Surxondaryo viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1941-yil 6-martda tashkil etilgan (1925-yil 29-iyundan Surxondaryo okrugi boʻlgan). Respublikaning janubi-sharqida, Surxon-Sherobod vodiysida joylashgan. Viloyat nomi vohadan oqib oʻtuvchi “Surxon” (fors-tojik: “qizil”) daryosi nomidan kelib chiqqan. Janubidan Amudaryo boʻylab Afgʻoniston, shimoliy, shimoli-sharq va sharqdan Tojikiston, janubi-gʻarbdan Turkmaniston, shimoli-gʻarbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 20,1 ming km². Aholisi 3 million 023 966 ming kishi (2026-yil 1-Iyul holatiga koʻra). Tarkibida 14 ta tuman (Angor, Bandixon, Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Shoʻrchi, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon), 8 ta shahar (Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Termiz, Shargʻun, Sherobod, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon), 114 ta shaharcha, 865 ta qishloq aholi punktlari mavjud (2020). Markazi — Termiz shahri.

Tabiati Surxondaryo viloyati relyefi togʻ va tekisliklardan iborat, shimoldan janubga qiyalanib va kengayib boradi. Togʻlardan oqib tushadigan koʻpdan-koʻp daryo va soylar dara hosil qilgan. Surxondaryo va Sheroboddaryo oqib oʻtadigan tekislik shimoliy, gʻarb va sharqdan baland Hisor tizmasi (eng baland joyi 4643 m) va uning tarmoqlari (Boysuntogʻ, Koʻhitang togʻ, Bobotogʻ) bilan oʻralgan.

