Hurry Up Tomorrow – kanadalik qoʻshiqchi va qoʻshiqlar muallifi The Weekndning oltinchi studiyaviy albomi boʻlib, 2025-yil 31-yanvarda XO va Republic Records leybllari orqali chiqarilgan. Albomning standart nashrida Justice, Anitta, Travis Scott, Florence and the Machine, Future, Playboi Carti, Giorgio Moroder va Lana Del Rey kabilar mehmon ijodkor sifatida ishtirok etgan. Bonus nashrida esa Swedish House Mafia bilan qoʻshma ijro mavjud. Albomning prodyusserligi asosan The Weekndning oʻzi va uning muntazam hamkorlari, jumladan Cirkut, DaHeala, Max Martin, Mike Dean, Metro Boomin, Prince85 va OPN tomonidan amalga oshirilgan, shuningdek, boshqa turli prodyuserlar ham ishtirok etgan.

Hurry Up Tomorrow asosan R&B, synth-pop va trap janrlarida boʻlib, shuningdek, braziliyancha fank va hip-hop kabi turli janrlar elementlari ham mavjud. Albom The Weekndning avvalgi ikki studiyaviy albomi, After Hours (2020) dan boshlanib, Dawn FM (2022) bilan davom etgan trilogiyaning soʻnggi qismidir. Abel Hurry Up Tomorrow albomi uning The Weeknd nomi ostidagi oxirgi albomi bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan. U, shuningdek, albom yozilishiga 2022-yilgi konsert vaqtida ovozini yoʻqotishi turtki boʻlgan deb hisoblaydi. Hurry Up Tomorrow albomi „Timeless“, „São Paulo“ va „Cry for Me“ singllariga ega.

Albom AQShdagi birinchi haftasida 490,500 albom-ekvivalent birligida sotilishi bilan Billboard 200 chartiga birinchi oʻrinda kirib keldi, bu The Weekndning ushbu chartda birinchi oʻrinni olgan beshinchi albomi boʻldi. Xalqaro miqyosda esa u 16 mamlakatda, jumladan Kanada, Fransiya, Norvegiya, Belgiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiyadagi chartlarni zabt etdi. Albom tanqidchilardan ijobiy baholar oldi — undagi prodyuserlik ishi, lirik mazmun va vokal ijro alohida e’tirof etildi. Ba’zi tanqidchilar "Hurry Up Tomorrow"ni trilogiya hamda The Weekndning alter egosi uchun munosib yakun sifatida ta’riflashdi.

Tarixi

2020-yil 25-martda The Weeknd Instagramdagi jonli efir davomida beshta chiqarilmagan trekni namoyish etdi, baʼzilari besh kun avval chiqarilgan After Hours (2020) albomi uchun moʻljallangan edi. Ulardan uchta qoʻshiq – „Nothing Compares“, „Missed You“ va „Final Lullaby“ keyinchalik albomning deluxe versiyasiga bonus treklar sifatida qoʻshildi. Biroq boshqa treklar, „Take Me Back to LA“ va „The Abyss“ (shu vaqtgacha „Regular“ yoki „Hold My Heart“ deb nomlangan), na After Hours albomiga va na undan keyingi albom Dawn FM (2022) ga qoʻshildi.

2022-yil 10-yanvarda, Dawn FM chiqqanidan uch kun oʻtib, The Weeknd navbatdagi albomga shaʼma qilib Twitterda quyidagicha tvit qoldirdi:

Bu uning 2012-yilda chiqqan Trilogy toʻplam albomiga ishora edi, unda 2011-yilgi House of Balloons, Thursday va Echoes of Silence miksteyplaridagi qoʻshiqlarning remiksi yoki remaster versiyalari jamlangan. Shuningdek, After Hours va Dawn FM albomlari trilogiyaning bir qismi ekanini va Dawn FMdan keyingi albom trilogiyani yakunlovchi boʻlishini tasdiqladi.

