Ayşe Zarakol (; 1977-yil, Istanbul, Turkiya) — turkiyalik siyosatshunos olima. Zarakol Kembrij universiteti Siyosat va xalqaro tadqiqotlar boʻlimining professori hamda Emmanuel kolleji tadqiqotchisi, bundan tashqari, Zarakol kollejda xalqaro siyosatdan dars beradi.
Tarjimayi holi Zarakol 1977-yilda Turkiyaning Istanbul shahrida tugʻilib oʻsgan. Zarakol AQShning Vermont shtatidagi Middlebury kollejida siyosatshunoslik va antik davr tarixshunosligi boʻyicha taʼlim olib, bakalavr darajasini olgan. Shundan keyin Zarakol ilmiy faoliyatini Wisconsin–Madison universitetida davom ettirib, ushbu universitetda dastlab magistr, soʻngra siyosatshunoslik boʻyicha falsafa doktori darajasini oladi. Oʻqishni tugatgandan soʻng, Virjiniyadagi Washington & Lee universitetida dotsent lavozimida faoliyat olib boradi. Zarakol 2013-yilda Kembrij universiteti va unga qarashli Emmanuel kolleji aʼzosi boʻladi.
Ilmiy faoliyati Zarakolning ilmiy faoliyati xalqaro tizimdagi Sharq va Gʻarb munosabatlari, zamonaviylik va suverenitet muammolari, yuksalayotgan va tanazzulga yuz tutayotgan davlatlar dinamikasi hamda xalqaro munosabatlarning nazariy asoslariga bagʻishlangan.
2011-yilda Zarakolning „Magʻlubiyatdan soʻng: Sharq Gʻarb bilan baqamti yashashni qanday oʻrganadi?“ () nomli birinchi kitobi nashr etilgan. „Gʻarb uygʻongunga qadar. Dunyoning sharqona nizomi taraqqiyoti va tanazzuli“ () nomli ikkinchi kitobida XIII—XVII asrlarda mavjud boʻlgan Sharq dunyosi tartiblari, xususan, zamonaviy xalqaro tartib bilan maʼlum jihatdan qiyoslash mumkin boʻlgan tuzumlar tadqiq qilingan. Kitob oltita adabiy mukofot bilan mukofotlangan.
Zarakolning ilmiy maqolalari American Political Science Review, Annual Review of Political Science, International Organization, International Affairs, International Theory, International Studies Quarterly, European Journal of International Relations, Review of International Studies, Cooperation & Conflict va boshqa ilmiy jurnallarda chop etilgan.
Zarakol 2023-yilda Rahmi M. Koç nomidagi ilm-fan medali bilan taqdirlangan. 2024-yilda Zarakol Britaniya akademiyasi va Yevropa akademiyasi aʼzosi etib saylangan.
Manbalar
Turkum:1977-yilda tugʻilganlar Turkum:Olimalar