Rachael Elizabeth Watson (1992-yil 30-yanvarda tugʻilgan) – avstraliyalik para suzuvchi. 2016-yilgi Rio Paralimpiya oʻyinlarida Avstraliya sharafini himoya qilgan va ayollar oʻrtasida S4 toifasida 50 metrga erkin uslubda suzish boʻyicha oltin medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 2020-yilgi Tokio Paralimpiadasida ham xuddi shu natijani qayd etgan. 2024-yilgi Parij Paralimpiya oʻyinlarida esa ikkita bronza medaliga sazovor boʻlgan.

Shaxsiy hayoti Watson 1992-yil 30-yanvarda tugʻilgan. Uch egizaklardan biri, yengil serebral falajga chalingan boʻlsa-da, mustaqil holda yashash va yurishga qodir boʻlgan. 20 yoshlari boshida Watson Guillain Barre sindromiga chalingan, bu esa ogʻir mushak zaifligi va periferik asab tizimining shikastlanishiga olib kelgan. Natijada toʻrt aʼzosi falajlanib, nogironlar aravachasidan foydalanishga majbur boʻlgan. Keyinchalik unga surunkali yalligʻlanishli demiyelinizatsion polinevropatiya tashxisi qoʻyilgan.

Suzish Watson Guillian Barre sindromidan keyingi reabilitatsiya jarayonining bir qismi sifatida suzish bilan shugʻullanishni boshlagan. Musobaqalarning aksariyati koʻp toifa (MC) formatida oʻtkaziladi, bunda har bir sportchi oʻz toifasida oʻrnatilgan jahon rekordi koʻrsatkichlari asosida suzadi va eng yuqori ball toʻplagan suzuvchi amalda gʻolib boʻladi. Watson miopiya kasalligiga chalingan boʻlib, hovuz oxiridagi natijalar qayd etiladigan tabloni koʻra olmaydi, shu sababli oʻzining nechanchi oʻrinni egallaginini maʼlum qilishmaguncha qayd etgan koʻrsatkichlarini bilmaydi. Watsondagi degenerativ nevrologik kasallik tufayli sportchi S3 toifasida bahs olib boruvchi suzuvchilar tasnifiga kiritilgan.

2016-yilgi Rio Paralimpiadasida Watson ayollar oʻrtasida 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida (S4) oltin medalni qoʻlga kiritdi va 40.13 soniya natija bilan Paralimpiada rekordini oʻrnatdi. Shu tariqa, Watson S5 yoki undan past toifada bahs olib boruvchi ilk avstraliyalik suzuvchiga aylandi.

Watson 2017-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan, biroq musobaqa boshlanishidan atigi 2 hafta oldin Meksikada yuz bergan kuchli zilzila tufayli oʻyinlar bekor qilingan.

2018-yilda sportchi Gold Coastda oʻtkazilgan 2018-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlariga volontyor sifatida saralangan. U musobaqada qatnasha olmagan, chunki uning suzish toifasi ushbu musobaqa dasturiga kiritilmagan.

Kechiktirilgan 2020-yilgi Tokio Paralimpiadasida Watson ayollar oʻrtasida 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida (S4) oltin medalni qoʻlga kiritdi va 39.36 soniya natija bilan Paralimpiada rekordini oʻrnatdi.

2022-yilda sportchi Birmingemda oʻtkazilgan 2022-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlari uchun ham koʻngilli sifatida tanlab olingan. U yana musobaqada qatnasha olmagan, chunki bu safar ham uning suzish toifasi musobaqa dasturga kiritilmagan edi.

2024-yilgi Parij Paralimpiadasida Watson Avstraliya terma jamoasi hisobiga suzish boʻyicha 500-medalni yozib qoʻydi va 50 metrga erkin usulda suzish boʻyicha ketma-ket uchta Paralimpiya oʻyinlarida medalni qoʻlga kiritgan ilk Olimpiya yoki Paralimpiya sportchisiga aylandi. Shuningdek, Watson 1960-yildan buyon Paralimpiada tarixida S3 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishida ilk bor medalni qoʻlga kiritgan Avstraliya vakiliga aylangan.

Mukofotlari

2016 – Avstraliya sport instituti tomonidan „Yil kashfiyoti“ mukofoti. 2017 – Avstraliya ordeni. 2021 – Queensland universitetining „Blu“ mukofoti (sport sohasida erishgan yutuqlari uchun). 2022 – Queensland universiteti tomonidan „Yil sportchi ayoli“ mukofoti.

Manbalar

Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari sovrindorlari Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Avstraliyalik ayol para suzuvchilar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1992-yilda tugʻilganlar