De Kerven tendovaginiti (de Kerven kasalligi, stenoz tendovaginiti) — surunkali tendovaginitning oʻziga xos shakli, bu kasallikda bilak kaft boʻgʻimida joylashgan paylar va ularni oʻrab turuvchi qatlam zararlanadi. Bu nom shveytsariyalik jarroh Fritz de Kerven sharafiga qoʻyilgan (Fritz de Quervain, 1868—1940-yillar), u 1895-yilda birinchi marta bosh barmoq harakati bilan bogʻliq ogʻriqni qanday paydo boʻlishini tushuntirib bergan.

Epidemiologiyasi Mehnatga layoqatli aholi orasida de Kerven kasalligi ayollarda har 1000 kishidan 2-3 tasida kuzatilsa, erkaklarda bu koʻrsatkich 0.6ga teng boʻlgan. Kasallik odatda dominant qoʻl panjasida 30-55 yoshda uchraydi. Bu holat ayollarda ertaroq va koʻproq paydo boʻladi. Koʻpgina hollarda patologiya homilador ayollarda yoki tugʻruqdan keyin juda tez rivojlanishi kuzatilgan.

Etiologiya va patogenezi Kasallik doimiy bir xil takrorlanuvchi harakatlar yoki uzoq muddatli statik zoʻriqish tufayli qoʻl panjasining surunkali mikrozararlanishi bilan bevosita bogʻliq. Bunday mehnat bilan shugʻullanadigan insonlarda bilak tendinitlari rivojlanish xavfi 29 baravar yuqori hisoblanadi. Masalan Voleybolchilarda de Kerven kasalligining ehtimoli mashgʻulotlarning davomiyligi va sport stajiga toʻgʻri proporsionaldir.

Kasallik patogenezining asosida yalligʻlanish oqibatida bir tomondan qisqa yozuvchi muskul bilan bosh barmoqning uzoqlashtiruvchi uzun muskuli, ikkinchi tomondan bilak orti boylami oʻrtasidagi nomutanosiblik yotadi. Ushbu tuzilmalarning mexanik ishqalanishi yalligʻlanishga, shishning koʻpayishiga olib keladi, bu esa paylar harakatiga yanada koʻproq toʻsqinlik qiladi natijada bosh barmoqning harakatida ogʻriq paydo boʻladi.

Patologik anatomiyasi Stenozlovchi tendovaginitda bilak kaft boʻgʻimining qisqa yozuvchi paylari va bosh barmoqning uzoqlashtiruvchi uzun mushaklari qalinlashadi va boʻshliq mos ravishda torayadi.

Klinik koʻrinishi Stenozlovchi de Kerven tendovaginitining klinik koʻrinishlari bilak suyagining bigizsimon oʻsimtasi sohasidagi ogʻriqlar bilan boshlanadi. Bu ogʻriqlar koʻpincha qoʻlning bosh barmogʻiga yoki tirsagiga oʻtadi, shuningdek shu sohada shish paydo boʻladi. Bemor bosh barmogʻini kaft yuzasiga bosib, qolgan barmoqlarini uning ustida buksa, ogʻriq kuchayadi. Agar bemor shu bilan birga qoʻl panjasini tirsak tomoniga tortsa, ogʻriq keskin kuchayadi (Finkelshteynning musbat testi), bunda oʻziga xos shiq etgan tovushni eshitish mumkin. Bilak kaft boʻgʻimi stida qilingan palpatsiya juda ogʻriqli boʻladi va shish aniqlanadi.

Davolash Konservativ davo 1. Ergonomik holatda ishlash. Takroriy yuklamalardan qochish, ishda tanaffuslar qilish, mehnatni yengillashtiruvchi moslamalardan foydalanish.

2. Medikamentoz terapiya. Og‘riq, yallig‘lanish, shish mavjudligi — YAQNDVni ichishga va mahalliy qoʻllash uchun toʻgʻridan toʻgʻri koʻrsatma hisoblanadi. Shuningdek, kompresslardan ham foydalaniladi.

3. Fizioterapiya. Elektroforez, magnitoterapiya, issiqlik bilan davolash va shu kabi muolajalar qoʻllanadi.

4. Dori preparatlarini mahalliy yuborish. Kortikosteroidlardan foydalanish yalligʻlanishni, ogʻriqni tezda toʻxtatadi, funksiyani tiklaydi. Metatahlil natijalari kortikosteroidlar va anestetiklar aralashmasining glyukokortikoidlarga qaraganda yuqori samaradorligini koʻrsatgan. Jarrohlik amaliyoti Operatsiyaning mohiyati — paylarning normal harakatlanishi uchun toʻsiqlarni olib tashlash. Bunga koʻndalang boylamni kesish va payni dekompressiya qilish yoʻli bilan erishiladi. Jarrohlik amaliyotidan keyin, kasallik belgilarining toʻliq toʻxtashi 90-96% bemorlarda kuzatilgan. Jarrohlik natijasidan kuzatuvdagi bemorlaning 88-91% i qoniqish hosil qilgan.

Manbalar

Turkum:Kasalliklar Turkum:Tibbiyot terminlari Turkum:Tibbiyot tashxislari Turkum:Tibbiyot