Leyla Belyalova – oʻzbek akademigi va ekologi. Oʻzbekiston ekotizimlarini targʻib etish va muhofaza qilish boʻyicha olib borgan faoliyati uchun 2018-yilda BBC tomonidan eʼlon qilingan dunyoning eng nufuzli 100 nafar ayoli roʻyxatiga kiritilgan. 2018-yilgi „Oʻzbekiston yil ayoli“ tanlovi Respublika bosqichi gʻolibi.

Biografiyasi Leyla Belyalova 1957-yilda Oʻzbekiston SSRga qarashli boʻlgan Samarqand viloyatida tugʻilgan.

Leyla Belyalova hozirda Samarqand davlat universitetining ekologiya kafedrasi dotsenti hamda Gʻarbiy Tyan Shan tizmasi ornitologik bioxilma-xilligini saqlash boʻyicha qator xalqaro loyihalar koordinatori lavozimida ishlab kelmoqda. U Kattaqoʻrgʻon suv ombori va Zarafshon davlat qoʻriqxonasida izlanishlar olib borgan. Shuningdek, Gʻarbiy Pomir-Oloy togʻ tizmasida joylashgan Omonqoʻton dovoni atrofidagi oʻzbek flora va faunasini oʻrganib, jahon hamjamiyatiga taqdim etgan.

Oʻzbekiston qushlarni himoya qilish jamiyati bilan hamkorlikda ishlab, qushlarning yashash joylari, ularning populyatsiyasi, oziqlanishi hamda shunga oʻxshash koʻplab maʼlumotlarni oʻrganib chiqqan.

2018-yilda Belyalova „Oʻzbekiston yil ayoli“ tanlovining Respublika bosqichida birinchi oʻrinni egallagan. 2017-yilda esa „Birdlife International“ xalqaro ekologiya tashkiloti tomonidan „Tabiat qahramoni“ mukofoti bilan taqdirlangan. Leyla Belyalova „Jahon ekologik harakati“, „Migratsiyada ekologiya“ va „Sprig alva“ xalqaro dasturlari ishtirokchisi hisoblanadi.

Manbalar

Turkum:1957-yilda tugʻilganlar Turkum:Oʻzbekiston olimlari Turkum:Samarqand davlat universiteti oʻqituvchilari