Imomqulixon ibn Dinmuhammadxon (; 1589, Buxoro xonligi — 1644, Makka yaqinidagi Arafot togʻi, Usmoniylar imperiyasi) — oʻzbeklarning Ashtarxoniylar sulolasining vakili va Buxoro xonligi hukmdori (1611—1642), sarkarda.

Imomqulixon xonlikni markazlashtirib, mamlakat mudofaasini mustahkamlashga harakat qilgan. U Buxoro xonligi hududiga shimol tomondan xavf solgan qalmoqlar, jungʻorlarga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib borgan. Xonlik hududidagi bir qancha oʻzboshimcha amaldorlar va hokimlar harakatini bostirgan.

Imomqulixon hukmronligi davrida Rossiya, Turkiya, Hindiston va boshqa mamlakatlar bilan faol tashqi siyosat olib borgan. Jumladan, Turkiyada hukmronlik qilgan Usmoniylar imperiyasi hukmdori Ahmad I va Murod IV, Hindistonda Boburiylar sulolasi vakillari Jahongir va Shoh Jahon, Rossiyada Romanovlar sulolasi hukmdori Mixail Fyodorovich bilan faol diplomatik munosabatlarni oʻrnatgan.

Uning davrida mamlakatda koʻplab bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Jumladan, Buxoroda Poyandabiy masjidi, Mavlona Miskin madrasasi, Nodir devonbegi xonaqohi, Nodir devonbegi madrasasi, Magʻoki Koʻrpa masjidi, Mehtar Orif madrasasi, Samarqandda esa Qozi Soqi madrasasi, Sherdor madrasasi, Sayyid Ahmadxoja madrasasi, Tillakori madrasasi qurilgan.

Imomqulixonning 31 yillik hukmronlik faoliyati davomida xonlikning mavqei koʻtarilgan va mamlakatda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik yaxshilangan. Manbalarda Imomqulixonning hukmronlik davri Husayn Boyqaro davri bilan qiyoslangan.

Kelib chiqishi Ashtarxoniylar sulolasining vakillaridan biri boʻlmish Imomquli 1589-yilda tavallud topgan. Otasi Din Muhammad shayboniylardan boʻlgan hukmdor Abdullaxon II (1556–1598) davrida harbiy sarkarda boʻlib, bir nechta shahar va viloyatlarda hokimlik qilgan.

Anton Alekseyev Iskandarbek Munshiyning „Tarixi olamoroyi Abbosiy“ asarining Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan nusxasiga asoslanib, Imomqulixon va Nadr Muhammadxonning onasi sayyidlar avlodidan boʻlganligini yozgan. Aksar manbalarda Din Muhammadxonning oʻgʻillaridan faqatgina Nadr Muhammadxon sayyidlar avlodidan ekanligi koʻrsatilgan.

Imomqulixon nasabining tarmogʻi Chingizxonga yetadi va Joʻjixonning 13-oʻgʻli Toʻqay Temurga borib taqaladi. Tarixdan maʼlumki, Toʻqay Temurga 14 ulus mulk qilib berilgan. Uning ulusi tarkibiga Mangʻishloq, Hoji Tarxon va Shimoliy Kavkazdagi aslar yeri kirgan. „Imomqulinoma“ asarida muallif Imomqulixonning nasabini Amir Temur nasabiga borib bogʻlagan. Quyida Imomqulixon nasabining kelib chiqishi Muhammad Tolibning „Matlab ut-tolibin“, Hofiz Tanish Buxoriyning „Imomqulinoma“ asarida keltirilgan. Bundan tashqari, Akbar Zamonov tadqiqotlarida manbalar bilan qiyoslangan nasabnoma halqasi ham keltirilgan.

