Ochiq mikrofon (open mic yoki open mike) — bu qahvaxona, tungi klub, komediya klubi, striptiz klubi yoki pubklub kabi joylarda, odatda tunda boʻlib oʻtadigan jonli shou. Unda istalgan tomoshabin oʻz isteʼdodini namoyish qilishi mumkin. Odatda, ochiq mikrofonlarda havaskorlar ilk chiqishini va professionallar tez orada namoyish etilishi kerak boʻlgan biror asardan parchani targʻib qilishadi. Nomidan maʼlumki, tomoshabinlarga yaxshiroq eshitilishi uchun ijrochilar mikrofondan foydalanishadi.
Ijrochilar oʻsha yerdagi tajribali ishtirokchi, dasturga masʼul menejer yoki shu dasturning olib boruvchisi yordamida roʻyxatdan oʻtadi. Dasturni olib boruvchi shaxs yashirin qobiliyat egalariga sahnaga hozirlik koʻrishlari uchun ozroq vaqt beradi. Sahnada ular ularga beriladigan vaqt ham chegaralangan boʻladi. Ochiq mikrofonlarda asosan komediya (sketch-komediya yoki stend-up), musiqa (mualliflik qoʻshiqlari ijrochilari tomonidan kuylanadigan), sheʼriyat va deklamatsiya kabi chiqishlarni koʻrish mumkin. Rok guruhlari yoki komediya truppalarining chiqishlarini ham kuzatish mumkin, lekin, asosan bu guruhlarni oldindan tayyorlash va ovozini tekshirish uchun maxsus joy hamda logistika talablari tufayli ular kam tarqalgan.
Ochiq mikrofonlarga kirish narxi odatda qimmat boʻlmaydi, yoki umuman tekin boʻladi. Joyning oʻzida tashkilotchilar tomonidan lotereyaga turli xil sovgʻalar qoʻyilishi yoki maʼlum bir maqsadni koʻzlagan holda koʻngilli tomoshabinlardan pul yigʻish uchun maxsus qutilar tashkil qilinishi ham mumkin. Odatda kirish toʻlovi boʻlmagan joylarda spirtli ichimliklar va oziq-ovqat sotishdan foyda koʻriladi. Koʻp joylarda ishtirokchilarga chiqish qilgani uchun hech qanday xizmat haqi toʻlanmaydi, lekin oʻsha joyda ichimlik ichishi yoki nimadir tanovul qilishi mumkin. Ammo, tashkilotchi yo joyning egasi haq toʻlashga qurbi yetadigan boʻlsa, Ochiq mikrofon qatnashchilari oʻz chiqishlari uchun haq ham olishadi va biroz muddat hozirlik koʻrib, keyin sahnaga chiqishadi. Pul evaziga sahnaga chiqish holatlari koʻpincha maʼlum vaqt oraligʻida boʻsh qolgan sahnani toʻldirish kerak boʻlgan vaziyatlarda uchraydi. Ochiq mikrofonlar jem seyshonlarga ham biroz oʻxshash. Sababi ikkisi ham havaskor ijrochilar va ijodkorlarga sahnaga chiqish imkonini beradi. Farqi shundaki, jem seyshonlarda koʻpincha musiqiy ansambllar, musiqachilar gurugi yoki ritm guruhi, hatto professional ijrochilar ham ishtirok etishi mumkin. Musiqa Ochiq mikrofonlar havaskor yoki musiqa olamiga endigina kirib kelayotganlarga jonli auditoriya qarshisida tajriba orttirish imkonini beradi. Mashhurlikka erishishdan oldin, yaʼni sanʼatkorning ilk chiqishlarida tomoshabinlar uni har doim ham yaxshi qabul qilishmaydi. Chunki odatda ular milliy estrada uslubidagi yoki folklor qoʻshiqlarga oʻrganishgan boʻladi. Shuningdek, tomoshabinlar akustik musiqachilar yoki yakkaxon xonandalar tomonidan ijro etilagan qoʻshiq va musiqa xalqona va ularga mos uslubda aytilishi kerak degan tushunchani ilgari surishadi. Bu notoʻgʻri qarash bugungi kunga qadar ham mavjud. Aynan shuning uchun ham ayrim joylarda tashkilotchilar „akustik kecha“, „akustik klub“lar tashkil qildilar. Bundan maqsad nafaqat folklor uslubidagi qoʻshiqlarni ommaga taqdim etish, balki turli xil musiqiy uslublar bilan tomoshabinlarni tanishtirish boʻlgan.
