Arzu Ismoil gizi Abdullayeva () ozarbayjonlik inson huquqlari faoli. 1988-yilda Birinchi Togʻli Qorabogʻ urushi boshlanishidan soʻng u Togʻli Qorabogʻ ustida Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tinchlik va yarashuv uchun kurashuvchi faollardan biriga aylandi; shu faoliyati uchun u arman faoli Anahit Bayandur bilan birgalikda Olof Palme mukofoti bilan taqdirlangan.
Shaxsiy hayoti Arzu Abdullayeva Boku shahridan. Keyinchalik u Moskvada tahsil olgan.
Faoliyati Qorabogʻ harakati paydo boʻlishi va undan keyingi Birinchi Togʻli Qorabogʻ urushi davrida Arzu Abdullayeva va arman faoli Anahit Bayandur ozarbayjonliklar va armanlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va zoʻravonliklarsiz munosabatlarga asoslangan holda mojaroni hal etish tarafdori boʻlib chiqdilar. Arzu Abdullayeva Xelsinki fuqarolar majlisining Ozarbayjon qoʻmitasi raisi, shuningdek XFM (HCA) Xalqaro tashkilotining hammraisi boʻlgan. Abdullayeva va Bayandur muzokaralar hamda asirlarni almashishni tashkil etishgan, shuningdek mojaroda ishtirok etgan har ikki tomon garovga olinganlar va harbiy asirlarga gʻamxoʻrlik qilinishini targʻib etishgan. Arzu Abdullayeva yangi saylangan Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliyevga bevosita murojaat qilib, 38 nafar arman asirini ozod qilishga erishgan; hisob-kitoblarga koʻra, umumiy hisobda Abdullayeva va Bayandur mojaroning har ikki tomoni boʻyicha 500 nafar asir va garovga olinganlarning ozod qilinishiga koʻmaklashgan. Abdullayeva va Bayandur Gender va tinchlik nomli kitobni nashr ettirib, unda Janubiy Kavkazda tinchlikni targʻib qilish boʻyicha oʻquv materiallarini taqdim etishgan. Abdullayeva va Bayandurning Togʻli Qorabogʻ masalasida Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida oʻzaro tushunishni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlari ularning 1992-yilda birgalikda Olof Palme mukofoti bilan taqdirlanishiga olib keldi. Bayandur 2011-yilda vafot etgan; Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi davom etayotgan taranglik sababli Abdullayeva Bayandur dafn marosimida ishtirok eta olmagan.
Arzu Abdullayeva Ozarbayjon sotsial-demokratik partiyasining asoschilaridan biri boʻlgan. Keyinchalik u partiya prezidenti Araz Alizadeni partiyani uning rahbarligi ostida „noaktiv va keraksiz“ holga keltirganlikda tanqid qilgan.
1998-yilda Arzu Abdullayeva Yevropa Ittifoqi va Qoʻshma Shtatlar hukumatining Demokratiya va fuqarolik jamiyati boʻyicha mukofoti bilan taqdirlangan.
2005-yilda Arzu Abdullayeva Pax Christi va Crisis Management Initiative tashkilotlari bilan hamkorlikda, tinchlikparvarlar, siyosatshunoslar, majburiy koʻchirilgan shaxslar va muharrirlarni qamrab olgan, ammo tarkibida arman aʼzolari boʻlmagan Qorabogʻ mojarosini hal etish boʻyicha Ekspertlar jamoatchilik kengashiga asos solgan. Arzu Abdullayeva xurofot va targʻibotga qarshi turish uchun taʼlimni kuchaytirishga, jumladan dushman obrazi qanday yaratilishi va uning siyosiy mexanizmlari haqida odamlarni xabardor qilishga chaqirgan.
2015-yilda Arzu Abdullayeva Rossiyadan boʻlgan Andrey Yurov bilan birga Togʻli Qorabogʻ mojarosini diplomatik yoʻl bilan hal etishga qoʻshgan hissasi va Ozarbayjondagi inson huquqlari faolligi uchun ilk Xelsinki fuqarolik jamiyati mukofotiga sazovor boʻlgan.
2016-yilda Toʻrt kunlik urush davomida Togʻli Qorabogʻda Arzu Abdullayeva har ikki tomondagi talofatlar va urush targʻiboti tufayli qaygʻuda ekanligini bildirgan hamda zudlik bilan mojaroni toʻxtatishga chaqiruvchi murojaat eʼlon qilgan.
2017-yilda Arzu Abdullayeva Ozarbayjondagi siyosiy mahbuslarni, jumladan Ilqar Mammadovni ozod qilishni talab qilgan faollar guruhidan biri boʻlgan.
Manbalar
Turkum:Ozarbayjonlik ayol yozuvchilar Turkum:Inson huquqlari faollari