Togʻlar, asosan, yuqori paleozoy va mezozoy davrlari jinslaridan, tekislik qismi esa toʻrtlamchi davr yotqiziqlardan tarkib topgan. Bu yerda neotektonika jarayonlari davom etmoqda: tevarak atrofdagi togʻlar koʻtarilib, botiq choʻkib bormoqda. Togʻlar bilan tekislik orasida adir va togʻoldi zonasi joylashgan. Togʻlar shimoliy sovuq havo oqimlarini toʻsib turishi natijasida subtropik oʻsimliklar oʻstirish uchun qulay iqlim sharoiti vujudga kelgan. Togʻ zonasi va adirlarda, asosan, gʻalla yetishtiriladi, chorva uchun yozgi yaylov. Mutlaq balandlik 300–500 m boʻlgan Surxon-Sherobod tekisligida paxta ekiladi, bogʻ-tokzorlar barpo qilingan. Janubiy qismi keng qumliklar bilan qoplangan. Foydali qazilmalardan neft va gaz (Xovdogʻ, Kakaydi, Lalmikor, Amudaryo boʻyi tekisliklari), toshkoʻmir (Shargʻun, Hisor, Boysun, Koʻhitang togʻlarining etaklari), polimetall (Sangardak), osh tuzi (Xoʻjaikon) konlari bor. Gips, granit, argillit kabi qurilish materiallari, mineral suvli buloq koʻp. Tekislik qismining iqlimi quruq subtropik. Yozi jazirama issiq va uzoq, qishi iliq va qisqa. Yillik oʻrtacha temperatura 16°—18°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°.—32°, yanvarniki 2,8°—3,6°. Oʻzbekistonda eng issiq temperatura ham shu viloyat hududida kuzatilgan (1914-yil 21-iyunda Termizda 49,5° issiq boʻlgan). Baʼzi yillari qish ancha sovuq (-20° va hatto undan ham past). Yil davomida bulutsiz kunlarning koʻp boʻlishi va quyosh nurining tik tushishi effektiv tralar yigʻindisi yuqori boʻlishiga olib keladi. 10° dan yuqori trali kunlar tekislik qismida 290— 320 kun davom etadi. Bu esa viloyatda eng issiqsevar ekinlar (shakarqamish, ingichka tolali paxta) va mevalar yetishtirishga imkon beradi. Viloyat togʻlar orasidagi berk botikda joylashganidan bu yerda yogʻin kam. Viloyatning janubiy tekisliklarida yiliga 130– 140 mm, Hisor togʻlari yon bagʻirlarida 445–625 mm yogʻin yogʻadi. Yogʻinning asosiy qismi qish va bahorda tushadi. Gʻarbiy, janubi-gʻarbiy va shimoli-sharqiy shamollar koʻp esadi. Viloyatning janubi-sharqiy qismida esadigan Afgʻon shamoli iqlimga salbiy taʼsir etadi. Viloyatning asosiy suv arteriyalari — Surxondaryo va Sheroboddaryo hamda ularning Qoratogʻdaryo, Toʻpolondaryo, Sangardakdaryo, Xoʻjaipok kabi irmoqlari. Togʻ qor va muzliklaridan, yogʻindan toʻyinadigan bu daryolar viloyat hududining shimoliy qismi, togʻ va togʻoldi zonalarinigina suv bilan taʼminlay oladi, janubidagi keng tekisliklarda doimiy suv tanqisligi kuzatiladi. Yer osti (artezian) suvlaridan tobora keng foydalanilmoqda. 1957—1958-yillarda Uchqizil, 1959—1962-yillarda Janubiy Surxon va Degrez suv omborlari, Jarqoʻrgʻon gidrotuguni qurildi. Hazorbogʻ, Daytoʻlak, Qumqoʻrgʻon, Zang kanallari, Sherobod, Amu-Zang mashina sugʻorish kanallari barpo etildi. Tuprogʻi tekisliklarda taqirsimon va shoʻrxok och boʻz tuproqlar, togʻ yonbagʻrida turli xil boʻz tuproqdir. Oʻsimliklar dunyosi ham tabiiy sharoiti bilan bogʻliq. Janubidagi ekin ekilmaydigan qumloq joylarda qandim, oq saksovul, cherkez, taroqbosh, yaltirbosh, yantoq, butasimonlar; daryo boʻylarida yulgʻun, jiyda, turangʻil, terak, savagʻich, qiyoq, qamish; adir va togʻlarning pastki yonbagʻirlarida bir yillik efemerlar (lolaqizgʻaldoq, noʻxatak); 1200–2500 m balandliklarida efemerlar bilan birga archa, pista, qayin, tol, yongʻoq, olma, zarang oʻrmonlari uchraydi. Bobotogʻ tizmasi yonbagʻirlarida respublikaning eng yirik tabiiy pistazorlari joylashgan. Baland togʻ zonasi subalp va alp oʻtloqlari bilan band. Hayvonot dunyosi ancha boy: boʻri, tulki, chiyaboʻri, ayiq, jayron, qobon, yovvoyi echki, arhar, toʻqaylarda bugʻu, toʻqay mushugi, kalamush, qoʻshoyoq, yumronqoziq, koʻrsichqon, gekkon kaltakesagi, koʻzoynakli ilon (kobra), oʻqilon, jayra, qushlardan ular (togʻ kurkasi), qirgʻovul, mayna, qaldirgʻoch, gʻoz, oʻrdak, soʻfitoʻrgʻay, chil, kaklik bor. Daryo va suv omborlarida har xil baliq koʻp.

Surxondaryo viloyati hududida Surxon davlat qoʻriqxonasi joylashgan.

