Oʻrgimchak-odam: Yangi kun () — Marvel Comics qahramoni Oʻrgimchak-odam haqidagi superqahramonlik filmi. Film Columbia Pictures, Marvel Studios va Pascal Pictures tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, Sony Pictures Releasing tomonidan namoyish etiladi. U Marvel Kino Olamining (MCU) 38-filmi hamda Spider-Man: No Way Home (2021) filmidan keyingi toʻrtinchi MCU Spider-Man filmi hisoblanadi. Filmga Destin Daniel Cretton rejissyorlik qilgan, ssenariyni esa Chris McKenna va Erik Sommers yozgan. Asosiy rolni yana Tom Holland ijro etib, Peter Parker / Spider-Man obrazini gavdalantiradi. Shuningdek, filmda Zendaya, Sadie Sink, Jacob Batalon, Jon Bernthal, Florence Pugh, Tramell Tillman, Marisa Tomei, Michael Mando va Mark Ruffalo kabi aktyorlar ham ishtirok etadi. Filmda Parker yolg‘iz holda qahramon O‘rgimchak odam sifatida Nyu-York shahrini himoya qilishga o‘zini bag‘ishlaydi. Shaxsiy muammolari va haddan tashqari ko‘p ishlashi uning superqobiliyatlarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, Parker yangi telepatik tahdidga duch keladi.
Spider-Man: Brand New Day filmini yaratish gʻoyasi 2019-yil avgust oyidayoq Sony Pictures tomonidan muhokama qilina boshlagan. 2021-yil noyabrida film prodyuseri Amy Pascal ushbu loyiha Tom Holland bosh rolni ijro etadigan yangi Spider-Man trilogiyasining ilk filmi boʻlishini maʼlum qilgan. 2021-yil dekabr oyida ssenariy gʻoyasi ishlab chiqila boshlangan. Tom Holland bu safar faqat bosh rol ijrochisi sifatida emas, balki ijodiy jarayonda ham faol qatnashgan. Uning Peter Parker obrazining rivojlanishi haqidagi fikrlari film konsepsiyasini shakllantirishda muhim rol oʻynagan. 2023-yil fevral oyida avvalgi Spider-Man filmlarining ssenariy mualliflari Chris McKenna va Erik Sommers yana loyiha ustida ishlashni boshladilar. 2024-yil oktyabr oyida esa rejissyorlik vazifasi Destin Daniel Crettonga topshirildi. 2025-yil mart oyida filmning Brand New Day nomi rasman eʼlon qilingan. Bu nom 2008-yilda nashr etilgan Marvel komikslaridagi mashhur „Brand New Day“ syujetiga ishora qiladi. Mazkur komiksda Spider-Manning hayoti tubdan oʻzgaradi. Film ijodkorlari ham aynan shu gʻoyani ekranga olib chiqishni maqsad qilgan: Peter Parker endi yolgʻiz harakat qiladigan, Nyu-York koʻchalaridagi jinoyatlarga qarshi kurashuvchi qahramon sifatida tasvirlanadi. Suratga olish ishlari boshlanishidan avval Jon Bernthal va Mark Ruffalo Marvel Kino Olamidagi mashhur rollariga qaytishi tasdiqlangan. Bernthal yana Frank Castle / Punisher, Ruffalo esa Bruce Banner / Hulk obrazlarini gavdalantiradi va shu orqali film voqealarini MCU bilan yanada chambarchas bogʻlaydi. Filmni suratga olish ishlari 2025-yil avgust oyida boshlanib, dekabr oyida yakunlangan. Tashqi sahnalar Shotlandiyaning Glazgo shahri hamda Angliyaning turli hududlarida tasvirga olingan. Maxsus dekoratsiyalar talab qiladigan ichki sahnalar esa Angliyadagi Pinewood Studios pavilyonlarida suratga tushirilgan. Bu studiya zamonaviy kino sanoatining eng mashhur maskanlaridan biri boʻlib, koʻplab Marvel va boshqa yirik blokbaster filmlar aynan shu yerda ishlangan.
Spider-Man: Brand New Day filmining premyerasi 2026-yil 27-iyul kuni Los Angeles shahri Hollywood Dolby Theatreda bo‘lib o‘tgan. Film 2026-yil 31-iyul kuni AQShda ommaga taqdim qilingan hamda Marvel Kino Olamining (MKO)ning oltinchi fazasi tarkibiga kirgan. Tanqidchilar tomonidan asosan ijobiy baholangan. Film dunyo bo‘ylab 2.513 milliard AQSh dollari miqdorida daromad to‘plab, daromad bo‘yicha Spider-Man filmlari orasida hamda 2026-yilda ekranlarga chiqqan filmlar orasida esa eng yuqori daromad qilgan film boʻlgan. Shuningdek, u kino tarixidagi eng yuqori daromad qilgan uchinchi filmga aylangan.
