Vadi al-Laban jangi () 1558-yilning mart-aprel oylarida Saʼdiylar va Xayriddin Barbarossaning oʻgʻli Hasan posho boshchiligidagi Usmoniylar imperiyasining Jazoir regentligi qoʻshinlari oʻrtasida sodir boʻlgan. Jang Fos shimolida, Sebou daryosiga qoʻshni Vadi al-Laban hududida boʻlib oʻtgan.
Tarixi Bu mojaro Jazoir va Marokash oʻrtasida kechgan tarangliklar fonida sodir boʻlgan. Xayriddin Barbarossaning oʻgʻli Hasan posho Usmoniylar imperiyasi nomidan Jazoir hukmdori sifatida 1554-yil boshida Saʼdiylar qoʻlida boʻlgan Fos shahrini egalladi va Vattosiylar tarafdorlaridan boʻlgan bir kishini u yerga hokim sifatida tayinladi. Shu yilning oxirida Saʼdiylar hukmdori Muhammad ash-Shayx shaharga qayta egalik qildi. Saʼdiylarning qaytishi bilan Jazoir va Marokash oʻrtasida koʻplab mojarolar boshlandi, Marokash Jazoirning Tlemcen shahrini oʻzlashtirishga urindi. Muhammad ash-Shayx keyinchalik Vahronni bosib oldi va Usmoniylarga qarshi kurashayotgan ispanlar bilan ittifoq tuzishga harakat qildi, biroq bu kelishuv amalga oshmadi.
1557-yil iyun oyida Usmoniylar hukmdori Sulaymon I tomonidan Hasan posho Jazoir beklarbegi lavozimiga qayta tayinlandi. Usmoniylar Saʼdiylar sultoniga elchi yuborib, Usmoniylar sultonining ustunligini tan olishni talab qildi, ammo Muhammad ash-Shayx bu talabni rad etdi. Shu yilning oktyabr oyida Istanbuldan yuborilgan turk ofitserlari tomonidan Muhammad al-Shayx oʻldirildi, ular Saʼdiylar xizmatiga shubhali tarzda kirib, oʻzlarini qochoqlar sifatida koʻrsatishdi. Muhammad ash-Shayxning oʻrniga Abdulloh al-Gʻolib tayinlandi.
Saʼdiylar 1556-yilda Tlemcenni egallashdi, biroq Machouar saroyini qoʻlga olishga muvaffaq boʻlmadi, chunki bu vaqtda Jazoir Vahrondagi ispanlarni qamal qilayotgan edi. Muhammad ash-Shayx oʻlgach, Hasan posho gʻarbga tomon yurib, Saʼdiylarni Tlemcenni tark etishga majbur qildi.
Jang Hasan posho yetakchiligidagi Usmoniylar qoʻshini Marokashga chekinayotgan Saʼdiylar qoʻshinini taʼqib qildi. Ikki tomon oʻrtasida 1558-yil boshida Fosning shimolida joylashgan Vadi al-Laban hududida jang boʻlib oʻtdi, biroq bu jang aniq bir tomonning gʻalabasi bilan tugallanmagan.
Natijasi Jangdan soʻng Hasan posho Gʻarbiy Jazoirdagi Vahron shahridan ispanlarning hujumga tayyorgarlik koʻrayotgani haqidagi xabarni eshitib, chekinishga qaror qildi. U qoʻshinlari bilan Shimoliy Marokashdagi Qassasa portidan (Melila shahridan biroz gʻarbda joylashgan) joʻnadi va u yerdan Jazoirga suzib, tez orada Mostaganem yurishifs hujum qilgan ispanlarga qarshi mudofaaga hozirlik koʻrdi.
Baʼzi manbalar Hasan poshoning, boshqalari esa Abdullohning bu jangda gʻalaba qozonganini yozadi. Keyinchalik, Abdulloh al-Gʻolib 1560-yilda Tlemcen ustiga yurish yubordi, biroq bu yurishda oʻzi magʻlubiyatga uchradi.
Manbalar
Turkum:Sulaymon I Turkum:1558-yil Afrikada Turkum:16-asr Marokashda Turkum:1558-yil Usmoniylar imperiyasida