Hududiy boʻlinishi right|thumb|350px

Tuman nomi Tuman markazi 1 Angor tumani 150,8 ming kishi,36 MFY Angor sh-cha 2 Bandixon tumani 88 ming kishi,22 MFY Bandixon sh-cha 3 Boysun tumani 129,9 ming kishi,39 MFY Boysun sh 4 Denov tumani 442,7 ming kishi,98 MFY Denov sh 5 Jarqoʻrgʻon tumani 250,3 ming kishi,66 MFY Jarqoʻrgʻon sh 6 Qiziriq tumani 130 ming kishi,31 MFY Sariq sh-cha 7 Qumqoʻrgʻon tumani 268,4 ming kishi,61 MFY Qumqoʻrgʻon sh 8 Muzrabod tumani 160,5 ming kishi,37 MFY Xalqobod sh-cha 9 Oltinsoy tumani 202,8 ming kishi,54 MFY Qarluq sh-cha 10 Sariosiyo tumani 238,8 ming kishi,61 MFY Sariosiyo sh-cha 11 Sherobod tumani 219,8 ming kishi,48 MFY Sherobod sh 12 Shoʻrchi tumani 240,8 ming kishi,53 MFY Shoʻrchi sh 13 Termiz tumani 90,4 ming kishi,29 MFY Uchqizil sh-cha 14 Uzun tumani 197,5 ming kishi,49 MFY Uzun sh-cha15Termiz sh 213,7 ming kishi,37 MFY

Aholisi, asosan,

oʻzbeklar 2 554 856 (84,8%)

tojik 372,252 ming kishi (12,4%)

rus 20,752 ming kishi (0,7%)

turkman 36 ming kishi (1,2%)

qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi (2026.01.01). Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 150,5 kishi. Shahar aholisi 1 091,8 ming kishi, qishloq aholisi 1 933 ming kishi (2026.07.01).

Xoʻjaligi va sanoati Yaqin oʻtmishda viloyat iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi mavqeda edi. Keyingi davrda yangi tarmoqlar vujudga keldi. Viloyatning tabiiy geografik oʻrni qulay, mehnat resurslari ham yetarli.

Sanoat ishlab chiqarish: yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi: paxta va bugʻdoy yetishtirish, qoramolchilik va qoʻychilik, transport, ayniqsa, temiryoʻl va avtomobil transporti salmoqli oʻrin tutadi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: paxta tozalash, paxtani qayta ishlash korxonalaridir. Yirik sanoat korxonalari: „Jarqoʻrgʻonneft“ boshqarmasi, Sherobod keramika badiiy buyumlar, Denov yogʻekstraksiya, Sariosiyo tosh saralash zavodlari, Shoʻrchi un kombinati, Jarqoʻrgʻon yigiruv-toʻquv, Termiz tikuvchilik fabrikalari, Shargʻun koʻmir koni, Xoʻjaikon tuz koni korxonalari va boshqa Surxondaryo viloyatida 40 ga yaqin qoʻshma, 4000 dan ziyod kichik va xususiy korxona ishlab turibdi. Jumladan, Afgʻoniston bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalq isteʼmoli mollari ishlab chikariladigan „Namaf“ va „Afroʻz“, „Surxonteks“ va boshqa qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Hindiston — Termiz „Farmed“ qoʻshma korxonasida mahalliy giyohlar asosida dori-darmon, Turkiya — Termiz „Poʻlat“ qoʻshma korxonasida milliy gilamlar, paloslar tayyorlanadi. Tumanlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qayta ishlanadigan kichik korxonalar, sexlar tashkil etilmoqda.

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, pillachilik, limonchilik. Togʻ etaklarida lalmikor dehqonchilik (asosan, bugʻdoy va arpa) bilan shugʻullaniladi. Oʻzbekistonda eng koʻp ingichka tolali paxta Surxondaryo viloyatida tayyorlanadi. Viloyatning togʻoldi tumanlarida bogʻdorchilik va tokchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, qoʻy (qorakoʻl va hisor qoʻylari), echki, yilqi, parranda, quyon boqiladi. Jahon moʻyna va teri auksionlarida juda qadrlanadigan „Surxon suri“ qorakoʻl terisi yetishtiriladi.