Hurry Up Tomorrow albomi ustidagi ishlar xabar berilishicha, 2022-yilda Dawn FM chiqqanidan koʻp oʻtmay boshlangan. 2023-yil yanvar oyida The Weeknd yangi albom uchun yozuv sessiyalari boʻlganini tasdiqladi. 2022-yil 3-sentabrda, After Hours til Dawn Tourning Shimoliy Amerika qismidagi yakuniy konsertda The Weeknd Inglewooddagi SoFi stadionida chiqish paytida ovozini yoʻqotdi. Konsert 26-noyabrga koʻchirildi va undan keyingi kunga ham konsert qoʻshildi. Keyinchalik u bu holatni After Hours til Dawn Tour va 2023-yildagi The Idol teleseriali tufayli yuzaga kelgan charchoqqa bogʻladi. Albom ustida uning taqdim etiladigan kunigacha ishlangan. 2025-yil yanvar oyida Varietyga bergan intervyusida The Weeknd albomning „katta qismi“ 2022-yil sentabriga kelib yakunlanganini, biroq gastrol paytidagi noxush hodisa tufayli albom va unga bogʻliq film „toʻliq qayta ishlangani“ aytdi. Shuningdek, ushbu hodisa sabab The Weeknd taxallusidan voz kechib, kelajakdagi ijodini asl ismi – Abel Tesfaye bilan davom ettirishga qaror qiladi:

2023-yil iyun – 2024-yil may: dastlabki tizerlar va targʻibot 2023-yil iyun oyida The Weeknd Variety nashriga bergan intervyusida "Men ushbu saga – trilogiyaning uchinchi qismini yakunlayapman. Albom nomi tez orada oshkor qilinadi, " dedi. Shunday qilib, yozuv jarayonlari uning The Idol (2023) serialidagi ijrochilik va aktyorlik ishtiroki hamda After Hours til Dawn Tour gastrol safari bilan bir vaqtda olib borilgan. The Weeknd bundan keyin ham ishini davom ettirib, keyinroq 2023-yil sentabrdan 2024-yil fevralgacha Los-Anjelesdagi Conway Recording Studiosda olib borilgan yozuv jarayonlaridan suratlar ulashdi. Lavhalarda u Oneohtrix Point Never, Mike Dean va Metro Boomin kabi doimiy hamkorlari bilan ishlagan.

2024-yil 7-yanvarda, Dawn FM albomining ikki yilligiga bagʻishlagan holda, The Weeknd oʻzining boʻlgʻusi albomini anons qildi. U Instagramdagi rasmiy akkauntiga 3 ta tasvirdan iborat post qoldirdi: birinchi ikkita rasmda oʻzining oldingi ikki albomining muqovasi, uchinchi rasmda esa markazida oq soʻroq belgili, qora fonli surat bor edi. Postga „3“ raqami bilan izoh sifatida yozilgan boʻlib, bu kelajakdagi albom trilogiyaning uchinchi qismi sifatida xizmat qilishini bildirar edi. Oʻsha oy oxirigacha u bir necha bor („Wake Me Up“ trekida qatnashgan) fransuz elektron musiqasi dueti Justice bilan ehtimoliy hamkorlikka ishora qildi.

2024-yil 9-fevralda The Weeknd studiya va „Everything fades…“ („Hammasi yoʻqoladi…“) degan yozuvli qogʻoz surati bilan boʻlishdi. Tugʻilgan kunida, 16-fevralda, u Los-Anjeles teatrining suratlarini joylab, undagi yozuv orqali albomni targʻib qildi:

23-fevral kuni u X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmogʻida uchta alohida: „EVERYTHING“, „WILL“, „Fade“ soʻzlaridan iborat tvit joyladi. Ushbu xabarlardan oz vaqt oʻtib u X’dagi postlarining koʻp qismini oʻchirib tashladi.

