Qiziltomir astragal () – ikki urugʻpallalilar sinfi burchoqdoshlar oilasi astragal turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Oqsoqotasoy, Boshqizilsoy hamda Serkalisoy hududida tarqalgan. Tavsifi Balandligi 3-4 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi juda qisqa, deyarli yoʻqolib ketgan, yerbagʻirlab oʻsadi. Bargi murakkab, bandli, uzunligi 10-12 sm, bargchalari asosan ellips shaklida oʻtkir uchli, ustki tomoni siyrak, ostki qismi qalin, yotiq tuklar bilan qoplangan. Gulpoyasi mustahkam, uzunligi 12-15 sm. Gullari ikki jinsli, boshsimon. Gultojibarglari och pushti yoki qizgʻish tusda. Gulkosachabarglari toʻrsimon, shishgan tomirli. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun oyida gullab mevasi iyulda pishadi. Mevasi quruq dukkak meva. Dukkagining uzunligi 13-14 mm, eni 0,5 sm, meva qobigʻi pardasimon yupqa tuzilgan. Urug‘i va vegetativ yoʻl bilan koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti Tabiatda juda kam tarqalgan, Oʻzbekiston hududida oʻsuvchi 3500-4000 dona tupi borligi aniqlangan. Toshkent viloyati Chatqol tizmasida, Oqsoqotasoy, Boshqizilsoy, Ertoshsoy va Serkalisoy hududlarida uchratish mumkin. Dengiz sathidan 1800-2000 m balandlikda tosh shagʻalli yonbagʻirlarda oʻsadi. Hayvonlar tomonidan isteʼmol qilinishi, raqobatga chidamsizligi va maʼlum sharoitga moslashganligi sababli areali qisqarib ketgan. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi va Chatqol biosfera qoʻriqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan.
Manbalar
Turkum:Toshkent geografiyasi