Abbos Kiarostami (; 1940-yil 22-iyun, Tehron — 2016-yil 4-iyul, Parij) — eronlik kinorejissyor, ssenarist, shoir, fotograf va kinoproduser. 1970-yildan boshlab faol kino ijodkorlik bilan shug‘ullangan Kiarostami qisqa metrajli va hujjatli filmlarni hisobga olganda, qirqdan ortiq film yaratishda ishtirok etgan. U „Koker trilogiyasi“ (1987–1994), „Yaqindan ko‘rinish“ (1990), „Shamol bizni olib ketadi“ (1999) hamda 1997-yilgi Cannes kinofestivalida „Oltin palma novdasi“ mukofotiga loyiq ko‘rilgan „Gilos taʼmi“ filmlari bilan tanqidchilar eʼtirofiga sazovor boʻlgan. O‘zining keyingi asarlari — „Tasdiqlangan nusxa“ (2010) va „Oshiq kabi“ (2012) filmlarini u ilk bor Eron tashqarisida, Italiya va Yaponiyada suratga oldi.
U 1960-yillar oxirida boshlangan Eron kinosidagi „Yangi toʻlqin“ harakatining yetakchi vakillaridan edi. Uning filmlari bosh qahramon sifatidagi bolalar, hujjatli uslubdagi badiiy hikoya, qishloq muhiti, avtomobil ichidagi suhbatlar hamda real va badiiy elementlarning o‘zaro qorishib ketishi bilan ajralib turadi.
Biografiyasi
Kiarostami Tehronda fors oilasida tugʻilgan. U sanʼatdagi ilk qadamlarini rasm chizishdan boshlagan va bu mashg‘ulotni oʻsmirlik yillarining oxirigacha davom ettirgan. 18 yoshida rasm tanlovida gʻolib chiqqan va koʻp oʻtmay Tehron universiteti tasviriy sanʼat fakultetiga oʻqishga kirgan. U universitetda rassomlik va grafik dizayn yoʻnalishida tahsil olgan, oʻqish xarajatlarini qoplash uchun esa yoʻl harakati xavfsizligi xodimi boʻlib ishlagan.
U 1960-yillarda reklama sohasida rassom, dizayner va illyustrator sifatida faoliyat yuritib, plakatlar tayyorlagan. 1962–1966-yillar oralig‘ida Eron televideniyesi uchun taxminan 150 ta reklama roligini suratga olgan. 1960-yillar oxiriga kelib, u bolalar kitoblarini rasmlar bilan bezash bilan birga, filmlar uchun titrlar dizaynini (jumladan, Masʼud Kimiyoyining „Qaysar“ filmi uchun) tayyorlay boshlagan.
Kiarostami 1979-yilgi Islom inqilobidan keyin koʻp hamkasblari mamlakatni tark etgan bir paytda, Eronda qolgan kam sonli rejissyorlar sirasiga kirardi. U bu qadamni kasbiy hayotidagi eng muhim qarorlaridan biri deb hisoblagan. 1969-yilda u Parvin Amir Golliga uylangan va ularning ikki oʻgʻil farzandi bor — Ahmad va Bahman, er-xotin 1982-yilda ajrashishgan. Rejissyor ko‘zining yorugʻlikka oʻta sezgirligi tufayli koʻpincha toʻq rangli (qora) koʻzoynak taqib yuradi.
U 2016-yil mart oyida ichakdan qon ketishi tufayli shifoxonaga yotqizilgan, iyun oyining oxirida davolanishni davom ettirish uchun Parijga yo‘l olgan va o‘sha yerda 2016-yil 4-iyulda, 76 yoshida vafot etgan. Uning tanasi Tehronga keltirilib, 10-iyul kuni o‘zi kino faoliyatini boshlagan Bolalar va oʻsmirlarning intellektual rivojlanish institutida xayrlashuv marosimi oʻtkazildi, soʻng Tehron yaqinidagi Lavasan shaharchasida dafn etildi. Hamkasbi Mohsen Maxmalbaf uni Eron kinosiga bugungi xalqaro obroʻ-e’tiborni olib kelganini ta’kidlash bilan birga, uning filmlari vatanida kam namoyish etilganini ham qayd etgan.
