Hamro al-Asad jangi () — paygʻambar Muhammad ishtirok etgan gʻazotlardan biri. Milodiy 625-yilda (hijriy 3-yil) Uhud jangidan keyin Quraysh qoʻshini Makkaga qaytayotgan vaqtda sodir boʻlgan.
Makkaliklar Uhudda musulmonlar qoʻshiniga katta zarar yetgazgan edi. Shundan keyin musulmonlarning ancha zaiflashib qolganini bilib, ularni butunlay yoʻq qilib yuborishni maqsad qilgan. Quraysh qoʻshini musulmonlarning Makkaga qaytib kelishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularni Madina shahrida yakson qilishni rejalashtirgan. Biroq paygʻambar Muhammad va uning qoʻshini bu xavfning oldini olishga muvaffaq boʻlgan. Natijada, makkaliklar musulmonlarga qarshi hujumni bekor qilib, Madinaga hujum qilmaslikka qaror qilgan.
Tarixi Uhud jangidan keyin Madinada favqulodda holat eʼlon qilingan. Paygʻambar Muhammad Quraysh qoʻshinining Uhud jangidagi gʻalabasidan keyin ham oʻzlari kutgan natijani ololmagani sabab ularning ortga qaytib, Madinada musulmonlarga hujum qilishi mumkinligidan xavotirda edi. Hijriy 3-yil Shavvol oyining 8-sanasi yakshanba kuni (625-yil 24-mart) Uhud jangidan bir kun oʻtib, paygʻambar Muhammad musulmon jangchilarni Makkaga qaytayotgan Quraysh qoʻshinini taʼqib etishga undadi. Paygʻambar umumiy safarbarlik eʼlon qilib, bu yurishda faqat Uhud jangida qatnashgan musulmonlargina ishtirok etishi mumkinligini bildirdi. Uhud jangida ishtirok etishga otasi ruxsat bermagan bir musulmonga bu safar jangga qoʻshilishga ruxsat berildi. Shuningdek, jangda shahid boʻlgan bir askarning oʻgʻli ham paygʻambar Muhammadning huzuriga kelib, yurishda ishtirok etishga ruxsat soʻradi va bunga izn oldi. Bundan tashqari, bir necha yarador jangchilar ham yurishga qoʻshildi.
Aygʻoqchilarning yuborilishi Paygʻambar Muhammad Makkaga qaytib ketayotgan Quraysh qoʻshinini taʼqib qilish uchun yoʻlga otlanishdan oldin Banu Aslam qabilasiga mansub 3 kishini Quraysh qoʻshinining harakatini kuzatish va maʼlumot toʻplash uchun yubordi. Ularning 2 nafari Madinadan taxminan 8 mil uzoqlikdagi Hamro al-Asad hududida makkaliklarning qoʻshiniga duch keldi. Bu paytga kelib, Abu Sufyon paygʻambar Muhammadning makkaliklarni taʼqib qilish uchun yoʻlga chiqqanidan allaqachon xabar topgan edi. Ikki josus Quraysh aʼzolarining oʻzaro suhbatini eshitib qoldi. Ular musulmonlarni butunlay tor-mor etish yoki Makkaga qaytish kerakligi borasida oʻzaro suhbatlashayotgan edi.
Bu voqea makkaliklar Hamro ul-Asadga yetib kelishidan bir kun oldin sodir boʻlgan. Qurayshliklar Hamro ul-Asaddan joʻnab ketishidan oldin ikki musulmon aygʻoqchilarini koʻrib qolib, ularni qoʻlga olgan va oʻldirib yuborgan, jasadlarini esa yoʻl chetida qoldirib ketgan. Uchinchi musulmon aygʻoqchining taqdiri qanday kechgani haqida esa hech qanday maʼlumot mavjud emas.
Hamro al-Asadda qarorgoh qurilishi Muhammad paygʻambar boshchiligidagi musulmon jangchilar Hamro ul-Asadga yetib kelgach, u yerda ikki musulmon aygʻoqchining jasadini topdilar. Muhammad paygʻambar Quraysh qoʻshinining bu yerdan joʻnab ketganini bilgach, makkaliklar musulmonlarga qayta hujum qilmaydi deb oʻylagan. Ibn Saʼd rivoyatiga koʻra, shundan soʻng paygʻambar Muhammad Madinaga qaytib ketishdan oldin shu yerda chorshanba kunigacha 3 yoki 5 kecha qolishga qaror qilgan. Soʻngra musulmonlar 25–27-mart kunlari oraligʻida Madinaga qaytib ketgan.
Muhammad paygʻambar Hamro ul-Asadda boʻlgan vaqtida Mabad al-Xuzoa bilan kelishuv tuzgan. Kelishuvga koʻra, Xuzoa oʻziga maʼlum boʻlgan biror narsani paygʻambar Muhammaddan yashirmasligi kerak edi. Shundan soʻng u Makkaga yuborilgan, u yerda Xuzoa Quraysha qoʻshiniga yolgʻon maʼlumot yetkazib, ularni musulmonlarga qarshi yurishdan toʻxstatib qolishi kerak edi. Makkaga yetib kelgan Mabad Abu Sufyon bilan uchrashib, paygʻambar Muhammad musulmonlardan iborat katta qoʻshin toʻplagani va makkaliklarga qarshi jangga tayyorlanayotganini aytgan. Bu vaqtda Abu Sufyon va uning hamrohlari musulmonlarni butunlay tor-mor etish uchun Madinaga yirik va hal qiluvchi hujum uyushtirishni rejalashtirayotgan edi. Biroq Mabadning gaplarini eshitgan Abu Sufyon musulmonlarga hujum qilish rejasidan voz kechgan. Shu tariqa Muhammad paygʻambar makkaliklar Madinaga uyushtirmoqchi boʻlgan yirik hujumning oldini olishga muvaffaq boʻlgan.
Quraysh askarning asir olinishi Muhammad paygʻambar Hamro ul-Asadda 3 kun qolganidan soʻng Madinaga qaytdi. Qaytish chogʻida u Abu Azza Amr ibn Abdulloh al-Jumahiyni asirga oldi. Abu Azza bundan oldinroq Badr jangida musulmonlar tomonidan qoʻlga olingan asirlaridan biri boʻlib, jangdan keyin Muhammad paygʻambar uni avf etgan edi. U juda kambagʻal odam boʻlib, qizlarini boqishi kerak boʻlgani uchun tovon toʻlashga ham imkoniyati yetmasdi. Shu bois Muhammad paygʻambar uni Badr jangidan keyin musulmonlarga qarshi boshqa qurol koʻtarmaslik sharti bilan ozod qilgan. Biroq u vaʼdasini buzib, Uhud jangida ishtirok etgan. Abu Azza rahm-shafqat soʻrab yolvorgan, ammo paygʻambar Muhammad bu safar uni oʻldirishni buyurgan. Rivoyatlarning birida uni Zubayr ibn Avvom, yana birida esa Osim ibn Sobit qatl etgani aytiladi. Abu Azza xalqni Muhammad paygʻambarga qarshi safarbar etish uchun sheʼrlar yozgan kuchli taʼsirga ega shoir edi. Shuningdek, u boshqa arab mushriklari bilan birga Uhud jangida qatnashgan. Keyinchalik yana asir olingach, paygʻambar Muhammadga: „Ey Muhammad, meni ozod qil, men bu yerga majburan kelgan edim“, — deya iltijo qilgan.
Yana qarang Paygʻambar Muhammadning yurishlari roʻyxati Muhammadning harbiy faoliyati Amr ibn Hishom
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Muhammad boshchiligidagi yurishlar