Ochiq mikrofon tadbirlari odatda haftaning oʻrtalarida yoki dam olish kunlari, yaʼni hafta soʻnggida, bogʻlar va maydonlarda odamlar nisbatan kam boʻlgan yerlarda uyishtiriladi. Kamdan-kam hollarda muqaddas juma va shanba oqshomlari, dam olish kunlari mijozlar koʻproq toʻplanadigan yerlarda, shuningdek jonli ijro tinglash uchun buyurtma qilingan har qanday joyda tashkillashtirilishi mumkin. Buyuk Britaniyada ochiq mikrofon kechalari koʻpincha payshanba kunlari, baʼzan esa chorshanba kunlari boʻlib oʻtadi. U yerda haligacha davom etib kelayotgan ochiq mikrofon uslubidagi eng mashhur musiqa tanlovlaridan biri – Open Mic UK. Buning vazivasi – muntazam ravishda yangi isteʼdodlarni kashf qilib borish. Ushbu tanlovga musiqaning deyarli barcha janrlaridan 10 000 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan. Tanlovning bosh mukofoti £30 000 ni tashkil qiladi. Tomoshabinlardan ushbu konsertni kuzatish uchun oldindan roʻyxatdan oʻtib, konsert boshlanishidan oldin oʻz joylarini egallab olish talab qilinadi.
Qoʻshma Shtatlardagi eng mashhur ochiq mikrofon dasturlaridan biri – „Blues Night“ (Moviy Oqshom). Ushbu formatda, bar yoki klub maʼlum bir kechani „ochiq mikrofon blyuz kechasi“ sifatida odatda haftaning oʻrtalarida oʻtqizadi. Bar va klublar musiqachilar guruhini odatda gitara, bas, baraban, baʼzan esa klavishli musiqa asboblari bilan ham taʼminlab beradi. Qoʻshiqchilar, gitarachilar, garmon ijrochilari va sahnada oʻz mahoratini koʻrsatmoqchi boʻlgan boshqa musiqachilar bar egasi yoki masʼul shaxs yordamida roʻyxatdan oʻtishlari kerak boʻladi. Ushbu shaxsning asosiy vazifasi ijrochilarni koʻzdan kechirish, tanlash va buyurtma berish, ijrochilarni muloyimlik bilan sahnaga olib chiqish va oxirida kuzatib qoʻyishdan iborat.
Tanlangan qoʻshiqlar yetarlicha sodda boʻlishi lozim. Musiqachilar guruhi blyuz standartlaridan foydalangan holda ularni tayyorgarliksiz ijro eta olishlari kerak boʻladi. Qoʻshiqlar „12-bar fast shuffle in C“, „slow 12-bar blues in F“ yoki barcha tinglovchilarga tanish boʻlgan, yaʼni shunga oʻxshash tarzda ifodalangan holda eʼlon qilinishi mumkin. Qoʻshiqchilar odatda klavishlar, duhovoy asboblar (asosan saksafonlar) hamda turli xildagi zarbli cholgʻu asboblarini oʻzlari bilan olib yurishadi.
Komediya
Stand-up komediya ochiq mikrofon kechalari koʻpincha alohida komediya klublarida oʻtkaziladi. Ammo faqat shu bilangina cheklanib qolmasdan, boshqa sahnalarda, masalan pubklublar, barlardagi alohida ajratilgan xonalarda, kitob doʻkonlarida, kollej kampuslarida, rok-klub hamda qahvaxonalarda tashkillashtirilishi mumkin. Kamdan kam hollarda striptiz klublar hamda komik kitob doʻkonlarida oʻtkaziladi. Ehtimol komediya klublari maxsus salonga ega boʻlgan yagona ochiq mikrofon muassasasidir. Yaʼni u yerda tomoshabinlardan holi, sahnaga chiqishni kutayotgan ijrochilar uchun sahna orti maydoni mavjud.