Syujeti Doctor Strangening sehrli afsuni butun insoniyat xotirasidan Peter Parker mavjudligini unuttirgach, u sevgilisi MJ va eng yaqin do‘sti Ned Leedsni himoya qilish maqsadida ularga o‘zini qayta tanishtirmaslikka qaror qiladi. Keyingi to‘rt yil davomida Parker Nyu-York shahrini O‘rgimchak odam nomi bilan anonim ravishda himoya qiladi va mashhur qahramonga aylanadi. U Mac Gargan va „Qo‘l“ ninjalar guruhi kabi yirik jinoyatchilarni mag‘lub etib, politsiya detektivi Jean DeWolffning ishonchiga sazovor bo‘ladi. Shu bilan birga Parker xolasi May Parkerning qabrini muntazam ziyorat qilib turadi.
Rollarda + Tom Holland Peter Parker (Oʻrgimchak-odam) rolida: Radioaktiv oʻrgimchak chaqqanidan soʻng oʻrgimchakka xos qobiliyatlarga ega boʻlgan sobiq Qasoskor Peter Parker Oʻrgimchak odam: Uyga yoʻl yoʻq filmi voqealaridan soʻng butunlay yangi hayot boshlaydi. Doctor Strangening sehri sababli butun dunyo uning kimligini unutadi va Parker jamiyat uchun nomaʼlum shaxsga aylanadi. Endilikda u Nyu-York shahrini koʻcha jinoyatchilaridan himoya qilishni oʻzining asosiy maqsadiga aylantiradi. Rejissyor Destin Daniel Crettonning taʼkidlashicha, Parker endi bor eʼtiborini Oʻrgimchak Odam boʻlishga qaratadi. Tom Holland esa ushbu rolni oʻziga xos chuqur hissiyotlarga boy ekanligini taʼkidlagan. Uning aytishicha, doimiy fidoyilik va oʻz manfaatlaridan voz kechish Parkerning shaxsiy hayoti hamda sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Film, shuningdek, Parkerning oʻsmirlik davridan kattalar hayotiga oʻtish jarayonida oʻzligini anglash yoʻlidagi izlanishlarini yoritadi. Holland bu obrazni talqin qilishda oʻzining hayotiy tajribalaridan ham ilhomlangani aytiladi. Jinoyatchilikka qarshi tinimsiz kurash va bir vaqtlar unga yaqin boʻlgan doʻstlarining usiz hayotlarini davom ettirayotganini koʻrish Parkerning qobiliyatlarida yangi oʻzgarishlarni yuzaga keltiradi. Natijada u tanasidan tabiiy ravishda oʻrgimchak toʻri ishlab chiqarish qobiliyatiga ega boʻladi. Bu qobiliyat Sam Raimi rejissyorligida suratga olingan bosh rolni Tobey Maguire ijro etgan Oʻrgimchak Odam filmlaridagi qobiliyatiga oʻxshashdir. Zendaya Michelle Jones-Watson / MJ rolida: Parkerning sobiq sinfdoshi hamda sevgilisi. MJ hozirda Massachusetts texnologiya institutida (MIT) Ned Leeds bilan birga taqsil oladi. Filmda MJning yangi sevgilisi paydo boʻlishi Parkerning ichki dunyosida hissiy ziddiyatlarga sabab boʻladi. Zendaya ssenariy mualliflari bilan hamkorlik qilib, MJ obrazining o‘ziga xos xususiyatlari saqlab qolinishini, shu bilan birga qahramonning xarakteri yanada yetukroq tarzda rivojlantirilishini ta’minlagan. Bunga sabab, dastlabki ssenariy variantida uning fikricha, qahramonning xarakteri haddan tashqari oddiy edi. Sadie Sink Jean Grey rolida: Telekinez, telepatiya hamda boshqa shaxs ongini egallash kabi psionik qobiliyatlarga ega bo‘lgan mutant bo‘lib, Department of Damage Control tomonidan qo‘lga olinadi va keyinchalik Spider-Manning raqibiga aylanadi. Film Jeanning kelib chiqish tarixini komikslardagidan o‘zgacha talqin qiladi. Filmda Jean o‘z qobiliyatlarini singlisi Sara bilan birgalikda asta-sekin rivojlantiradi. Bu talqin komikslardagi voqealardan farq qiladi. Komikslarda Jeanning qobiliyatlari avtohalokatdan keyin yuzaga kelgan posttravmatik stress oqibatida namoyon bo‘ladi. Jacob Batalon Ned Leeds rolida: Parkerning MJ bilan hozirda MIT da taqsil olayotgan sobiq doʻsti. U Oʻrgimchak odam ular yuqori maktabda oʻqib yurgan vaqtlari ularning hayotini saqlab qolgani uchun raxmat aytish hamda kimligini bilish ilinjida „Spidey tracker“ degan ilova yaratadi. Batalonning ta’kidlashicha, Ned va MJ har ikkisi ham to‘laqonli va farovon hayot kechirayotgan bo‘lsalar-da, ichki hissiyotlarida go‘yoki nimadir yetishmayotgandek tuyg‘u saqlanib qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ned tomonidan yaratilgan „Spidey tracker“ aynan