida ogohlantirish uchun maxsus elchi yuborgan.
Pokistonga chekinish va xalqaro faoliyat NATOning terrorizmga qarshi operatsiyasi boshlanganidan soʻng Yoʻldoshev Afgʻonistondan Pokistonga chekindi. Oʻzbekistondagi islomiy harakatni bevosita boshqarish imkoniyatini yoʻqotganiga qaramay, u oʻz maʼruzalari va chaqiriqlarini videoga yozish orqali OʻIH gʻoyalarini tashviq qilishda davom etdi. Ushbu videolar Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi radikal musulmonlar orasida keng tarqatilgan. 2007-yil boshida tarqatilgan murojaatnomalarining birida Yoʻldoshev shunday degan:
Asia Times nashrining xabariga koʻra, Yoʻldoshev pokistonlik toliblar raisi Baytulloh Mahsudning mafkuraviy ustozi hisoblangan. Yoʻldoshev oʻzining 2500 nafar tajribali jangarilarini Mahsudning ixtiyoriga bergan boʻlib, oʻz navbatida Baytulloh Mahsud u bilan birga yashagan va oʻzbek yetakchisidan katta mafkuraviy ilhom olgan.
Oʻlimi Tohir Yoʻldoshevning oʻlimi haqidagi xabarlar xalqaro koalitsiya kuchlari va afgʻon politsiyasi tomonidan bir necha bor tarqatilgan. 2009-yil 27-avgust kuni Pokistonning Janubiy Vaziriston provinsiyasida Amerikaning „Predator“ rusumli uchuvchisiz boshqariladigan apparati (dron) tomonidan berilgan raketa zarbasi natijasida Tohir Yoʻldoshev ogʻir yaralanadi. 2009-yil 30-sentyabrda oʻzini Yoʻldoshevning tansoqchisi deb tanishtirgan shaxs Pokistonning The News International gazetasiga bergan intervyusida, Yoʻldoshev raketa zarbasida bir oyogʻi va qoʻlidan ajralgani, keyin Balujiston provinsiyasining Job tumanidagi xususiy shifoxonaga yetkazilib, u yerda 1-oktyabr kuni vafot etganini maʼlum qildi. Pokiston va AQSh rasmiylari Yoʻldoshevning 27-avgust kungi raketa hujumida halok boʻlganini keyinroq tasdiqlashdi Roggio, Bill (October 4, 2009). „Tahir Yuldashev Confirmed Killed In US Strike In South Waziristan“. The Long War Journal..
Oʻzbekiston islomiy harakati vakillari bu maʼlumotni uzoq vaqt rad etib kelishdiTAXIR YuLDAShYeV VYeROYaTNO JIV . Yakunda, 2010-yilning 16-avgust kuni OʻIH oʻz yetakchisi Tohir Yoʻldoshevning oʻlimini rasman tasdiqladi.
Yana qarang Juma Namangoniy
Manbalar
Turkum:1967-yilda tugʻilganlar Turkum:2009-yilda vafot etganlar Turkum:Namanganda tugʻilganlar