Muhammad TolibdaHofiz Tanish BuxoriydaAkbar ZamonovdaChingizxonChingizxonChingizxonJoʻchixonJoʻchixonJoʻchixonToʻqay TemurxonToʻqa-TemurOʻztemursultonO'z-TemurOʻz-TemurAboysultonSarichaAbanTumagʻonsultonQuyunchakTumgʻanTulaq-TemurQutlugʻ-TemurTuy Xo'jaAli-TemurTemurqutluqxonToxtamishxonTemur-QutluqTemursultonKarim-BerdixonTemur SultonMuhammadxonSayyid-AhmadMuhammadxonHavoqxonChavoq-MuhammadJuvakBobogʻishloqxonMangishlakManqishlaxYormuhammadxonYormuhammadxonYor MuhammadJonishxonJoni-MuhammadJoni SultonDinmuhammadxonDinmuhammadxonDin MuhammadxonImomqulixonImomqulixonImomqulixon+

Taxtga kelishigacha boʻlgan davr thumb|200px|left|Ashtarxoniy hukmdor  – Vali Muhammadxon (1605–1611) Imomquli otasi Din Muhammad 1598-yilda vafot etgach, sodiq xizmatkorlaridan biri Haq Yasovul tomonidan uning xotini va ikki oʻgʻli Imomquli va Nadr Muhammadlar jang maydonidan olib ketilgan. Imomquli va Nadr Muhammad ot ustidagi ikki xurjunda olib qochilayotgan paytda dushman tomonidan otilgan oʻqning biri Nadr Muhammadning oyogʻiga borib teggan. Nadr Muhammad shundan keyin oqsoqlanib yuradigan boʻlgan. Vali Muhammadxon 1605-yil taxtga oʻtirganidan soʻng, Imomqulini Samarqand hokimi qilib tayinlagan. Chunki Vali Muhammadxon Balxni oʻz nazoratida saqlab qolib, uning valiahd boʻlishini istamagan. 1606-yilda Imomquli va Nadr Muhammad Chagʻoniyon, Balx va Hisorda boʻlib oʻtgan amirlarning harakatini bostirgan. Asta-sekin mamlakatda Imomqulining nufuzi oshib borgan. Vali Muhammadxon jiyani Imomquliga qarshi fitna uyushtira boshlagan. Bu fitnaga Doʻstimbiy argʻun otaliq va qatagʻon qabilasining boshliqlari boshchilik qilgan. Ammo Imomquli bundan xabar topib, ishonchsiz amirlarga qarshi choralar koʻrgan. Aynan shu hodisalardan soʻng, Vali Muhammadxon va jiyani Imomquli oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Saroy amaldorlari Vali Muhammadxon Qarshiga shikorga ketgan paytda unga qarshi fitna uyushtirishgan va Imomquli taxtga koʻtarilgan. 1611-yil avgustda boʻlib oʻtgan jangda Imomquli Vali Muhammadxonni yenggan va u asirga olinib, qatl etilgan.

Buxoro xonligi hukmdori 1611-yil Vali Muhammadxon vafot etgach, Imomqulixon Buxoro xoni sifatida taxtni egallagan. Dastlab ukasi Nadr Muhammadni Balx hokimi sifatida tayinlagan. Imomqulixon davrida mamlakatda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy munosabatlar taraqqiy etgan. Arminiy Vamberi uning hukmronlik davri haqida shunday yozadi: „Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi, uning davrida na kambagʻal, na bechora qolgandi. Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlarga qattiq turardi, qorongʻi tushishi bilan oddiy kiyim kiyib, vaziri va qoʻriqchi bilan bozor aylanib, oddiy xalqning haqiqiy turmush ahvolidan boxabar boʻlib turardi. U ulamo va abado hamda shoirlar bilan suhbatdan lazzat topib, koʻp vaqtini hukmdor libosini yechib, darveshlik xirqasini kiyib yurib oʻtkazar, har narsani oʻzi darhol bilishi uchun vaziri Nodir devonbegi va yaqin mahrami Abdulvoseʼ bilan shahar aylanar edi“. Imomqulixon hukmronligi davrida Buxoro xonligida biror marotaba ham isyon koʻtarilmagan. U muhtojlarga yordam bergan va shikoyat qilganlarning mushkulini oson qilgan. Imomqulixon davrida mamlakatda tilanchi va kambagʻal boʻlmagan. Muhammad Yusuf Munshiy oʻz asarida u haqida shunday yozgan: „Imomqulixon oyoqlari davlat uzangisida boʻlgan paytda, na Balxda, na Buxoroda qoʻzgʻolon va tartibsizliklar boʻlmadi“. U asarida Imomqulixonni Husayn Boyqaro hukmronlik davri bilan qiyoslagan.