Ochiq mikrofon kechalari yangi paydo boʻlgan qiziqchilarga oʻzlarining stand-up mashqlarini jonli auditoriyaga namoyish qilish imkonini beradi. Odatiy ochiq mikrofon komediyalarida auditoriyadan ham talabgorlar chiqishlari mumkin. Agar sahnaga chiquvchilar orasida voyaga yetmaganlar ham bor boʻlsa, ular klubga ota-onalari bilan kelishlari lozim. Katta tajribaga ega qiziqchilar ochiq mikrofonlardan yangi material yoki yangi qahramonni kashf qilish uchun bepul imkoniyat sifatida foydalanishlari mumkin. Ochiq mikrofon komediya kechalari ingliz tilida soʻzlashadigan yirik shaharlarda keng tarqalgan. Asosan Boston, Chikago, London va Nyu-York kabi shaharlarda stand-up sahnalari mukammal tarzda tashkillashtirilgan. Stand-up qiziqchilari ochiq mikrofonlardan haq toʻlanadigan va toʻlanmaydigan ish imkoniyatlarini topishda bir vosita sifatida yoki doʻstlar orttirishda foydalanadilar.
„Auditoriya“ bu komediya shousini namoyish qilishdagi atama; yaʼni qiziqchilar tomoshabinlarni „auditoriyani oʻrganish“ qobiliyatiga qarab baholashi aytiladi. „Auditoriyani oʻrganish“ — bu odamlarga vaziyatning dinamikasini tushunishga va oʻz xatti-harakatlarini bunga moslashtirishga yordam beradigan mahoratdir. U hozir boʻlgan odamlarni, ularning tana tilini, davom etayotgan suhbatlarni va umumiy atmosferani kuzatishni oʻz ichiga oladi. Stand-up shoulari uchun ajratilgan sahna maydonchasi mavjud va bunda industriya standarti sifatida kuchaytirgichli mikrofondan foydalaniladi. Ochiq mikrofonlarda komediya uchun minimal talablar qoʻyilmaydi, ushbu format „namoyish qil va oq yoʻl“ deb nomlanadi. Ochiq mikrofonda odatiy komediyalar uchun sahnada aktyorlarga 3-7 daqiqa vaqt ajratiladi. Besh daqiqali dasturning tartibi taxminan uch daqiqalik materialni talab qiladi. Namoyish etilgan barcha stand-up komediyalarida asl ijod, yaratuvchanlik boʻlishi lozim.
Ochiq mikrofon stand-up komediyasi olib boruvchisi „auditoriya“da koʻtarinki kayfiyatni saqlashda muhim rol oʻynaydi. Mezbonlar iloji boricha tomoshabinlarni sahnaga yaqin joyga joylashtirishga harakat qiladilar, chunki bu tomoshabinlarning zavqlanishini maksimal darajada oshiradi va yumorning kuchayishiga olib keladi. Bu kabi shoularning biriga ayrim sharhlovchilar shunday izoh berishgan: „Komediya zalida joylashuvning qatʼiy tartibga solinishi tomoshabinlar uchun noqulaylik tugʻdiradi... Ammo tomoshabinlar koʻpincha boʻsh oʻrindiq qolmay, hamma joy toʻlgan vaziyatda koʻproq zavqlanishlari haqida gapirishadi. Aksincha, shou uchun oʻrinlar sotilmay qolsa va boʻsh joylar hamda stol, stullar koʻproq boʻlsa tomoshabinlar buni haqiqiy oʻyin-kulgi deya eʼtirof etishmaydi“. Olib boruvchi roʻyxat boʻyicha ishtirokchini eʼlon qiladi va tomoshabinlardan uni olqishlab, qoʻllab-quvvatlab turishlarini soʻraydi. Ochiq mikrofonlardagi ilk chiqish qiziqchini noqulay ahvolga solib qoʻyishi mumkin. Sababi tomoshabinlar koʻp hollarda yangi qiziqchilarni ilk chiqishdayoq „iliq“ qarshi olishmaydi.
