Artroskopiya (yunoncha ρθρον – boʻgʻim va σκοπεῖν – koʻrish maʼnosini anglatuvchi soʻzlardan olingan) boʻgʻimlarning maxsus texnika orqali operatsiyasi sifatida ham maʼlum. U endoskop yordamida kichik kesmali tuynuk (artrotomiyalar) orqali boʻgʻimlarni davolashning minimal invaziv diagnostik yoki terapevtik usulidir. Boʻgʻimlardan tashqari holatlarda endoskopiya degan umumiy atama qoʻllaniladi. Artroskopik usullar eng koʻp qoʻllaniladigan joylar yirik boʻgʻimlar (tizza, yelka, tos-son, tirsak) hisoblanadi. Texnik taraqqiyot tufayli (kichikroq artroskoplar va asboblar yaratilishi bilan) artroskopiya endi maydaroq boʻgʻimlar uchun ham (masalan, bilak va toʻpiq) qoʻllanilmoqda.
Artroskopiya tarixi Daniyalik jarroh Severin Nordentoft (1866–1922) artroskopiyaning asoschisi hisoblanadi va birinchi boʻlib „artroskopiya“ („arthroscopia genu“) atamasini ilmiy muomalaga kiritgan. U 1912-yilda Berlinda boʻlib oʻtgan Germaniya jarrohlik kongressida tizza boʻgʻimi artroskopiyasi uslubini ilk bor tavsiflagan. Bu texnikada u trokarli endoskop, yaʼni moslashtirilgan sistoskopdan foydalangan. Biroq, u bu metodikani faqat kadavrlarda qoʻllaganmi yoki klinik amaliyotda bemorlar bilan ham ishlatganmi – hozirgacha aniq maʼlumot mavjud emas.
Bir necha yil oʻtib, Yaponiya jarrohi Kendzi Takagi (1888–1963) ham tizza boʻgʻimlarining kadavrlari ustida artroskopik tadqiqotlar oʻtkazgan. U sistoskoplar asosida asta-sekinlik bilan yanada qulay va moslashuvchan asboblarni ishlab chiqqan. 1930-yillarga kelib, Takagi artroskopik tekshiruvlar davomida ilk bor intraartikulyar rangli tasvirlarni olishga erishgan va oʻzining „Artroskop“ nomli ishini chop etgan.
Deyarli shu davrda, shveytsariyalik jarroh Eugen Bircher (1882–1956) 1921-yilda Shveytsariyaning Aarau kantonal shifoxonasida 19 ta klinik holat asosida artroskopiyaga bagʻishlangan birinchi maqolasini eʼlon qilgan. U 1919-yildan boshlab tirik bemorlarda diagnostik artroskopiyalarni amaliyotga tatbiq etgan. Bircher artroskopik koʻrish uchun boʻshliqni gaz bilan toʻldirishda azot yoki kisloroddan foydalanib, menisk shikastlanishlarini aniqlagan va tizza bogʻlamlarini ochiq jarrohlik usulida tuzatgan. 1930-yilgacha u taxminan 60 ta artroskopik amaliyot oʻtkazgan. Ammo keyinchalik bu texnikadan voz kechib, menisk patalogiyalarini aniqlash uchun dablkontrastli artrografiyani afzal koʻrgan.
Kendzi Takagining shogirdi boʻlgan yaponiyalik jarroh Masaki Vatanabe (1911–1995) artroskopiya sohasini yanada rivojlantirgan va 1957-yilgacha taxminan 800 ta tizza artroskopik operatsiyasini bajargan. U artroskopik texnikalarni zamonaviylashtirishda asosiy shaxs sifatida tan olingan.
Kanadalik jarroh Robert Jackson (1932–2010) esa 1960-yillarda Yaponiyaga tashrifi chogʻida Masaki Vatanabe bilan hamkorlikda ushbu texnologiyalarni oʻrgangan va ularni Shimoliy Amerikada joriy qilgan. Keyingi oʻn yilliklar davomida texnologik yutuqlar – xususan, sovuq yorugʻlik manbalari, kameralar, egiluvchan optik tolalar, suv nasoslari va boshqa zamonaviy qurilmalar – artroskopiyaning jadal rivojlanishiga turtki bergan.
