Kulliye (usmonli turkcha: كلیه) — turk meʼmorchiligiga xos boʻlib, markazida masjid joylashgan va yagona muassasa doirasida boshqariladigan majmua. Koʻpincha vaqf (xayriya jamgʻarmasi) asosida tashkil etilib, madrasa, dorushshifo (klinika), oshxonalar, novvoyxona, hammom va jamoat uchun turli xayriya xizmatlarini koʻrsatuvchi boshqa binolar hamda qoʻshimcha inshootlardan iborat boʻladi.

Kulliye anʼanasi turk meʼmorchiligida, xususan, saljuqiylar, undan keyin usmoniylar hamda temuriylar meʼmoriy inshoatlarida yaqqol namoyon boʻlgan, pages 200–205. Bu soʻz turkcha „toʻliq“ maʼnosini anglatuvchi „külli“ soʻzidan kelib chiqqan.

Tarixi

Kulliye konsepsiyasi avval masjidning dastlabki shakliga asoslangan. Masjid nafaqat namoz qilinadigan joy, balki ovqatlanish, taʼlim olish va kambagʻallar uchun boshpana vazifasini ham bajargan. Kulliyening barpo qilinishi ana shunday tushunchadan kelib chiqqan. Turli xizmatlar uchun bitta masjidning oʻzidan foydalanish oʻrniga, uning atrofida muayyan xizmatlarni oʻtaydigan alohida binolar qurilgan. Natijada, masjidlar atrofi yanada kengayib, „bitta vaqf hujjati ostiga birlashtirilgan va har biri oʻzgacha oʻrab olingan hudud ichida oʻz binosiga ega boʻlgan“. Bu xizmatlar qatoriga shifoxonalar, huquqshunoslik maktablari, tayyorlov kollejlari va tibbiyot maktabi kabi muassasalar ham kirgan.

Kulliyelarning asosiy qismi meʼmor Sinan tomonidan loyihalashtirilgan va qurilganH. G. Agkun, 2008. Meʼmor Sinan oʻn oltinchi asrda, ellik yil davomida Usmonli imperiyasining bosh meʼmori boʻlgan. Bosh meʼmor sifatida u imperiyadagi barcha qurilish va ularni rejalashtirish ishlari uchun masʼul edi. Sinan kulliyelarning koʻp qismini Istanbulda bunyod etgan. Meʼmor Sinan qurgan kulliyelar boshqa meʼmorlar uchun ham namuna vazifasini oʻtagan. Aksariyat kulliyelar quyidagi qoidalarga amal qilgan: ular „shaharning muhim nuqtalarida joylashgan“ boʻlib, inshootlar masjidning diniy markaz ekanini alohida koʻrsatib turgan. Bundan tashqari, ular „tepaliklar va qiyalik yerlarda, qirgʻoqlarda yoki shahar chekkalarida“ bunyod etilgan. Buning sababi shundaki, kulliyelar shaharning silueti va manzarasini shakllantirishga yordam bergan. Kulliyelar aynan shu shakli orqali osongina tanib olingan va ularga uzoqdan turib ham hayrat bilan qarash mumkin boʻlgan.

Usmonli imperiyasi qonunlariga koʻra, davlat va yerlar sultonlarga tegishli boʻlgan. Shu sababli, kulliyelar odatda sultonning oʻzi, Usmonli sultonlarining oila aʼzolaridan biri yoki vazir yoxud bosh vazir (sadri aʼzam) kabi yuqori martabali davlat amaldorlari uchun qurilgan. Bu zodagonlar meʼmor Sinan va boshqa koʻplab meʼmorlarning buyurtmachilariga aylanishgan. Buyurtmachi sifatida ular kulliye joylashgan hududni tanlash huquqiga ega boʻlgan va uning loyihasiga oʻz fikrlarini qoʻshgan. Shu tariqa ular kulliye qurilishiga bevosita taʼsir koʻrsatishgan.

Usmonlilar tarixidagi oʻrni Kulliyelar Usmonlilar jamiyatiga muhim taʼsir koʻrsatgan. Aholi yashash punktlarida joylashgan kulliyelar atrof-muhit va aholini oʻzaro birlashtirib turgan. Kulliye tarkibidagi binolar turli vazifani bajargan va shu orqali xalqqa xizmat qilgan. Usmonlilar poytaxti Istanbulda shunday kulliyelar koʻp boʻlgan. Ular shaharning asl qiyofasini ochib beruvchi markazlar vazifasini oʻtagan. Kulliyelar Usmonlilar imperiyasidagi (ayniqsa Istanbuldagi) koʻplab shaharlarning oʻzagiga aylanib, madaniy, diniy, savdo va taʼlim faoliyatining muhim markazlari sifatida faoliyat olib borgan. Ular Usmonlilar imperiyasining qudrati va yutuqlari ramzlaridan biri boʻlib xizmat qilgan.

