Shayx Fathiy al-Mavsiliy maqbarasi () — masjid va ziyoratgohni oʻz ichiga olgan diniy majmua, Iroqning Naynava muhofazasi Mosul shahrida joylashgan. Majmua XXI asrga oid masjid hamda IX asrga oid maqbaradan iborat boʻlib, unda zohid va hadis roviylaridan biri boʻlgan Al-Fath al-Mavsiliyning jasadi qoldiqlari dafn etilgan.
Masjid va maqbara 2014-yilda Iroq va Shom Islom Davlati tomonidan vayron qilingan. 2022-yilda ushbu ikki inshootni qayta tiklash ishlari yakuniga yetkazilgan.
Tarixi Maqbara milodiy 835-yilda Saljuqiylar davrida Al-Fathiy al-Mavsiliyning qabri joylashgan hududda bunyod etilgan. Shundan keyin bu maqbara koʻp bor taʼmirlangan, 1760-yilda esa toʻliq qayta qurilgan. 2001-yilda ziyoratgoh yonida badavlat tadbirkor Sayyid Gʻannam ad-Dabboh tomonidan yangi masjid barpo etilgan. Shu yili, shuningdek, ziyoratgoh ham taʼmirlangan.
2014-yilda Iroq va Shom Islom Davlati Mosul shahrini egallab olib, shahardagi tarixiy ziyoratgohlarni buzib tashlashni buyurgan edi. Mahalliy aholi maqbarani himoya qilishga uringan, biroq jangarilar tunda qaytib kelib maqbarani buldozer bilan vayron qilgan. Keyinchalik masjid ham buldozer bilan buzib tashlangan.
2021–2022-yillar oraligʻida maqbara va unga tutash masjid zamonaviy Iroq meʼmorchiligi uslubida toʻliq qayta qurilgan.
Meʼmorchiligi Milodiy 835–2014-yillar oraligʻida Shayx Fathiy maqbarasi zinapoya orqali pastga tushiladigan yertoʻlaga ega bir xonadan iborat edi. Yertoʻlada Al-Fath al-Mavsiliy dafn etilgan boʻlib, qabr ustini Saljuqiylar davriga oid qovurgʻali gumbaz yopib turgan. Ziyoratgohda Saljuqiylar davriga mansub bir nechta tokchalar ham mavjud edi.
Masjid namozxonasida kubsimon kapitellarga ega toʻrt qirrali ustunlar boʼlgan. U yerda Qurʼon oyatlari bitilgan yassi marmar tokcha bor edi. Masjidning tepasini bitta dumaloq gumbaz qoplab turgan.
2014-yilda vayron qilingan masjid va maqbara 2022-yilda qayta barpo etilgan. Yangi inshootlar avvalgi binolarga oʼxshash shaklda barpo etilgan. Har ikkala bino ustini bittadan baland gumbaz yopib turadi. Shayx Fathiyning qabri maqbara gumbazi ostida joylashgan.
Yana qarang
Iroqdagi masjidlar roʻyxati Iroqda islom
Manbalar
Turkum:Iroqdagi maqbaralar Turkum:Mosuldagi masjidlar Turkum:Iroqdagi Usmoniylar masjidlari Turkum:Saljuqiylar masjidlari