Texnik talablar Artroskopik operatsiyani amalga oshirish uchun quyidagi asbob-uskunalar majmuasi zarur: Kamera moduli va optikasi bilan jihozlangan kamera tizimi (odatda 30° optika qoʻllaniladi, zaruratga koʻra 70° lik variant ishlatiladi); Monitor – vizualizatsiya uchun; Ksenon yoki LED asosidagi intensiv yorugʻlik manbai – boʻgʻim ichini yoritish uchun; Nasosli blok (pump) – boʻgʻim ichiga suv yuborish va uni maʼlum bosimda ushlab turish uchun; Toʻqimalarni olib tashlash tizimi – osillatsion soʻruvchi frezalarni (shaver) ulash uchun moʻljallangan, zarurat tugʻilganda ishlatiladi; Yuqori chastotali elektrojarrohlik qurilmasi – mono- yoki bipolyar elektrokoagulyatsiya uchun; Foto yoki video hujjatlashtirish uchun moslama – protsedurani hujjatlashtirishda foydalaniladi. Bundan tashqari, artroskopik operatsiyalar uchun maxsus artroskopik ishchi asboblar talab qilinadi. Ular ochiq jarrohlik asboblaridan uzunligi va oʻlchami jihatidan farq qiladi (masalan: oʻlchovli zond, artroskopik qaychi, artroskopik pleyerlar (punch), tugun itaruvchilar (knot pushers) va boshqalar). Shuningdek, boʻgʻim ichidagi suv bosimini optimal darajada saqlab qolish uchun, kirish portlari (trokarlar) oʻz-oʻzidan yopiluvchi kanyulalar (qattiq yoki moslashuvchan turdagi) bilan jihozlanishi mumkin.
Umumiy metodika Artroskop standartlashtirilgan portal orqali, boʻgʻim sohasida kichik kesma yordamida kiritiladi. Kichik boʻgʻimlar (masalan, bilak, tovon, barmoq boʻgʻimlari) artroskopiyasida trokarni kiritishdan avval, boʻgʻim boʻshligʻini suyuqlik bilan toʻldirish talab etiladi. Bu boʻgʻim kapsulasini xondral yuzaga nisbatan ajratib, artroskopning xavfsiz kiritilishini osonlashtiradi.
Vizual nazorat ostida ishchi asboblarni kiritish uchun qoʻshimcha (ishchi) portal yaratadi. Diagnostik artroskopiya boʻgʻim boʻshligʻining toʻliq vizual koʻrikdan oʻtkazilishini oʻz ichiga oladi. Bunda boʻgʻim ichidagi geliak (spiralsimon) tuzilmalar vizual, funksional va palpator (zond orqali) baholanadi.
Boʻgʻimning asosiy anatomik tuzilmalari holati va amalga oshirilgan muolajalar standartlashtirilgan tartibda foto yoki video hujjatlashtirish orqali qayd etiladi.
Artroskopik amaliyotlar Artroskopik amaliyotlar, avvalo, tizza boʻgʻimi, yelka, son, tirsak va toʻpiq boʻgʻimida keng qoʻllaniladi. Ushbu muolajalar quyidagi maqsadlarda bajariladi: Boʻgʻim boʻshligʻidagi erkin jismlarni (osteoxondral fragmentlar, sinovial tanachalar va boshqalar) olib tashlash. Boʻgʻim harakatchanligini tiklash (artroliz) – boʻgʻim ichidagi fibroz yopishmalarni bartaraf etish orqali harakatni tiklash.
