Shakarduxt (Shakar) Jaʼfariy () – britaniyalik-afgʻon tibbiy fizigi va mukofotlarga sazovor boʻlgan ixtirochi. Surrey Texnologiyalar markzida faoliyat yuritadi. Jaʼfariy tibbiyotda qoʻllaniladigan nurlanish dozasini oʻlchashning samarali va arzon usulini ishlab chiqqan.

Yoshligi va taʼlimi Jaʼfariy 1977-yilda Afgʻonistonning Daykundi viloyatida tugʻilgan. Urush boshlangach, oilasi bilan Afgʻonistonni tark etishga majbur boʻlgan va olti yoshida qochqin sifatida olti oy davomida Eron tomon yoʻl bosgan. 14 yoshga toʻlganida otasi uni amakivachchasiga turmushga berishni rejalagan. Biroq Jaʼfariy ota-onasi va amakivachchasini nikohni bekor qilishga koʻndira olgan va shu orqali oʻqishni davom ettirish imkoniga ega boʻlgan.

Tegishli tibbiy yordam yetishmagani sababli opasining kasallikdan vafot etishi unda tibbiy amaliyotni yaxshilash uchun kurashish istagini uygʻotgan. Keyinchalik otasi saraton kasalligidan vafot etgach, Jaʼfariyning saraton kasalligi bilan bogʻliq tibbiy sohada ishlashga boʻlgan motivatsiyasi yanada kuchaygan.

Jaʼfariy 2000-yilda Tabriz tibbiyot fanlari universitetida radiatsiya texnologiyalari boʻyicha bakalavr darajasini olgan. 2004-yilda Afgʻonistonga qaytib, Kobul tibbiyot universitetida dars bera boshlagan hamda shu yerda ishlash bilan birga radiatsiya fizikasi boʻyicha magistr darajasini ham tamomlagan. 2010-yilda esa tibbiy fizika boʻyicha magistratura oʻqish uchun Surrey universitetiga oʻtgan.

2014-yilda Manoto nomli fors tilidagi telekanalda chiqish qilib, oʻz faoliyati va taʼlimi haqida soʻzlab bergan. 2015-yilda Jaʼfariy tibbiy fizika boʻyicha PhD darajasini olgan birinchi afgʻon ayol boʻlgan. Oʻqishining ikkinchi yilida Schlumberger Foundationning „Faculty for the Future“ mukofotiga sazovor boʻlgan. Ilmiy va mehnat faoliyati

Jaʼfariy bemor tanasi ichida nurlanish miqdorini oʻlchash uchun ishlatiladigan mayda kalibrlangan silika (shisha) sharchalar zanjirini ishlab chiqqan. U har bir sharcha qabul qilgan nurlanish miqdorini oddiy termolyuminessensiya oʻquv qurilmasi yordamida aniqlash mumkinligini koʻrsatgan. Ushbu shisha sharchalar zamonaviy dozimetrlarga qaraganda ancha arzon boʻlib, zamonaviy radioterapiya usullaridagi dozimetrik muammolarni ham hal qilishga yordam beradi. Texnologiyaning dastlabki sinovlari Portsmut shahridagi Qirolicha Alexandra shifoxonasida oʻtkazilgan.

Jaʼfariy bu sharchalarni yaratishga Afgʻonistonda saraton kasalligini davolash imkoniyatlari yetarli emasligi sabab ilhomlangan. Uning otasi ham saraton tufayli erta vafot etgan edi. 2016-yilda Jaʼfariy 15 nafar ayol tadbirkordan biri sifatida £50 000 miqdoridagi Innovate UK Infocus Award mukofotini qoʻlga kiritgan. TRUEinvivo kompaniyasining asoschisi va texnik direktoridir. Texnologiyasi uchun patent 2019-yilda berilgan. Jaʼfariy shuningdek Buyuk Britaniyadagi bitiruvchi tadbirkorlar uchun moʻljallangan Sirius dasturida ham ishtirok etgan.

2018-yilda Jaʼfariy SPIE tashkilotining Women in Optics rejasida ham eʼtirof etilgan.

Shaxsiy hayoti

Jaʼfariy 1998-yilda Ibrohim ismli yigit bilan tanishgan va ular turmush qurgan. Ularning uch farzandi bor. Jaʼfariy uchinchi farzandiga homilador ekanini oʻzida saraton aniqlanganidan bir necha kun oʻtib bilib qolgan. Portsmutdagi Qirolicha Alexandra shifoxonasi jarrohi unga bolani saqlab qolish mumkinligini aytgan. Jaʼfariy homiladorlik davrida kimyoterapiya olgan va ularning soʻzlariga koʻra, „Sina ismli chaqaloq boshqa oilalar uchun umid ramzi boʻlishini xohlaymiz“. Tashvishli va ogʻir kechgan homiladorlikdan soʻng Sina sogʻ-salomat tugʻilgan. Manbalar

Turkum:Hazoralar Turkum:1977-yilda tugʻilganlar