Kino faoliyati
1970-yilda Dariush Mehrjuining „Sigir“ filmi bilan Eron kinosida „Yangi toʻlqin“ harakati boshlangan bir paytda, Kiarostami Tehrondagi Bolalar va oʻsmirlarning intellektual rivojlanish institutida („Kanun“) kino boʻlimini tashkil etishga koʻmaklashgan. Mazkur boʻlimning birinchi mahsuloti va Kiarostamining debyut ijod namunasi — 12 daqiqalik neorealistik „Non va koʻcha“ (1970) qisqa metrajli filmi boʻlib, unda maktab oʻquvchisining tajovuzkor it bilan toʻqnashuvi haqida hikoya qilinadi. Vaqt o‘tishi bilan ushbu boʻlim Eronning eng mashhur kinostudiyalaridan biriga aylandi. 1974-yilda suratga olingan „Musofir“ filmida kichik bir shaharchada yashovchi muammoli oʻsmir Qosim Julayining Tehronda boʻlib oʻtadigan futbol oʻyiniga yetib borish maqsadida doʻstlari va qoʻshnilarini aldab pul yigʻishi, biroq yakunda taqdirning kinoyali burilishiga duch kelishi hikoya qilinadi. Mazkur film inson xulq-atvorini hamda toʻgʻri va notoʻgʻri tushunchalar oʻrtasidagi muvozanatni tadqiq etadi.
Kiarostami xalqaro eʼtirofga „Doʻstimning uyi qayerda?“ (1987) filmi orqali erishgan. Unda vijdonli sakkiz yoshli maktab oʻquvchisining qoʻshni qishloqqa borib, doʻstining daftarini qaytarishga urinishi tasvirlangan, aks holda doʻsti maktabda qattiq jazolanishi mumkin edi. Film toʻliq bola nuqtai nazaridan suratga olingan. Mazkur asar hamda keyinchalik yaratilgan „Hayot va boshqa hech narsa“ (1992) va „Zaytun daraxtlari orasidan“ (1994) filmlari kino tanqidchilari tomonidan „Koker trilogiyasi“ deb ataladi, chunki ularning barchasida voqealar Eron shimolidagi Koker qishlogʻida boʻlib oʻtadi. Shuningdek, bu filmlar 40 ming kishining umriga zomin boʻlgan 1990-yilgi Manjil–Rudbor zilzilasi mavzusi bilan ham oʻzaro bogʻliqdir. Trilogiya 1990-yillarda Fransiya va Gʻarbiy Yevropaning boshqa mamlakatlarida katta muvaffaqiyat qozondi.
„Yaqindan koʻrinish“ (1990) filmi oʻzini mashhur rejissyor Mohsen Maxmalbaf qilib koʻrsatib, bir oilani yangi filmda suratga tushishga ishontirgan insonning haqiqiy sud jarayoni haqida hikoya qiladi. Qisman hujjatli, qisman badiiy-sahnalashtirilgan ushbu kartina soxta rejissyor Hossain Sabzianning oʻz qilmishini qanday axloqiy vajlar bilan oqlashga urinishini tadqiq etadi. Rejissyorning navbatdagi asari — „Gilos taʼmi“ (1997) filmi esa oʻz joniga qasd qilishga qaror qilgan janob Badiy ismli shaxs haqidagi falsafiy drama boʻlib, unda axloq, oʻz-oʻzini oʻldirishning huquqiy va diniy jihatlari hamda rahm-shafqat tushunchasi kabi jiddiy mavzular oʻrtaga tashlanadi. Mazkur film Cannes kinofestivalida nufuzli „Oltin palma novdasi“ mukofotiga loyiq koʻrilgan. Rejissyorning 1999-yilda suratga olingan „Shamol bizni olib ketadi“ filmi Venetsiya kinofestivalida hakamlar hayʼatining Maxsus bosh mukofotiga („Kumush sher“) sazovor boʻlgan.