Tizza boʻgʻimi artroskopiyasi Tizza boʻgʻimi artroskopiyasi – yaʼni „tizza artroskopiyasi“ – eng keng tarqalgan artroskopik amaliyot hisoblanadi va koʻplab holatlarda klassik artrotomiya (boʻgʻimni ochish bilan bajariladigan jarrohlik) oʻrnini egallagan. Hozirgi vaqtda tizza boʻgʻimi artroskopiyasi standart jarrohlik usuli sifatida quyidagi holatlarda keng qoʻllaniladi:
Boʻgʻim ichidagi erkin jismlarni olib tashlash; Tizza boʻgʻimini mobilizatsiya qilish (artroliz); Xondral tuzilmalarni diagnostika qilish; Xondarl yuzasining qisman jarrohlik davosi (masalan, debridman yoki mikrofaktur); Menisk jarrohligi (rezeksiya yoki tiklash); Oldingi yoki orqa xochsimon boylamlarni rekonstruksiya qilish. Aksariyat hollarda kamida ikkita kirish porti ochiladi – ular tizza qopqogʻi (patella) payi (ligamentum patellae) ning ikki yon tomonida joylashadi. Ushbu portlar odatda kamera va ishchi portal sifatida ishlatiladi. Operatsiya maqsadiga koʻra, qoʻshimcha kirish portlari ham ochilishi mumkin. Shuni taʼkidlash lozimki, tizza artrozida artroskopiyaning klinik foydasi ishonchli tadqiqotlar orqali tasdiqlanmagan. Cochrane sharhi va Germaniyaning IQWiG (Sogʻliqni baholash instituti) tomonidan olib borilgan baholashlarga koʻra, bunday holatlarda artroskopiyaning aniq samaradorligi isbotlanmagan. Yelka boʻgʻimi artroskopiyasi Yelka sohasida artroskopiya koʻplab kasalliklarni aniqlash va davolash imkonini beradi. Na faqat yelkaning asosiy boʻgʻimi – glenogumeral boʻgʻim, balki oʻmrov kurak suyagi orasidagi boʻgʻim (akromioklavikulyar boʻgʻim) hamda yelkaning yuqori qismida joylashgan burza (subakromial bursa) ham artroskop yordamida koʻzdan kechiriladi va muolaja qilinadi. Yelka boʻgʻimida eng koʻp bajariladigan artroskopik amaliyotlar: Subakromial dekompressiya – yelkaning yuqori qismidagi suyak va yumshoq toʻqimalar orasidagi bosimni kamaytirish; Artroliz – yelka harakatini cheklovchi patalogiyani olib tashlab, boʻgʻimni harakatchan holatga qaytarish; Akromioklavikulyar boʻgʻimni qisqartirish (rezeksiya qilish) – artroz yoki yalligʻlanish natijasida zararlangan suyak uchlarini olib tashlash; Kalsiy toʻplanmalarni chiqarib tashlash – boʻgʻim ichida toʻplanib qolgan kalsinatlarni olib tashlash; Biseps mushagining uzun payini mustahkamlash yoki boshqa joyga koʻchirish; Yelkani barqarorlashtirish – doimiy chiqish (dislokatsiya)larni oldini olish; Rotator manjetkani tiklash – yelkaning harakatiga javobgar mushak va paylar majmuasini muolaja qilish. Soʻnggi yillarda yelka artroskopiyasi juda rivojlanib, ilgari faqat katta kesmalar orqali bajarilgan operatsiyalar hozirda kam shikast yetkazadigan usul – artroskopiya yordamida ham amalga oshirilmoqda. Masalan, ilgari ochiq operatsiya orqali tuzatilgan akromioklavikulyar boʻgʻim muammolari endilikda artroskopik yoʻl bilan davolanmoqda. Yelka artroskopiyasi odatda orqa (yaʼni kurak tomondan) kichik teshik orqali boshlanadi. Zarurat tugʻilsa, yana old tomondan va yon tomondan qoʻshimcha kirish yoʻllari ham ochiladiS. Lichtenberg, P. Habermeyer, P. Magosch: Atlas Schulterarthroskopie. Urban & Fischer Verlag, 2008..
