Abulqosim Abdulloh ibn Muhammad al-Xoqoniy () – Abbosiylar xalifaligi vaziri Muhammad ibn Ubaydulloh al-Xoqoniyning oʻgʻli, 912–913-yillarda otasi vazir boʻlgan davrda hukumatni boshqargan, 924–925-yillarda esa oʻzi vazir boʻlgan.

Hayoti Abdulloh 924–925-yillarda vazir sifatida xizmat qilgan Muhammad ibn Ubaydulloh al-Xoqoniyning oʻgʻli, 851—861 va 870—877-yillarda vazir boʻlgan Ubaydulloh ibn Yahyo ibn Xoqonning nabirasi boʻlgan. Otasi vazir boʻlgan davrda ukasi Abdulvohid bilan birga kotiblik qilgan. Otasi saroyda oʻz mavqeini mustahkamlash bilan band boʻlgan bir paytda davlat boshqaruvi, asosan, Abdulloh zimmasida edi. Shunga qaramay, zamondosh tarixchilarning taʼkidlashicha, Abdulloh ham, otasi ham sustkash va loqayd, boshqaruvda layoqatsiz boʻlishgan. Tarixchi Ibn Miskavayhning yozishicha, davlat boshqaruvi shu darajada tartibsiz boʻlganki, birgina viloyatga 20 kun ichida 7 nafar hokim tayinlangan.

Birinchi vazirlik davridagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, Abdulloh 924-yil iyun oyida Ali ibn al-Furotning oʻrniga yana vazir lavozimiga tayinlandi. Ali ibn al-Furot oʻtgan yili qarmatlar tomonidan Basraga hujum qilinishi va haj karvonining vayron qilinishi ortidan obroʻsizlanib, qatl etilgan edi. Abdulloh Abbosiylar hukumatini oʻsha davrdagi jiddiy muammolardan xalos eta olmadi va 925-yil noyabr oyida bosh qoʻmondon Muʼnis al-Muzaffarning talabiga binoan lavozimidan chetlatildi. Oʻsha paytda Mu’nis amalda xalifalik noibi edi. Odatga koʻra, Abdulloh qamoqqa olindi va jarima toʻlashga majbur boʻldi. Qamoqdan ozod etilgach, 926/927-yillarda vafot etdi.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Abbosiylar xalifaligining asirlari va mahbuslari Turkum:Tugʻilgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar Turkum:Abbosiylar xalifaligi vazirlari