Skripps tadqiqot instituti — biotibbiyot fanlari sohasidagi tadqiqot va taʼlimga ixtisoslashgan Amerikaning notijorat tibbiy tadqiqot muassasasi. Bosh qarorgohi Kaliforniya shtatining San-Diyego shahrida joylashgan ushbu institut tarkibida 170 dan ortiq laboratoriya mavjud boʻlib, ularda 2 100 nafar olimAbout The Scripps Research Institute, texnik xodim, aspirant hamda maʼmuriy va boshqa shtatdagi xodimlar faoliyat olib boradi.

Institut 1 100 dan ortiq patentga ega boʻlib, AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi tomonidan maʼqullangan 11 ta davolash vositasini ishlab chiqqan hamda uning negizida 50 dan ortiq kompaniyalar tashkil etilgan. Skripps tadqiqot institutining aspirantura dasturi biologiya fanlari boʻyicha mamlakat miqyosida 1-oʻrinda, kimyo fani boʻyicha esa 7-oʻrinda turadi.

2022-yilda institutning Jupiter shahrida joylashgan kampusi Florida universiteti tarkibiga kiritildi. Shunga qaramay, Jupiter kampusida tahsil olayotgan aspirantlar Skripps tadqiqot institutining taʼlim dasturi aʼzolari boʻlib qolmoqdalar.

Tadqiqotlar reytingi 2017-yilgi „Nature“ innovatsiyalar indeksi maʼlumotlariga koʻra, Skripps tadqiqot instituti dunyodagi eng nufuzli tadqiqot muassasalari roʻyxatida 1-oʻrinni egallagan (LENS koʻrsatkichi 18.1); undan keyingi oʻrinlardan esa Rokfeller universiteti (LENS koʻrsatkichi 15.4) va Massachusets texnologiya instituti (LENS koʻrsatkichi 9.4) joy olgan.

Skripps tadqiqot instituti „Science Watch“ nashrining kimyo sohasidagi „yuqori samarali“ ilmiy ishlar boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovnomasida alohida eʼtirof etilgan boʻlib, har bir ilmiy maqolaga berilgan iqtiboslar soni boʻyicha jahonda birinchi oʻrinni egalladi.

Samaradorlikning yana bir oʻlchovi boʻlgan Xirsh indeksi („Chemistry World“ tomonidan eʼlon qilingan) boʻyicha Skripps tadqiqot institutining olti nafar olimi — Wüthrich, Sharpless, Lerner, Yates, Schultz va Chi-Huey Wong baholangan 2 000 nafar kimyogar orasida kuchli yuztalikdan joy oldi. „Science Watch“ iqtiboslar keltirilishi koʻrsatkichiga asoslanib, Sharplessni „2000–2010-yillardagi eng kuchli 100 nafar kimyogar“ roʻyxatining TOP-10ligiga kiritdi; ushbu roʻyxatdan institutning boshqa xodimlari — marhum Carlos F. Barbas va John R. Yates ham joy olgan edi.

Bundan tashqari, „Thomson-Reuters“ tomonidan oʻz sohasi boʻyicha iqtibos keltirilishi koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan kuchli bir foizlik tadqiqotchilar roʻyxatiga (2002-yildan 2012-yilgacha) Skripps tadqiqot institutining quyidagi olimlari kiritilgan: Phil S. Baran (kimyo); marhum Carlos F. Barbas (kimyo); Dennis Burton (mikrobiologiya); Benjamin Cravatt III (biologiya va bioximiya); Pascal Poignard (mikrobiologiya); K. Barry Sharpless (kimyo); Eric Topol (genomika va raqamli tibbiyot)Eric Topol, MD; Ian Wilson (strukturali biologiya); Richard Wyatt (mikrobiologiya) hamda Jin-Quan Yu (kimyo).

Tibbiyotga qoʻshgan hissalari Skripps tadqiqot instituti kashfiyotlariga asoslanib yaratilgan tibbiy davolash vositalari va preparatlar qatoriga quyidagilar kiradi:

Adalimumab (Humira) — revmatoid artrit va boshqa yalligʻlanish kasalliklarini davolash uchun; Belimumab (Benlysta) — tizimli qizil boʻricha kasalligi uchun; Cladribine (Leustatin) — tukli hujayrali leykoz (leykemiya) kasalligi uchun; VIII faktorning tozalanishi (Purification of Factor VIII) — gemofiliya kasalligi uchun; Tafamidis (Vyndaqel) — transtiretin amiloidozi (ATTR) uchun; Lucinactant (Surfaxin) — chaqaloqlarda uchraydigan respirator distress sindromi uchun; Ramucirumab (Cyramza) — meʼda hamda oʻpkaning mayda hujayrali boʻlmagan saratoni uchun; Dinutuximab (Unituxin) — bolalarda uchraydigan saraton turi — neyroblastoma uchun; Ozanimod (Zeposia) — tarqoq skleroz uchun; COVID-19 mRNK vaksinalari — SARS-CoV-2 koronavirusidan himoyalanish uchun; Pegvaliese (Palynziq) — fenilketonuriya kasalligi uchun; Sacituzumab govitecan (Trodelvy) — siydik yoʻllari saratoni turlarini davolash uchun.

Manbalar

Turkum:Kaliforniyadagi tadqiqot institutlari Turkum:Skripplar oilasi