Spider-Man bilan ular o‘rtasidagi yo‘qolgan bog‘liqlik qayta topishga qaratilgan vosita hisoblanadi. Jon Bernthal Frank Castle / Punisher rolida: Oilasining shafqatsizlarcha oʻldirilishidan soʻng, jinoyatchilik olamiga qarshi har qanday vosita orqali, uning oqibatlari qanchalik halokatli boʻlishidan qatʼi nazar, kurashishni maqsad qilgan qahramon. Film Castle obrazining Disney+ platformasida namoyish etilgan The Punisher: One Last Kill (2026) nomli maxsus televizion filmidagi voqealardan keyingi faoliyatini davom ettiradi. Mazkur maxsus film Brand New Day voqealari arafasida Frankning psixologik holatini yoritadi. Jon Bernthalning taʼkidlashicha, film voqealari boshlanishiga kelib Castle deyarli insoniyatdan butunlay yuz oʻgirgan boʻladi. Castle yuk tashuvchi kemadan qayta yasalgan uy-qayiqda faoliyat yuritadi. Ushbu inshoot bir vaqtning oʻzida boshqaruv markazi va xavfsiz boshpana vazifasini bajaradi. Prodyuser Kevin Feigening soʻzlariga koʻra, mazkur filmda qahramonning talqini uning avvalgi Marvel Kino Olamidagi (MKO) koʻrinishlariga nisbatan oʻziga xos uslubiy ohang bilan ajralib turadi. Uning avvalgi MKO loyihalaridagi talqini zoʻravonlikka asoslangan harakatlariga koʻproq urgʻu bergan boʻlsa, ushbu filmning PG-13 reytingi bunday zoʻravonlikni xuddi shu darajada tasvirlash imkonini bermaydi. Tom Hollandning aytishicha, suratga olish jarayonida u va Jon Bernthal koʻplab sahnalarni improvizatsiya qilgan. Natijada Peter Parker va Frank Castle oʻrtasidagi munosabatlar rivojlanib, dastlab oʻzaro nafrat bilan boshlangan aloqalar keyinchalik „katta aka–kichik uka“ uslubidagi raqobatga aylangan. Holland, shuningdek, Peter Parker va Frank Castle oʻrtasidagi oʻxshashlikni taʼkidlab, har ikkala qahramon ham „bir xil jarayonni boshdan kechirayotganini“ qayd etgan. Shu sababli Castle Peter Parker uchun murabbiylik rolini bajarib, unga murakkab ruhiy holatini yengib oʻtishda yordam beradi. Bundan tashqari, komikslarda tasvirlangan Castlening jangovor furgoni ilk bor ekranizatsiyalashtiriladi. Tramell Tillman Bill Metzger rolida: Damage Control Departmenti (DCD) boshligʻi boʻlib, superqobiliyatlarga ega shaxslar faoliyatini nazorat qiladi. DCD obyektida sodir bo‘lgan ommaviy qochishdan so‘ng, Metzger faqat Spider-Man sezishi mumkin bo‘lgan va uning superqobiliyatlari tufayli o‘ziga ta’sir qilmaydigan ko‘rinmas tahdidga qarshi kurashishda Spider-Mandan yordam so‘raydi. Florence Pugh Yelena Belova / Black Widow rolida: Red Roomda Black Widow boʻlishga tayyorlangan yangi qasoskorlar jamoasining aʼzosi. Marisa Tomei May Parker rolida: Peterning xolasi. U filmda fleshbeklar orqali Peterning xotiralarida paydo boʻladi. Mark Ruffalo Bruce Banner / Hulk rolida:Qasoskorlar jamoasining asoschilaridan biri boʻlgan buyuk olim. Bruce Banner gamma nurlanishi bilan bogʻliq hodisa natijasida jahli chiqqanda yoki kuchli hissiy bosim ostida qolganda ulkan, yashil terili va favqulodda kuchga ega mavjudotga aylanadi. Hozirda Banner Empire State Universitetida (ESU) kvant mexanikasi boʻyicha professor lavozimida ishlaydi. Peter Parker oʻz superqobiliyatlaridagi gʻayrioddiy oʻzgarishlarni tushunish uchun uning yordamiga murojaat qiladi. Oʻzidagi gamma nurlanishini nazorat qilish maqsadida Banner maxsus inhibitor texnologiyasidan foydalanadi, bu esa unga inson qiyofasini saqlab qolish imkonini beradi. Ushbu qurilma ilk bor Shang-Chi and the Legend of the Ten Rings filmida namoyon boʻlgan va keyinchalik She-Hulk: Attorney at Law serialida uning vazifasi hamda ishlash mexanizmi batafsil tushuntirilgan. Avengers: Endgame filmida Banner oʻz shaxsiyatining ikki tomonini (Bruce Benner va Hulk) muvaffaqiyatli birlashtirib, „Smart Hulk“ qiyofasiga erishganidan soʻng, Brand New Day filmida u yana boshqarib boʻlmaydigan va vayronkor „Savage Hulk“ shaxsiyatiga qaytadi. Ushbu qiyofa oxirgi marta Avengers: Infinity War filmida namoyon boʻlgan edi.