Morgan Bird (1993-yil 6-sentyabrda tugʻilgan) – kanadalik para suzuvchi, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtiok etadi, asosan, erkin uslubda suzish boʻyicha raqobat olib boradi. 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ayollar oʻrtasida 34 ochko toifasida 4x100 metrga estafeta bahslarida bronza medalini qoʻlga kiritgan. Ikki karra Parapan Amerika oʻyinlari chempioni, ikki karra jahon chempionati kumush medali sovrindori.

Yoshlik davri va taʼlimi Morgan Bird 1993-yilda Kanadaning Saskachevan shtati Regina shahrida tugʻilgan. Otasining ismi Garth, onasi Heidi Bird. Chap tomonini qamrab olgan serebral falajlik kasalligi bilan dunyoga kelgan. Ushbu kasallikka qarshi kurashish maqsadida suzish bilan shugʻullana boshlagan. 11 yoshidan sport musobaqalarida ishtirok etgan. Bird Kalgaridagi Mount Royal universitetining Bolalar taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha bakalavr darajasiga ega.

Karyerasi Bird oʻzining Paralimpiadadagi debyut ishtirokini 2012-yilgi London Paralimpiya oʻyinlarida amalga oshirdi. U ayollar oʻrtasida S8 toifasida 400 metrga erkin usulda suzish bahsida 4-oʻrinni egalladi. Oʻsha yilning oxirida sportchi Kanadaning 2012-yilgi Olimpiya jamoasining 4 nafar aʼzosi va Paralimpiya jamoasining yana 10 nafar aʼzosi bilan birga „Qirolicha olmos yubiley medali“ bilan taqdirlandi. U oʻzining ilk xalqaro medalini 2013-yilgi IPC jahon chempionatida qoʻlga kiritib, 50 metrga erkin usulda va estafeta bahsida bronza medallariga sazovor boʻldi.

2014-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlarida Bird S8 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish bahsida 4-oʻrinni egalladi. 2015-yilgi Parapan Amerika oʻyinlarida ayollar oʻrtasida 400 metr (S8) va 50 metrga erkin usulda suzish (S8) yoʻnalishlarida oltin medal, shuningdek, 100 metrga erkin usulda (S8) suzish boʻyicha kumush medal qoʻlga kiritdi. 2016-yilgi Rio Paralimpiadasida Bird S8 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish bahsida 5-oʻrinni qayd etdi. 2018-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlarida ayollar oʻrtasida 50 metrga erkin usulda (S8) suzish yoʻnalishida shohsupaning ikkinchi pogʻonasiga koʻtarildi. Shuningdek, oʻsha oʻyinlarda Bird bir toifaga yuqoriga koʻtarilib, ayollar oʻrtasida 100 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishi (S9) boʻyicha ishtirok etdi.

2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Bird Katarina Roxon, Sabrina Duchesne va Aurelie Rivard bilan bir jamoada 34 ochko toifasida ayollar oʻrtasida 4x100 metrga estafeta bahsida bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Bird 2021-yilda professional para suzishdagi faoliyatini yakunlaganini eʼlon qildi.

Manbalar

Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2012-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1993-yilda tugʻilganlar