Boshqaruv Kulliyeni boshqarish Topkapı saroyining (Usmonlilar sultonlarining asosiy va rasmiy qarorgohi) haram qismida bosh ogʻa qoʻl ostidagi maʼmuriy xodimlar zimmasida boʻlgan. Maʼmuriy xodimlar qatorida kulliyeda „diniy ulamolar va oʻqituvchilar, hammollar, muazzinlar, goʻrkovlar, hovlilar va deraza panjaralarini bezash hamda tozalash uchun masʼul xizmatkorlar, oshpazlar, oshxona yordamchilari, chilangarlar, chiroqchilar, moy chiroqlar oʻgʻirlanishining oldini oluvchi qoʻriqchi, duradgorlar, gʻishtinlar va 500 dan ortiq gumbazlarni qoplagan qoʻrgʻoshin qatlamlari uchun masʼul boʻlgan ustalar“ ham boʻlgan. Xodimlar sonining koʻpligi kulliyening naqadar murakkab va mukammal tuzilmaga egaligini koʻrsatadi. Garchi u oddiy gʻoya asosida boshlangan boʻlsa-da, vaqt oʻtishi bilan shunchalik rivojlanib murakkablashganki, uni boshqarish uchun koʻplab xodimlar va amaldorlar zarur boʻlgan. Ular oshxona xodimlar va amaldorlar bilan bir qatorda talabalar, sayohatchilar va kambagʻallarni ham ovqat bilan taʼminlashga masʼul boʻlgan. Bu esa ulkan miqdordagi suv taʼminotini talab qilgan boʻlib, kulliyelarning aynan qirgʻoqboʻyi hududlarida va shaharning chekka qismlarida qurilishining sabablaridan biri ham shunda edi.

Kulliye bino qurilishi xarajatlari va shunday yirik fondni saqlab turish uchun mablagʻ yigʻgan. Ushbu mablagʻlar yoki vaqflar „butun boshli mulklardan tortib tegirmon yoki kichik uy-joygacha boʻlgan turli mulklarni sovgʻa qilishni oʻz ichiga olgan jamoat mablagʻlari hisobidan“ shakllantirilgan. Homiylar qatoriga hukmdor (sulton), yuqori va quyi martabali amaldorlar hamda oddiy xalq kirgan. Hukmdor imperiyaning bir qismining daromadlarini ajratishga qodir boʻlgani bois, odatda, eng yirik homiy hisoblangan. Kulliyelarga misollar

Eng katta kulliye Istanbuldagi Sulaymoniya Kulliyesi boʻlgan. Uni Sulton Sulaymon qurdirgan. Kulliyeda „yetti madrasa, sunniy fiqh maktablarining har biridan toʻrttadan boʻlim, tayyorlov kolleji, Hadis ilmini oʻrganish uchun alohida maktab hamda tibbiyot maktabi“ mavjud boʻlgan. Bu madrasalarda hovlilar, hojatxonalar va oʻqituvchilar uchun ikki uy boʻlgan. Bundan tashqari, „oʻgʻil bolalar maktabi, qiroatxon, otxonali mehmonxona, hammom, shifoxonalar, jamoat oshxonasi, doʻkonlar va favvoralar“ ham boʻlgan. Sulaymoniya Kulliyesi diniy xizmatlari bilan bir qatorda taʼlim xizmatlari bilan ham ajralib turgan. Kulliye muhiti universitet shaharchasiga oʻxshagan va Istanbulning madaniy hamda ilmiy markazi boʻlgan.

Boshqa koʻplab kulliyelar ham boʻlgan, biroq ularning hech biri Sulaymoniya Kulliyesi darajasidagi koʻlamga yetmagan. Boshqa kulliyelarning ayrim misollari: Sokullu Mehmet Posho Kulliyesi: masjid, madrasa va darvishlar rohibxonasi (tekke)dan iborat Zal Mahmut Posho Kulliyesi: masjid, madrasa, maqbara va favvoradan iborat Kavala imorati (Yunoniston shimolida): madrasalar, maktab (Qurʼon qiroat qilishni oʻrgatuvchi boshlangʻich maktab), imorat, masjidlar va boshqa tuzilmalar qatorida vudu; majmua 2004-yilda mehmonxonaga aylantirilgan. Mihrimah Sulton Kulliyesi: masjid, madrasa, maqbara va bolalar uchun Qurʼon maktabidan (xan, jamoat oshxonasi va mehmonxona) iborat.

Turkiya Respublikasi prezident qarorgohi rasmiy ravishda Prezident kompleksi deb ataladi va u ham anʼanaviy Usmonli kulliyelari uslubida modellashtirilgan.

Yana qarang

Turkiya meʼmorchiligi Islom meʼmorchiligi

Adabiyotlar Goodwin, Godfrey. 2008. „Külliyye.“ Encyclopaedia of Islam, vol. 5. Eds. P. Bearman and others. Amsterdam: Brill, p. 366, Column 2. Thys-Şenocak, Lucienne. 1998. The Yeni Valide Mosque Complex at Eminönü. Muqarnas 15: 58–70. H. G. Agkun, A. Turk. (2008, March 25). Determination and analysis of site selection factors for kulliyes of architect Sinan with respect to the locations in the Ottoman city of Istanbul. Building and Environment (Vol: 43, Issue: 5), pp. 720–735 G. Goodwin, A history of Ottoman architecture, London 1971

Turkum:Islom arxitekturasining elementlari Turkum:Islom arxitekturasi Turkum:Usmoniylar davlati arxitekturasi

Manbalar