Stand-uplarda odatda, tomoshabinga murojaat qilish uchun ikkinchi shaxsdan foydalaniladi. 2011-yil yozuvchi Rob Durham ochiq mikrofon kechasining davomiyligi oʻrtacha 90 daqiqa boʻlishi va uzogʻi 15 ta aktdan oshmasligi kerakligini aytgan. Ochiq mikrofon komediya kechalarida odatda tomoshabinlar 30 kishidan oshmaydi. Qiziqchi Hannibal Buressga koʻra, zaldagi tomoshabinlarning maksimal soni shuncha boʻladi. Stand-uplarda ishtirokchilarning keyinchalik yana koʻrib chiqish va oʻz ustida ishlashlari uchun oʻz chiqishlarini kameraga yozib olishlari odatiy holdir. Turli auditoriyalarning jamoaviy fikr-mulohazalari stand-up tartibini shakllantirishga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.
Olib boruvchi vaqt tugashiga bir daqiqa qolganda chiroqni yoqib qiziqchini ogohlantiradi. Bu esa sahnadagi ishtirokchiga hazillarini tugatish uchun signal vazifasini bajaradi va bu „chiroqni yoqish“ deb nomlanadi. Bugungi tezkor rivojlanib borayotgan zamonamizda tomoshabinlarni koʻzni qamashtiradigan darajadagi yoki yorqin yorugʻlik bilan chalgʻitmaslik uchun bu uyali telefon chirogʻi bilan amalga oshiriladi. Agar qiziqchi bunga eʼtibor bermasdan belgilangan vaqtdan oʻtib ketib, sahnada hazillarini davom ettiraversa keyingi gal qiziqchiga oʻsha joyda chiqish qilish taqiqlanishi mumkin.
Ochiq mikrofon komediya kechalarining boshqa turlariga „booked“ va „bringer“ shoular ham kiradi. „Booked“ shoular oddiy formatga ega, ammo ijrochilar sahnani bir hafta yoki bir oy oldindan band qilib qoʻyishlari kerak boʻladi. „Bringer“ shoulari vitrin formatida namoyish etiladi, har bir ijrochi sahnaga chiqish vaqtini taʼminlash uchun oʻzlari bilan 5–15 kishini olib kelishi kerak (kirish toʻlovi va bir kishi boshiga ikkita ichimlik bilan), ammo bu koʻpchilikka ekspluatatsiya boʻlib tuyuladi.
Sheʼriyat, rep va notiqlik
Ochiq mikrofon sheʼriyat kechalari yoki notiqlik kechalari asosan shoirlar, soʻz ustalari va tomoshabinlardan iborat boʻladi. Baʼzan ushbu kechalarda sheʼr oʻquvchilar yoki yozish boʻyicha koʻrsatma beruvchilar oldindan saralangan boʻladi. Lekin odatda ishtirok etishni istagan har bir kishi uchun roʻyxatdan oʻtish varaqasi mavjud. Sahnaga taklif qilingan ishtirokchi mikrofon oldiga kelib oʻz ijod namunasidan bir yoki ikkita oʻqib beradi. Yozuvchilar ham yangi asarni tomoshabinlarda sinab koʻrish yoki mahalliy yozuvchilar hamjamiyati haqida koʻproq maʼlumot olish uchun ochiq mikrofonlarga tashrif buyurishlari mumkin. Boshqalar esa odatda faqat sheʼr tinglash uchun ochiq mikrofonlarga tashrif buyurishadi. Ochiq mikrofon sheʼriyat yoki notiqlik kechalari tinch, osoyishta muhitdan tortib, hatto ishtirokchilar va tomoshabinlarning olqishlariga toʻla jonli seanslarga ham aylanadi. Ular odatda kutubxona, qahvaxona, kafe, kitob doʻkonlari va barlarda oʻtkaziladi.