2024-yil 1-mart kuni amerikalik musiqiy prodyuser va The Weekndning doimiy hamkori Mike Dean Los-Anjelesdagi Wiltern teatrida oʻzining 59 yoshini maxsus konsert bilan nishonladi. The Weeknd mehmon sifatida sahnaga chiqib, 2020-yil mart oyida Instagram jonli efirida namoyish etgan „Take Me Back to LA“ qoʻshigʻining yangicha talqinini kuyladi. Shuningdek, u ilk bor 1977-yilda suratga olingan Eraserhead filmida yangragan „In Heaven“ qoʻshigʻiga cover ijro qildi. Amerikalik musiqiy produser Metro Boomin 22-may kuni boʻlajak albom uchun „koʻplab narsalar“ ustida ishlayotganini tasdiqladi.

2024-yil iyun–avgust: Vizual va kontseptual tizerlar 2024-yil 1-iyun kuni Amerikaning texnologik kompaniyasi Apple Inc. bilan hamkorlikka shaʼma stories joylandi, va toʻqqiz kundan soʻng kompaniyaning oʻzi bu hamkorlik amalga oshishini tasdiqladi. 16-iyun kuni The Weeknd oʻzining bolalikdagi holatini aks ettiruvchi stop-motion qoʻgʻirchogʻining suratini baham koʻrdi. 2-iyul kuni u boʻlajak albomga oid ilk vizual materiallarni namoyish etdi: unda bir inson tasvirlangan boʻlib, yuzining yarim qismi Abelning oʻsha vaqtdagi yuzini, yarim qismi esa uning bolaligidagi yuzini eslatar, koʻzlarida esa olov akslanar edi, ikkinchi rasmda esa vahimali oʻrmon tasvirlangan edi. Uch kundan soʻng esa yana yangi vizual materiallar eʼlon qilindi: unda binafsha yorugʻlik tushgan xonada kapyushon kiygan, notanish bir kishi zinaning tepasida turgani, bu manzara esa eshikning tirqishi orqali koʻrinayotgani tasvirlangan edi.

2024-yil iyul va avgust oylarida The Weeknd oʻzining kelgusi albomi uchun uchta CGI-tizerini taqdim etdi. Ular, ehtimol, yosh Abel Tesfayening oʻzini ifodalovchi yosh boladan iborat edi. Shuningdek, bu tizerlar Trilogy (2012), After Hours (2020) va Dawn FM (2022) kabi boshqa albomlardagi obrazlarni oʻz ichiga oladi:

„There Are Three Chapters in this Tale“ („Bu hikoyada uchta bob bor“), 18-iyulda chiqarilgan boʻlib, unda After Hours va Dawn FM albomlarining hikoyasi va bu albomlardagi turli qoʻshiqlar taqdim etilgan. Tizerning sarlavhasi Friedrich Nietzschega tegishli soʻzlardir. „When you gaze long enough into the abyss, the abyss gazes also into you“ („Agar uzoq vaqt boʻshliqqa tikilib qarasangiz, boʻshliq ham sizga tikilib qaraydi“), 23-iyulda eʼlon qilindi, bu ilgari 2020-yilning martida Instagram jonli efirida eshittirilgan „The Abyss“ning qayta yaralishini bildirar edi. „Unprepared Certainty“, 6-avgustda eʼlon qilindi, bu „Wake Me Up“ va „Runaway“ qoʻshiqlarining birinchi rasmiy tizeri boʻldi.

2024-yil 7-avgustda Universal, The Weeknd After Hours albomi bilan bogʻliq boʻlgan 2022-yilgi Halloween Horror Nightsning 2024-yilgi yilgi tadbiri uchun Universal Studios Hollywoodga qaytishini eʼlon qildi. The Weeknd: Nightmare Trilogy yangi trilogiyadagi albomlardan ilhomlangan edi. U yerda Mike Dean tomonidan yozilgan The Weekndning qoʻshiqlari yangrar edi. Hurry Up Tomorrow albomidan, hali chiqarilmagan „Take Me Back to LA“ va „São Paulo“ qoʻshiqlari eshitilib turar edi. Tadbir 2024-yil 5-sentyabridan 3-noyabrigacha davom etgan. 31-avgust kuni, oʻsha paytda hali nomi maʼlum boʻlmagan "São Paulo" treki San-Paulodagi NFL Brasil oʻyinining reklamasida yangraydi.

