Shahzoda Mehmed Abdulkarim afandi (, shuningdek, Mehmed Abdulkerim Osmanoğlu; 1906-yil 26-iyun — 1935-yil 3-avgust) — Usmoniy shahzoda, Shahzoda Mehmed Salim va Nilufer xonimning oʻgʻli. Sulton Abdulhamid II va Bedrifelek Kadınning nabirasi. Umrining soʻnggi yillarida yaponlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va Usmoniy shahzoda sifatidagi nufuziga tayanib, Sharqiy Turkistondagi mahalliy turkiy musulmonlarni Xitoy hukumatiga qarshi qoʻzgʻolonga undamoqchi boʻlishgan. Qoʻzgʻolon muvaffaqiyatsiz yakunlangach, yapon homiylari uni tark etgan va u Amerika Qoʻshma Shtatlariga surgun qilingan. 1935-yilda Nyu-Yorkda oʻz joniga qasd qilgan.

Yoshligi Shahzoda Mehmed Abdulkarim 1906-yil 26-iyun kuni Yıldız saroyida tugʻilgan. Uning otasi Shahzoda Mehmed Salim sulton Abdulhamid II va Bedrifelek Kadınning oʻgʻli boʻlgan. Onasi Salimning toʻrtinchi xotini Nilufar xonimning kelib-chiqishi abxazlardan edi. Shahzoda Istanbuldagi Galatasaroy kollejida tahsil olgan.

1924-yil mart oyida Usmoniylar oilasi surgun qilinganda Abdulkarim va uning oilasi avval Suriyaning Damashq shahriga (oʻsha paytda Fransiya hukmronligi ostida), soʻng Livanning Juniya shahriga joylashdi. Shu paytda otasi onasini taloq qildi va onasi Istanbulda qolishni tanladi. Nilufar xonim keyinchalik shu yerda boshqa kishiga turmushga chiqdi.

Shaxsiy hayoti Abdulkarimning yagona xotini Nimet xonim edi. U 1911-yilda oʻsha paytda Usmoniylar imperiyasi tarkibida boʻlgan Bayrut shahrida tugʻilgan. U livanlik maroniylar sulolasidan edi. Ular 1930-yilda Bayrutda turmush qurishdi va Nimet xonim nikohdan soʻng islomni qabul qildi. Nikoh uchun otasining roziligini ololmagach, er-xotin Suriyaning Damashq shahriga joylashdi. Ularning Shahzoda Dundar Ali Usmon Osmanoğlu (1930-yilda tugʻilgan) va Shahzoda Horun Osmanoğlu (1932-yilda tugʻilgan) ismli ikki oʻgʻli boʻlgan. Keyingi yillarda Abdulkarim oʻgʻli Horun bilan Istanbulga koʻchib bordi va Horun u yerda 1981-yil 4-avgust kuni vafot etgan.

Keyingi yillari va vafoti 1932-yilda Shahzoda Abdulkarim Suriyaning Damashq shahrini tark etib, Xitoyning Shinjon (oʻsha paytda Sharqiy Turkiston deb ham atalgan) hududidagi uygʻurlar mustaqillik harakatlarida faol boʻlish uchun yoʻl oldi. 1933-yilda u hukumat tomonidan Yaponiyaga taklif qilindi. Ehtimol, uning Usmoniylar taxtiga daʼvogarlik maqomi orqali Sovet Ittifoqi bilan ziddiyatdagi Markaziy Osiyo musulmonlari orasida Yaponiya imperiyasining taʼsirini kuchaytirish uchun foydalanish koʻzda tutilgan ediAsia.boun .

Abdulkarim avval Tokioga bordi, biroq kutgan yordamini ololmagach, Xitoy hukmronligiga qarshi xalqni uyushtirish maqsadida Sharqiy Turkistonga koʻchdi. Zaif kuchlari magʻlubiyatga uchragach, Abdulkarim avval Hindistonga qochdi, keyin esa Amerika Qoʻshma Shtatlaridan boshpana soʻradi. Umrining oxirlariga kelib u deyarli pulsiz edi. Boy, turmushga chiqqan bir ayol (u orqali ahvolini yaxshilashga umid qilgan) uni rad etgach, Abdulkarim afandi 1935-yil 3-avgust kuni Nyu-Yorkdagi 3 dollarlik mehmonxonaning oʻziga tegishli xonasida oʻz joniga qasd qilib vafot etdiJapanese Infiltration Among the Muslims Throughout the World (page 16). Office of Strategic Services. Retrieved 17 November 2025. Oʻlimidan keyin uning yonidan atigi 75 sent topilgan.

Maxfiylikdan chiqarilgan OSS (Office of Strategic Services, CIAning avvalgi tashkiloti) hujjatlari hamda oʻsha davr matbuot xabarlari bir ovozdan uning oʻz joniga qasd qilganini (oʻzini otib oʻldirganinini) tasdiqlagan. Biroq uning nabirasi Abdulhamid Kayıhan Osmanoğlu (1979-yilda tugʻilgan) 2014-yilda „Milat“ gazetasiga bergan intervyusida Abdulkarim xitoy agentlari tomonidan oʻldirilganini daʼvo qilgan. Biroq Abdulhamid Kayıhan bu daʼvoni tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmagan. Abdulkarim vidolashuv xati yozib qoldirgan boʻlib, bu xat usmoniylar turk tilida yozilgan va Nyu-York shahri politsiya komissari Lewis Joseph Valentinega yoʻllangan edi. Xatda u boshqa sabablar qatorida kasalligi va badavlat mahalliy ayolga uylanish borasidagi urinishlari muvaffaqiyatsiz tugagani tufayli oʻz joniga qasd qilish niyatida ekanini bildirgan. Shuningdek, u soʻnggi xabarini ham aynan shu ayolga yaʼni Bronxdagi Stebbins Avenue 1050-uyda yashovchi missis Alice de Stefano nomiga yozib qoldirgan.

Shahzoda Mehmed Abdulkarim vafotidan keyin Nyu-York shtatining Queens okrugi Maspeth hududida joylashgan Mount Olivet qabristonida dafn etilgan. Uning jasadini yaqin oila aʼzolari yashagan Bayrut shahrida dafn etish haqidagi dastlabki rejalar amalga oshmagan.

Nasabi

Manbalar

Turkum:1906-yilda tugʻilganlar Turkum:1935-yilda vafot etganlar Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari