Banu Fazara, Fazzara, Fezara yoki Fezzara () Najddan kelib chiqqan arab qabilasi. Kelib chiqishi Arablarning qabilaviy geneologiyasiga koʻra, Banu Fazara qabilasining asoschisi Fazara ibn Zubyon ibn Bagʻid ibn Rays ibn Gʻatafan hisoblanadi. Shunday qilib, qabila Gʻatafan qabilasining Zubyan tarmogʻiga tegishli boʻlib, shu tufayli Banu Fazara shimoliy arab qabilasi hisoblanadi. Banu Fazara qabilasining tarixiy yaylovlari hozirgi Saudiya Arabistonining markaziy qismidagi Najd hududining Vadi ar-Rumma deb ataladigan mintaqasida joylashgan edi. Tarixi Islomdan avvalgi Arabistonda Banu Fazara qabilasi Gʻatafanning boshqa bir tarmogʻi hisoblangan Banu Abs qabilasi bilan oʻzaro raqobati tufayli mashhur edi. Dahis va al-Gʻabra nomli jangda ushbu ikki qabila bir-biriga qarshi kurashgan. Bu nom qabilalarning sardorlari — Banu Abs qabilasidan Qays ibn Zubayr ibn Jadima hamda Fazara qabilasidan Huzayfa ibn Badrning otlari sharafiga qoʻyilgan edi. Urush haqidagi maʼlumotga koʻra, Banu Fazara dastlab hiyla-nayrang ishlatib, Banu Absni yenggan. Bunga javoban Abs qabilasi Huzayfaning akasini oʻldirgan. Shundan soʻng, uning oʻgʻli Hisn uzoq davom etgan urush davomida qabilaga boshchilik qilgan. Oxir-oqibat qardosh qabilalar oʻrtasida tinchlik oʻrnatilgandan soʻng, Hisnnning oʻgʻli Uyayna boshliq Fazara qabilasi Banu Amir, Banu Jusham va boshqa qabilaviy guruhlar bilan nizolarga kirishgan.
627-yilda Uyayna ibn Hisn boshliq Fazara qabilasi Madinada Islom paygʻambari Muhammadga qarshi Quraysh qabilasi uyushtirgan qamalda ishtirok etgan. Keyinroq ular Zayd ibn Horisa al-Kalbiy boshchiligidagi musulmon qoʻshiniga hujum qildilar hamda 628-yilda Haybar yahudiy qabilalarini musulmonlarga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatladilar. 630-yilga kelib Uyayna Muhammad paygʻambar bilan sulh tuzib, musulmonlarning Makka fathi hamda Hunayn jangidagi gʻalabalarida ishtirok etdi. Tulayha 631-yilda oʻzini paygʻambar va ilohiy vahiy oluvchi deb eʼlon qilib, Muhammad paygʻambarga qarshi isyon koʻtargan. Shunday qilib, Tulayha arab orasida Muhammadga qarshi paygʻambarlikni daʼvo qilgan uchinchi shaxs boʻldi. Koʻplab qabilalar uni paygʻambar deb tan olishi natijasida musulmonlarga qarshi turli qabilalardan iborat ittifoqqa yetakchilik qilish uchun yetarli kuch va qudratga ega boʻldi. Banu Fazara elchilari Muhammadga itoat etdilar. Biroq, uning 632-yilgi vafotidan soʻng, musulmonlardan yuz oʻgirib, Ridda urushlari davrida isyonchi sardor Tulayha ibn Xuvaylid safiga qoʻshildilar. Musulmonlar isyonchilarni magʻlub etgach, Banu Fazara yana musulmonlar hukmronligiga boʻysundi.
Bugungi kunda Banu Fazara qabilasi avlodlari Sudanda yashaydi. Ular Sudan arablari tarkibiga kiradi. Fazara asosan Shimoliy Kordofan yaylovlarida koʻchmanchi tarzda yashab, tuya savdosi bilan shugʻullanishadi. Shanabla, Majaneen, Banu Jarrar va Banu Zubyan qabilalari Banu Fazaraning Sudan tarmogʻiga mansub hisoblanadi. Ummu Qirfa Ummu Qirfa Fotima Vodiy al-Quroda yashaydigan Banu Fazara qabilasi yoʻlboshchisi boʻlgan. Qadimgi shajaralarga koʻra, Ummu Qirfa Banu Fazara vakili boʻlgan. U Banu Badr vakiliga turmushga chiqqan. Ibn Isʼhoq va Tabariyning yozishicha, Ummu Qirfa boy boʻlgan. Ushbu ayol ijtimoiy mavqei yuqori keksa ayol hamda Molik ibn Huzayfa ibn Badr al-Fazariyning xotini ekani haqida maʼlumot berilgan. Zayd ibn Horisa al-Kalbiy savdo safari maqsadida Shomga yoʻl oldi. Ushbu karvonda Muhamamd paygʻambarning sahobalariga tegishli mollar ham boʻlgan. Vodiy al-Quro yaqinida Fazara qabilasining Badr urugʻidan boʻlgan odamlarga duch kelgan. Ularning yoʻlboshchisi Ummu Qirfa edi. Ular karvonga hujum qilib, karvondagi barcha mollarni tortib oldilar. Karvon aʼzolarining aksariyati halok boʻldi. Zayd ibn Horisani esa yarador holda jang maydonidan olib chiqdilar. Zayd Fazara xalqi bilan jang qilmaguncha tahorat uchun boshini yuvmaslikka qasam ichdi. Yaralari tuzalgach, Muhammad paygʻambar Zaydni hujum qilganlarni jazolash uchun yuborib, kechasi yoʻl bosib, kunduzi dam olish strategiyasi asosida yurishni buyurdi. Zayd yetib borib, Vodiy al-Quroda fazariylarga qarshi jang qilib, ularning bir qismini halok etgan. Qays ibn Musahhar Masʼada ibn Hakamani oʻldirdi. Ummu Qirfa, uning qizi va Abdulloh ibn Masʼada asir olindi. Zayd Qays ibn Musahharga Ummu Qirfani qatl etishni buyurdi. Qays uning ikki oyogʻiga arqon solib, arqonni ikki tuyaga bogʻladi va tuyalarni qarama-qarshi yoʻnalishlarga haydab, Ummu Qirfani tilka-pora qilib oʻldirdi. Biroq, uning qanday qatl qilingani haqidagi rivoyatlar bahsli boʻlib, Ibn Isʼhoqdan kelgan naqllar isnodlar yoʻqligi tufayli ishonchsiz hisoblanadihttps://islamweb.net/en/fatwa/192983/weakness-of-narration-about-the-way-umm-qirfah-was-killed. Ishonchliroq rivoyatlarda Ummu Qirfaning vafoti emas, balki oila aʼzolari bilan birga asir olingani hamda urush asiri sifatida ushlab turilgani tilga olingan. Biroq, keyinchalik musulmon asirlarni ozod qilish evaziga toʻlov sifatida Makkaga yuborilgan.
Manbalar
Adabiyotlar
Fazara Turkum:Najd tarixi Turkum:Arabiston qabilalari