2024-yil sentabr–dekabr: Albomning eʼlon qilinishi, singllar va jonli chiqishlar The Weeknd 2024-yil 7-sentabr kuni Braziliyaning San-Paulo shahrida oʻzi mansub boʻlgan Efiopiya merosi va diniy mavzularidan ilhomlangan sahna bezaklariga ega maxsus bir kechalik konsertini eʼlon qildi. Konsert faqatgina uning yangi trilogiyasidagi qoʻshiqlarga bagʻishlandi va toʻqqizta hali taqdim etilmagan qoʻshiqlar, shuningdek, Anitta hamda Playboi Carti mehmon sanʼatkor sifatida ishtirok etgan treklar ham ijro etildi. Konsert ijobiy baholar oldi va keyingi konsertlarda ham qoʻllanilgan yangi sahna dizayni namoyish etildi. Hurry Up Tomorrow albomi nomi esa 4-sentabr kuni, konsertdan bir necha kun oldin, yozma hikoya bilan birga eʼlon qilingan video orqali rasman eʼlon qilindi.

7-sentabr kuni konsertdan bir necha soat oldin albom muqovasi eʼlon qilindi va XO veb-doʻkoni orqali vinil va CD formatidagi albomlarga oldindan buyurtmalar ochildi. 2024-yil oktabridan dekabrigacha toʻrt xil muqovaga ega alternativ vinil plastinka nashrlariga oldindan buyurtmalar ochildi, har birining dizayni alohida rassom tomonidan eksklyuziv tarzda yaratilgan edi. Albom uchun moʻljallangan ilk singl – „Dancing in the Flames“ 13-sentabr kuni chiqarildi.

The Weeknd 2024-yilgi iHeartRadio Music Festival dasturiga kiritildi. bu uning 2017-yildan beri ilk bor ishtirok etishi boʻldi. 21-sentabr kuni u Las-Vegasda 20 daqiqalik chiqish qildi, unda After Hours va Dawn FM albomlaridan xitlar, shuningdek Hurry Up Tomorrow albomidan „Dancing in the Flames“ va hali chiqarilmagan „São Paulo“ qoʻshigʻi ijro etildi. Oradan olti kun oʻtib, Playboi Carti ishtirokidagi albomning ikkinchi singli – „Timeless“, 30-oktabrda esa Anitta ishtirokidagi uchinchi singl – „São Paulo“ taqdim etildi.

After Hours til Dawn Tour doirasida Avstraliyaning ikkita shahrida, Melburn va Sidneyda ikkitadan konsert oʻtkazdi. 22- va 23-oktabr kunlari Sidneydagi konsertlarda The Weeknd yangi qoʻshigʻi „Open Hearts“ni ijro etdi, bu qoʻshiq 14-noyabrda faqat Apple Vision Pro uchun, keyinroq, 2025-yil 31-yanvarda esa albomning qolgan qismi bilan birga striming uchun chiqarildi.

The Weeknd 2024-yil 27-noyabrda, After Hours albomining yetakchi singli „Heartless“ chiqarilganidan besh yil oʻtgach, 2025-yil 24-yanvarni albomning chiqarilish sanasi sifatida eʼlon qildi. Shuningdek, u albom chiqqan kunining ertasiga Pasadenadagi Rose Bowl stadionida „bir kechalik“ konsertini oʻtkazishni rejalashtirganini eʼlon qildi. Konsertda „avval hech qachon koʻrilmagan prodyuserlik ishi“ va stadionning butun yuzasini qoplagan sahnaga ega boʻlishi kerak edi. 2024-yil 2-dekabrda shou bir soat ichida sotilib ketdi, chunki 300,000 dan ortiq muxlislar chiptalarni sotib olishga urinishgan edi.