Dehqonchilikda foydalanadigan yerlar maydoni 284,3 ming gektar, shundan sugʻoriladigan yerlar 271,6 ming gektar, shu jumladan, 120,8 ming gektar yerga paxta, 129,7 ming gektar yerga don ekinlari, 9,1 ming gektar yerga sabzavot, 1,8 ming ga yerga poliz, 5,5 ming ga yerga kartoshka, 16,2 ming gektar yerga yem-xashak ekinlari ekiladi. 33,5 ming gektar yer koʻp yillik daraxtzorlar, 12,7 ming ga yer mevazor, 5,2 ming ga yer tutzor, 15,1 ming gektar yer tokzorlar bilan band. 854,2 ming gektar yerni yaylovlar egallagan. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida kollektor-drenaj tarmoqlari qurilgan. Viloyatda 151 shirkat, 4715 fermer xoʻjaliklari bor. Viloyat jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 487,2 ming qoramol (shu jumladan, 227,7 ming sigir), 1042,0 ming qoʻy va echki, 1052,5 ming parranda, 12,2 ming ot boqiladi (2004).

Transporti Viloyatda temiryoʻl transportining salmogi katta. Surxondaryoda dastlabki temiryol 1915-yilda Kogon— Termiz qurilgan. Bu viloyatni boshqa regionlar bilan bogʻlaydigan dastlabki muhim yoʻl boʻlgan. 1925-yilda 248 kmli Termiz—Dushanbe temiryoʻlni qurishga kirishildi. Bu yoʻlning qurilishi Termizni Oʻrta Osiyoning yirik shaharlari — Toshkent va Dushanbe bilan bogʻladi. 1971-yilga kelib Surxondaryo viloyatini Tojikistonning janubiy tumanlari bilan bogʻlovchi Termiz—Qoʻrgʻontepa — Yavan temiryoʻlini qurishga kirishildi. Gʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻlning qurilishi yakunlangan. Amudaryo ustidan Hayraton temir yoʻ koʻprigi qurilgan. Viloyat hududidan Moskva — Dushanba, Ashxobod — Dushanba temir yoʻllari oʻtgan. Termiz — Toshkent, Termiz — Amu-Zang, Termiz — Sariosiyo shaharcha Sariosiyo, Termiz — Boldir yoʻnalishlarida poyezdlar qatnaydi. Shuningdek, Termiz orqali Dushanbe — Astraxon, Dushanbe — Konibodom, Qoʻrgʻontepa — Konibodom, Koʻlob — Astraxon yoʻnalishlarida poyezdlar qatnaydi. Viloyatdagi Temir yoʻllarning uzunligi 300 km. Viloyatning ichki transport aloqalarida avtomobil yoʻlining ahamiyati juda muhim. Surxondaryo viloyatidagi qattiq qoplamali avtomobil yoʻllarning uzunligi 2,7 ming km. Viloyatning asosiy avtomobil yoʻli —Katta Oʻzbekiston traktoor. Avtomobilda mamlakatlararo yuk tashish xizmati korxonasi yuklarni qoʻshni Afgʻonistonga yetkazib bermoqda. Surxondaryo viloyatining yirik shaharlari (Termiz va Denov)dan bir qancha xorijiy mamlakatlar va Oʻzbekistonning ichki tumanlariga avtomobil transporti qatnaydi. Termiz — Qarshi, Termiz — Hayraton (Afgʻoniston), Termiz — Dushanbe, Termiz — Toshkent, Denov — Qarshi, Denov — Shahrisabz, Denov — Gʻuzor, Denov — Urganch, Denov — Samarqand yoʻnalishlari shular jumlasidan.

Surxondaryo viloyatida respublikada yagona boʻlgan Termiz dare porti joylashgan. Termiz va Sariosiyoda aeroport bor. Termiz aeroportidan Toshkent, Moskva, Ashxobod, Olmaota, Samarqand, Namangan, Buxoro, Andijon va boshqa yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashuvchi samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

Madaniyat va maorif, sogʻliqni saqlash va sport Surxondaryo vodiysi ilk ibtidoiy odamzod makon topgan joy sifatida taʼriflanadi. Boysun tizmalaridan oʻrta paleolit davriga (mil. av. 100— 40 mingyilliklarga) oid ibtidoiy odam manzillarining qoldiqlari topilgan.