Mamlakat mudofaasi uchun olib borgan yurishlari Imomqulixon xon sifatida koʻtarilgach, dastlab mamlakat mudofaasini mustahkamlashga kirishgan. Bu davrda Buxoro xonligining shimoliy tomoniga qozoqlar va qalmoqlar tahdid solayotgan edi. U Buxoro xonligining shimoli-sharqiy chegaralari uchun qozoqlar, qalmoqlar va jungʻorlarga qarshi kurashlar olib borgan. Imomqulixon Xuroson va Xorazmni qayta egallab olmagan boʻlsa-da, Andijon, Turkiston va Toshkent hududlariga xavf solgan qalmoqlar va qozoqlarga qarshi kurash olib borgan. 1613-yilda Imomqulixon Turkiston chegaralaridan to Ashpara va Qoratovning chekka hududlarigacha qoraqalpoqlar, qozoqlar va qalmoqlarga qarshi jang qilib, ularni yenggan.

Toshkent hududining qaytarilishi 1612–1613-yillardagi yurishlar natijasida Toshkent mamlakat hududiga qoʻshib olingach, Imomqulixon oʻgʻli Iskandar Sultonni hokim qilib tayinlagan. Iskandar Sulton Toshkentda Buxoro xonligi boshqaruvini joriy qilgan va qattiqqoʻl siyosat yuritgan. U shahardagi ijtimoiy hayotni yaxshilash maqsadida xiroj va boshqa turdagi soliqlarni joriy qilgan. Bundan gʻazablangan Toshkent aholisi qoʻzgʻolon koʻtargan va Iskandar Sulton oʻldirilgan. Ushbu xabarni eshitgan Imomqulixon ukasi Nadr Muhammadga xat yozib, qoʻshin bilan Toshkentga borishini bildirgan va oʻzi ham katta qoʻshin bilan Toshkent tomon yoʻl olgan. Nadr Muhammad Balx va Badaxshondagi qoʻshinlari bilan Toshkentga yordamga borishga shoshilgan. Imomqulixon va Nadr Muhammad qoʻshinlari bir joyga toʻplanib, bir oy davomida Toshkentni qamal qilgan. Imomqulixon jang davomida: „Qasam ichamanki, shaharni olgach, uning aholisini qilichdan oʻtkazaman, toki dushmanning qoni otimning uzangisigacha yetmaguncha, qirishni toʻxtatmayman“, – deb qasam ichgan. Toshkent shahri aholisi ogʻir ahvolga tushgan, shahar darvozalari portlatilib, aholi qilichdan oʻtkazilgan. Buxoro qoʻshinlarining boshliqlari xonga begunoh aholini qirib tashlashni toʻxtashini aytgan. Ammo Imomqulixon shunday degan: „Men qasam ichdim va odamlarning qoni mening uzangimga yetmaguncha, qatlni toʻxtatmayman“. Ushbu qirgʻinni toʻxtatish uchun imomlar shunday fatvo bergan: „Janobi oliylari oʻz otini suvi uning uzangisiga yetadigan hovuzga tushirsin, undan keyin suv bilan oʻldirilganlarning qonini aralashtirsinlar, shul zafarli oʻzangigacha yetib boradi“. Amirlar Imomqulixonga fatvoni yetkazgan va u xuddi shunday qilib, qasamini ado etgan.

