Linda Nosková (2004-yil 17-noyabrda tugʻilgan) — chexiyalik professional tennischi. 2026-yil 5-yanvarda WTA tasnifida yakkalik bahslari boʻyicha jahon reytingida 12-oʻrin, juftlik bahslari boʻyicha esa 2024-yil 19-avgustda 60-oʻrinni qayd etgan. Bu uning sport faoliyatidagi eng yuqori natijalari hisoblanadi. WTA turi doirasida bir marta, yaʼni 2024-yilgi Monterrey Ochiq turniri chempionligini qoʻlga kiritgan. „Katta dubulgʻa“ turnirlaridagi eng yaxshi natijasi — 2024-yilgi Avstraliya Ochiq turniri chorak finali boʻlib, bungacha jahonning 1-raqamli tennischisi Iga Shvyontekni magʻlubiyatga uchratishga erishgan. Hozirda Chexiyada ayollar oʻrtasida yakkalik bahslari boʻyicha 1-raqamli tennischisi hisoblanadi.
Nosková 2021-yil 14-iyunda oʻsmirlar oʻrtasida jahon reytingida 5-oʻringa koʻtarilgan. U 2021-yilgi Fransiya Ochiq turnirining yakkalik bahsida gʻolib boʻlgan va juftlik bahsi yarim finaliga, shuningdek, 2020-yilgi Avstraliyan Ochiq turnirining juftlik bahsi chorak finaliga chiqishga muvaffaq boʻlgan.
2022-yil avgust oyida u jahonning kuchli 100 talik tennischilari orasida eng yosh oʻyinchiga aylandi. 2023-yil fevralida esa kuchli 50 talikdagi eng yosh tennischi boʻldi. ITF turi doirasida olti marta yakkalik bahslari va bir marta juftlik bahslarida chempionlikni qoʻlga kiritgan.
Yoshligi Nosková Vsetín mintaqasidagi Bystřička qishlogʻida ulgʻaygan. U yetti yoshidan boshlab Valašské Meziříčí qoʻl ostida tennis boʻyicha mashgʻulotlarni boshlagan. Uch yil oʻtgach, sportchi Frenštát pod Radhoštěm shahrchasi yaqinidagi Trojanovice qishlogʻida joylashgan TK Na Dolina klubi oʻyinchisiga aylandi. 2018-yilda tennis bilan yaxshiroq shugʻullanish maqsadida Přerovga koʻchib oʻtdi.
Faoliyati Oʻsmirlar Nosková 2021-yilgi Fransiya Ochiq turnirining yakkalik bahsi chempionligini qoʻlga kiritgan. 2021-yil 14-iyunda u ITF oʻsmirlar umumiy reytingida jahon boʻyicha 5-oʻringa koʻtarilgan.
2019–21: Professional debyut, ITF turi chempionliklari Nosková oʻzining ITF turidagi debyut ishtirokini 2019-yil iyul oyida sovrin jamgʻarmasi 25 ming dollarlik Torino turniri saralash bosqichida oʻtkazdi. Asosiy toʻr bahslariga chiqa olmaganiga qaramay, juftlik bahslarida chorak finalga qadar yetib bordi. Oʻsha yil oktyabr oyida sportchi sovrin jamgʻarmasi 15 ming dollarlik Lousada turnirida yakkalik bahslari asosiy toʻridagi ilk ishtirokini oʻtkazdi va oʻzining kattalar safidagi ilk gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Keyingi hafta xuddi shu shaharda oʻtkazilgan yana bir musobaqada Nosková ilk marta yarim finalga chiqishga muvaffaq boʻldi. Bir oy oʻtgach, u oʻz mamlakatida boʻlib oʻtgan 15 ming dollarlik Milovice turnirida yarim finaliga chiqdi.
Manbalar
Turkum:2004-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Chexiyalik ayol tennischilar Turkum:21-asr chexiyalik ayol sportchilar