2002-yilda yaratilgan „Oʻn“ filmida anʼanaviy ssenariynavislik qoidalaridan butunlay voz kechilgan, undagi voqealar Tehron koʻchalarida avtomobil boshqarayotgan ayolning turli yoʻlovchilar bilan boʻlib oʻtgan oʻnta suhbati orqali ochib beriladi. Suratga olish jarayonida Kiarostamining oʻzi mashina ichida boʻlmagan, u aktyorlarga faqat oldindan koʻrsatmalar bergan, tasvirni esa avtomobilning old oynasiga oʻrnatilgan statsionar kameralar muhrlagan. 2010-yilda Toskanada suratga olingan hamda bosh rolni Juliette Binoche ijro etgan „Tasdiqlangan nusxa“ filmi rejissyorning Eron tashqarisida yaratilgan ilk ijod mahsuli boʻldi, Binoche ushbu roli uchun Cannes kinofestivalida „Eng yaxshi ayol roli“ mukofotiga sazovor boʻldi. Kiarostamining vafotidan oldingi soʻnggi toʻliq metrajli badiiy asari — Yaponiyada suratga olingan „Oshiq kabi“ (2012) filmi boʻlgan. Rejissyorning yakuniy ijod namunasi — uning oʻzi muhrlagan 24 ta fotosurat asosida yaratilgan „24 kadr“ eksperimental filmi boʻlib, u muallif vafotidan keyin, 2017-yilda keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Kiarostami oʻz filmlarida klassik fors sheʼriyatidan, jumladan, Umar Xayyom ruboiylaridan, shuningdek, Suhrob Sipehriy va Furoʻgʻ Farruhzod kabi zamonaviy shoirlarning asarlaridan keng foydalangan. Rejissyor sanʼat falsafasiga toʻxtalar ekan, haqiqatning tub mohiyatiga faqat badiiy toʻqima va shartlilik (yolgʻon) vositasidagina yaqinlashish mumkin, degan konseptual qarashni ilgari surgan. 2020-yil avgust oyida „Oʻn“ filmida bosh rolni ijro etgan Mania Akbari Kiarostamini oʻziga tegishli shaxsiy video materiallarni muallif ruxsatisiz filmga montaj qilganlikda (ijodiy mulkni o‘zlashtirishda) aybladi, 2022-yilda esa u rejissyorni jinsiy tegajogʻlik va zoʻravonlikda ham ayblab chiqdi. Ushbu mojarolardan soʻng Britaniya kino instituti (BFI) „Oʻn“ filmini Kiarostami ijodiga bagʻishlangan retrospektiv namoyishlar dasturidan chiqarib tashladi.
Filmografiyasi
Badiiy filmlari Yil Film nomi Rejissyor Ssenariychi 1973 The Experience 1974 The Traveler 1976 A Wedding Suit 1977 The Report 1979 First Case, Second Case 1983 Fellow Citizen 1984 First Graders 1987 Where Is the Friend's House? 1987 The Key 1989 Homework 1990 Close-Up 1992 Life, and Nothing More... 1994 Through the Olive Trees 1994 Safar 1995 The White Balloon 1997 Taste of Cherry 1999 Willow and Wind 1999 The Wind Will Carry Us 2001 ABC Africa 2002 The Deserted Station 2002 Ten 2003 Crimson Gold 2003 Five Dedicated to Ozu 2004 10 on Ten 2005 Tickets 2006 Men at Work 2006 Víctor Erice–Abbas Kiarostami: Correspondences 2007 Persian Carpet 2008 Shirin 2010 Certified Copy 2012 Like Someone in Love 2012 Meeting Leila 2016 Final Exam 2017 24 Frames
Qisqa metrajli filmlari Yil Film nomi Rejissyor Ssenariychi 1972 Recess 1975 Two Solutions for One Problem 1975 So Can I 1976 The Colours 1977 Tribute to the Teachers 1977 Jahan-nama Palace 1977 How to Make Use of Leisure Time 1978 Solution 1980 Driver 1980 Orderly or Disorderly 1982 The Chorus 1995 Solution 1995 Abbas Kiarostami 1997 The Birth of Light 1999 Volte sempre, Abbas! 2005 Roads of Kiarostami 2007 Is There a Place to Approach? 2013 The Girl in the Lemon Factory 2014 Seagull Eggs
Manbalar
Havolalar
Abbos Kiarostami vafoti haqida — „The Guardian“ nekrologi
Turkum:22-iyunda tugʻilganlar
Turkum:1940-yilda tugʻilganlar
Turkum:2016-yilda vafot etganlar
Turkum:Eronlik kinorejissyorlar