Nazik al-Obid (; 1887–1959) — „Arablarning Janna d’Arki“ nomi bilan tanilgan suriyalik ayollar huquqlari faoli, millatchi, Suriyadagi Usmoniylar hamda fransuz mustamlakachiligini tanqid qilgan shaxs. Maysalun jangi paytida Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakatining „Qizil yulduz“ jamiyatini tashkil etishdagi roli uchun Suriya armiyasida unvon olgan ilk ayol. Suriyada milliy mustaqillik va ayollarning ishlash hamda ovoz berish huquqi uchun kurashgan inqilobchi.
Faolligi Usmoniylar imperiyasiga qarshi Al-Obid ayollarning saylov huquqi va Suriyaning Usmonylari bosqiniga qarshilik tarafdori boʻlgan. 1919-yilgi suriyalik ayollar harakati davrida Damashq gazetalarida koʻpincha erkak taxallusi ostida yozgan. 1914-yilda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi guruh tuzgan va Usmoniylar rahbariyati tomonidan Qohiraga surgun qilingan. U yerda 1918-yilda Usmoniylar imperiyasi qulaguniga qadar istiqomat qilgan. 1919-yilda Obid Nur al-Fayha' (Damashq nuri) jamiyati va jurnalini, keyinroq 1922-yilda shu nomdagi maktabni tashkil etgan. Al-Obir urushda halok boʻlganlarning yetim qizlariga ingliz tili va tikuvchilik kurslarini taklif qilgan.
Suriyaning fransuzlar tomonidan bosib olinishiga qarshi Ayollar delegatsiyasi rahbari sifatida al-Obid King–Crane komissiyasi huzurida chiqish qilib, dunyoviy boshqaruv tarafdori ekanini koʻrsatish maqsadida amerikalik diplomatlar bilan roʻmolsiz uchrashgan hamda Fransiyaning Suriya ustidan mandat asosida hukmronlik oʻrnatishiga qarshi guvohlik bergan.
1920-yilda al-Obid Qizil yulduz uyushmasi „Qizil yarim oy jamiyati“ning dastlabki shaklini tuzdi va Amir Faysal tomonidan Suriya armiyasining faxriy prezidenti unvoni bilan taqdirlandi. Obid 1920-yil iyulida Maysalun jangida fransuz qoʻshinlariga qarshi Suriya armiyasi tarkibida Qizil yulduz hamshiralariga boshchilik qilgan. Suriya armiyasi magʻlubiyatidan soʻng fransuz hukumati tomonidan surgun qilinganiga qaramay, Obid mamlakat ichida Suriyaning Janna d’Arki sifatida ulugʻlangan. Suriyadagi ilk ayol general sifatida u harbiy forma va hijobsiz suratga tushgan, biroq konservatorlarning noroziligidan soʻng yana yopinchiqqa qaytgan.
Fransuz hukumati 1921-yilda unga afv bergan va Obid siyosatdan chetda turish sharti bilan Suriyaga qaytgan. Oʻsha yili Damashq nuri maktabini tashkil etgach, fransuz maʼmuriyati uni hibsga olish bilan tahdid qilgan va u Suriyani tark etib Livanga qochgan.
Ayollar huquqlari 1933-yilda al-Obid „Niqabat al-Marʼa al-Amila“ ()ni tuzgan. U Suriyada ayollar nomidan mehnat masalalari ustida ishlagan hamda ayollar uchun siyosiy ozodlikka erishishning vositasi sifatida iqtisodiy ozodlikni targʻib qilgan.
Shaxsiy hayoti
Al-Obid katta taʼsirga ega damashqlik oilada tugʻilgan. Uning otasi Mustafo al-Obid Kirkda maʼmuriy ishlar bilan shugʻullangan zodagon kishi boʻlib, keyinroq Usmoniylar sultoni Abdulhamid II davrida imperiyaning Mosulga elchisi boʻlib ishlagan. Al-Obid sultonning sudyasi va maslahatchisi Ahmad Izzat posho al-Obidning jiyani edi. Turkiyada yashagan paytida al-Obid turk, Amerika va fransuz maktablarida bir necha tillarni oʻrgangan. Istanbuldagi Ayollar kollejida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha bakalavr darajasini olgan.
1922-yilda Livanga surgun qilingach, al-Obid livanlik ziyoli va siyosatchi Muhammad Jamil Bayhum bilan tanishib, u bilan turmush qurgan.
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Turkum:1887-yilda tugʻilganlar Turkum:1959-yilda vafot etganlar Turkum:Suriyalik feministlar Turkum:Suriyalik inson huquqlari faollari Turkum:Suriyalik ayollar huquqlari faollari Turkum:Suriyalik millatchilar Turkum:Damashqlik siyosatchilar