Qozoq xonlari bilan munosabatlari Imomqulixon 1612–1613-yillarda Talas vodiysida qozoqlarni magʻlubiyatga uchratib, ularning mazkur hududlarda taʼsirini kamaytishga harakat qilgan. U Toshkentni oʻz tasarrufiga oʻtkazgan boʻlsa-da, koʻp vaqt oʻtmay 1613-yilda qozoq xoni Tursunxon shaharni egallagan. 1621-yilda Shoxruxiya qalʼasidagi daryo boʻylarida Tursunxon va Ashtarxoniylar oʻrtasida jang boʻlib oʻtgan. Jang natijasida Ashtarxoniylar magʻlubiyatga uchrab, 20 ming jangchisidan ayrilgan. 1623-yilda Shoxruxiya qalʼasi yaqinida navbatdagi jang boʻlib, Tursunxon qoʻshini gʻolib boʻlgan. Imomqulixon vaziyatdan kelib chiqib, sulh tuzishni maʼqul koʻrgan. Imomqulixon joʻyboriylardan Hoshim Xoja Joʻyboriyni Tursunxon huzuriga yuborgan. Shartnomaga koʻra, Buxoro xonligi chegarasi Shoxruxiyadan oʻtishi belgilangan. Ushbu shartnomadan keyin Buxoro xonligi shimoldagi hududlarga daʼvo qila olmas edi. 1626–1627-yillarda Eshimxon va Tursunxon oʻrtasidagi jang natijasida Tursunxon oʻldirilgan, Buxoro xonligi hududi oldingi chegarasigacha kengaygan. 1628-yilda Imomqulixon buyrugʻi bilan Yalangtoʻsh Bahodir qozoq xoni Abulay Sulton bilan jang qilib, Toshkentda uni magʻlub etgan. 1628-yilda Fargʻona vodiysida Ashtarxoniylar hokimiyati toʻliq oʻrnatilgan. Imomqulixon Toshkentda Boqi Muhammadxonning oʻgʻli Abdulloh sultonni hokim qilib tayinlagan. Imomqulixonning ushbu gʻalabasidan soʻng, Buxoro xonligining shimoliy-sharqiy chegaralari qayta tiklangan. 1636-yilda Yalangtoʻsh Bahodir boshchiligidagi qoʻshin Sayramga yurish qilgan. Harbiy yurishlar Dashti Qipchoq hududlarigacha davom etgan.

Nadr Muhammad bilan munosabatlari 1611-yil Imomqulixon taxtga koʻtarilganidan keyin, Nadr Muhammadni Balx hokimi qilib tayinlagan. Nadr Muhammadxon Balx viloyatini 1642-yilgacha hokim sifatida boshqargan. Aka-ukalarning ikkalasi ham xon hisoblanib, Imomqulixon „katta xon“, Nadr Muhammad „kichik xon“ deb eʼtirof etilgan. Nadr Muhammad 30 yildan ortiq Balxni boshqarib, akasi Imomqulixon bilan birgalikda bir nechta yurishlarda ishtirok etgan. Imomqulixon va Nadr Muhammad oʻrtasida oqibat va samimiyat boʻlib, bir-biriga qurol koʻtarmagan. Imomqulixon boburiy hukmdor Shoh Jahonning Balxga yurishini oldini olish maqsadida askarlari bilan birga Balx viloyatiga tashrif buyurganida, Nadr Muhammadxon 12 oʻgʻli bilan shahardan yarim chaqirim piyoda yurib, uni kutib olgan. Imomqulixon bundan taʼsirlanib „Siz sayyidsiz ulovingizga miningiz“ deb otiga mindirgan. Imomqulixon Balxga kelgach, qabul marosimi tashkil etilgan. Nadr Muhammadxon akasiga turkiy odatlar boʻyicha toʻqqizta sovgʻa bergan. Toʻqqizinchi hadya sifatida sakkiz nafar quldan keyin Nadr Muhammad oʻzi turgan.

Tashqi siyosati Usmoniylar imperiyasi bilan diplomatik aloqalari thumb|150px|left|Usmonlilar sultoni – Ahmad I (1603–1617) Usmoniylar sultoni Ahmad I va Imomqulixon oʻrtasida Safaviylar davlatiga qarshi kurashish maqsadida 1616–1617-yillarda elchilik aloqalari olib borilgan. Lekin ushbu harakat Usmoniylar sultoni Ahmad I ning vafot etishi bilan toʻxtab qolgan. thumb|150px|right|Usmonlilar sultoni – Murod IV (1623–1640) Usmoniylar sultonligi Eron bilan munosabatlari buzilishini istamagan boʻlsa-da, Murod IV (1623–1640) Bagʻdod va Revonga yurish qilgan.