Son boʻgʻimi artroskopiyasi Son boʻgʻimi artroskopiyasi dastlab faqat aniq sababsiz ogʻriqlar boʻlgan hollarda diagnostika vositasi sifatida ishlab chiqilgan. Biroq hozirgi kunda bu usul standart davolash amaliyotlari tarkibiga kiritilgan va son boʻgʻimidagi turli oʻzgarishlar tufayli amaliyotlarni oʻtkazishda keng qoʻllanilmoqda. Son sohasida eng koʻp qoʻllaniladigan artroskopik muolajalar quyidagilardir: Impindjment (siqilish sindromi) jarrohligi: Son suyagining boʻyin qismini maxsus kesib, uning harakatga halal berishini yoʻqotish; Chanoq (acetabulum) chetlarini shakllantirish (plastika); Siqilgan yoki yirtilgan paylarni davolash. Boʻgʻim ichidagi erkin jismlarni olib tashlash – boʻgʻim yoki suyak boʻlaklarini; Ligamentum teres (son boʻgʻimi ichidagi pay) shikastlarini davolash; Boʻgʻim tashqarisida bajariladigan muolajalarM. Dienst: Lehrbuch und Atlas Hüftarthroskopie: Diagnostik – Technik – Indikationen. Urban & Fischer Verlag, 2009.. Tirsak boʻgʻimi artroskopiyasi Tirsak boʻgʻimi artroskopiyasi soʻnggi yillarda katta ahamiyat kasb etmoqda. Nafaqat davolash, balki dinamik artroskopik tekshiruv orqali tirsakdagi yashirin boʻlgan barqarorlik buzilishlarini (ayniqsa, orqa-yonbosh boʻylab) aniqlash va ularga mos ravishda davolash imkoniyati yaratilmoqda. Tirsak boʻgʻimida odatda bajariladigan artroskopik muolajalar quyidagilardan iborat: Boʻgʻim ichidagi erkin jismlarni olib tashlash – bu boʻgʻim, suyak yoki boshqa boʻlaklar boʻlishi mumkin; Artroliz – boʻgʻimni harakatchan holatga qaytarish (boylamlarni boʻshatish orqali); Ogʻriq chaqiruvchi sinovial qoplarni olib tashlash – bu boʻgʻimdagi shishgan yoki yalligʻlangan shilliq qavat qopchalari xisoblanadi; Boʻgʻim holatini aniqlash va zarurat boʻlsa, uni davolash – masalan, boʻgʻim yuzasidagi shikastlar, yemirilish yoki rekonstruksiya amaliyotlariU. Stöckle: Ellenbogenchirurgie: Atlas zu Standardverfahren, Tipps und Tricks. Urban & Fischer Verlag, 2009, ISBN 978-3-437-24740-8.. Bolalar va oʻsmirlarda tirsak bo‘g‘imi artroskopiyasi ayniqsa foydali hisoblanadi. Chunki ularning boʻgʻimlari kichikroq boʻlib, bu davolashni murakkablashtiruvchi omil sanaladi. Bundan tashqari, bolalarda suyak oʻsishini taʼminlaydigan joylar – epifizlar – juda ehtiyotkorlik bilan tekshiruvni talab qiladi. Artroskopiya – bu kam shikast yetkazadigan (minimal invaziv) usul boʻlib, u orqali: Boʻgʻim shikastlari, Boʻgʻim ichidagi boshqa muammolar yuqori aniqlikda tekshiriladi va katta asoratlarsiz xavfisiz muolaja qilinadi. Shu sababli, artroskopiya bolalar tirsak boʻgʻimi kasalliklari va jarohatlarida samarali va xavfsiz usul sifatida tavsiya etiladi. Toʻpiq boʻgʻimi artroskopiyasi Toʻpiq boʻgʻimining oldingi qismi artroskopiyasi bir necha yillardan buyon keng qoʻllanilib kelinmoqda. Bu sohada bir nechta samarali artroskopik amaliyotlar bajariladi: Boʻgʻim ichidagi erkin jismlarni olib tashlash; Artroliz – yopishmalar yoki chandiqlarni olib tashlab, boʻgʻimni erkin harakatga keltirish; Ogʻriqli chandiq toʻqimalarni yoʻqotish;