thumb|right|300px|Faylasuf Suqrot qozi hukmiga koʻra zahar ichish arafasida. Falsafa (yunoncha φιλοσοφία — „donishlikni sevish“, yunoncha φιλέω — „sevaman“ va yunoncha σοφία — „donolik“) — eng umumiy fan (nazariya), dunyoqarash shakllaridan biri boʻlib inson faoliyati sohalaridan biri. U kishi qanday yashashi, hayot kechirishi kerak (etika); qaysi narsalar mavjud va ularning tabiati qanday (metafizika); bilim nima (epistemologiya); hamda qanday fikrlash toʻgʻri (mantiq) ekanligini hal qilishga urinadi.
Falsafa, filosofiya — insonning dunyoda tutgan oʻrni va dunyoqarashining yaxlit tizimini ifodalovchi maʼnaviy faoliyatining bir shakli. Milodiy II, III asrlarda oʻtgan yunon faylasufi Diogen Laertskiyning shohidlik berishicha, yunon mutafakkiri Pifagor birinchi boʻlib oʻzini „filosof“ deb atagan. Bu soʻz Geraklitning falsafiy taʼlimotida narsalarning tabiatini tadqiq etishga nisbatan qoʻllangan, tadqiqotchining oʻzi esa „filosof“ deb atalgan. Keyinchalik „filosof“ soʻzi har taraflama, keng, tushunarli va haqqoniy fikr yuritishga intiluvchi kishiga nisbatan qoʻllangan. Tarixiy maʼlumotlar yunoncha „philosophia“ soʻzi arabchaga „falsafa“ boʻlib oʻtganligi, arablar bu fanni „hikma“ deb atashi, ruschaga „filosofiya“ tarzida oʻtganligini tasdiqlaydi, demak falsafa bilan filosofiya soʻzlari bir xil maʼnoga ega.
Falsafaga haqiqatga eltuvchi taʼlimot sifatida yondashgan sokratchilar maktabi vakillari nuqtai nazaridan kurasak, „haqiqatga muhabbat“, „haqiqatni sevish“ degan maʼno kelib chiqadi. Falsafa haqida fan tarixida turlicha, hatto birbiriga qaramaqarshi qarashlar mavjud. Falsafaga hamma fanlarning boshlanishi, olamning asl mohiyatini va universal qonunlarini ochuvchi fan deb yondashishdan tortib uni oʻz tadqiqot obʼyekti va predmetiga ega boʻlmagan mavhum va oʻta umumlashgan, inson uchun foydasiz bilimlar majmui deb hisoblovchilar ham uchraydi. Insoniyat foydalanayotgan barcha bilimlar Falsafadan boshlanib, falsafiy xulosa bilan yakunlanadi. Falsafanini fan darajasiga olib chiqqan Platon uni „mavjudlikni, mangulikni va doimiylikni bilish“, Aristotel „narsalarning sabablari va asosiy tamoyillarini tadqiq etuvchi fan“ deb bilgan, stoiklar uni nazariy va amaliy tafeilotlarga intilish deb, epikurchilar unga „aql vositasida baxtga erishish yoʻli“ deb qaragan. Forobiy falsafani „hikmatni qadrlash“ yoki fikrlash sanʼati deb bilgan. Oʻrta asrlar xristian falsafasidasida u „tabiiy akl nuri vositasida erishiladigan dunyoviy donolik“ (teologiya esa ilohiylik nuri vositasida erishiladigan ilohiy donolik) deb taʼriflangan.
Francis Bacon va René Descartes falsafani „tushunchalar shakliga burkangan yaxlit, yagona fan“ deb hisoblashgan. X. Volf falsafani „barcha mumkin narsalar va ularning qay maʼnoda va nega mumkinligi haqidagi fan“ desa, Kant falsafaga „dunyoni qanday tushunish haqidagi, butun bilishning inson aqlining tub maqsadlariga munosabati haqidagi fan“ sifatida yondashishni taklif etadi. Fixte falsafaga „qalb maʼrifati, maʼnaviy maʼrifat“ deb baho bergan boʻlsa, Shelling voqelikning butun kulami va teranligini oʻz tajribasiga kura bilib olishni falsafa deb hisoblangan. Gegel predmetlarni fikran qarab chiqishni falsafa deb atab, unga „oʻzoʻziga ergashuvchi aql xaqidagi fan“ sifatida taʼrif bergan. Shopengauer dunyoning butun mohiyatini abstrakt, yalpi umumiy va ravon shakldagi tushunchalarda ifodalash falsafaning asosiy vazifasi deb bildi.
Falsafaning tarkibiy qismlariga bilish nazariyasi (gnoseologiya), metafizika (ontologiya, kosmologiya, falsafiy antropologiya, mavjudlik falsafasi, teologiya), mantiq, etika, estetika, huquq falsafasi, naturfalsafa, fan falsafasi, tarix va madaniyat falsafasi, siyosat falsafasi, din falsafasi, psixologiya va boshqa kiradi. Bulardan tashqari, hozirgi zamon falsafasida tibbiyot, tilshunoslik, musiqa, kibernetika va boshqa aniq, fanlarning umummetodologik jihatlarini oʻrganuvchi falsafa yoʻnalishlari vujudga kelmoqda. Falsafaning dunyoqarashlik, gnoseologik, metodologik, sotsiologik, aksiologik, antropologik, mantiqiy, psixologik va mafkuraviy funksiyasi bor.
Falsafa tarixi — inson tafakkuri taraqqiyoti tarixidir. Falsafa tarixiga oid adabiyotlarda insoniyat tarixida xitoy falsafasi, hind falsafasi, Yevropa falsafasi ajratib koʻrsatiladi. Yirik diniy taʼlimotlar sifatida hinduiylik falsafasi, xristianlik falsafasi, buddaviylik falsafasi, islom falsafasini koʻrsatish mumkin.
Ilk falsafiy taʼlimotlar qadimiy Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va Yunonistonda paydo boʻlgan, keyin Gʻarb mamlakatlariga yoyilgan. Qadimiy Hindistondagi falsafiy maktablar 2 turga boʻlinib, biri vedalaraxm kelib chiqqan va ularga suyanuvchi maktablar (vedanta, yoga, vaysheshika, nyaya, sankxya), ikkinchisi vedalarni rad etuvchi maktablar (jaynizm, buddizm, lokoyata) hisoblanadi. Qadimiy Xitoydagi dastlabki falsafiy taʼlimotlar miloddan avvalgi VII asrda vujudga kelgan. U qadimiy Xitoy yozma manbalarida uchrab, bu manbalarga „Qoʻshiqlar kitobi“, „Bahor va kuz“ kabi qadimiy yodgorliklar va Konfutsiynnng „Aforizm“larini, daosizmni kiritish mumkin.
Markaziy Osiyodagi falsafiy qarashlar qadimiy turkiy yozuvlar, tangriga eʼtiqod qilish tamoyillarida va zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda oʻz ifodasini topgan. Bundan tashqari, Sharq xalqlarining tabiatning asosiy unsurlari yer, suv, havo va olovni eʼzozlash haqidagi naturfalsafiy qarashlari va gʻoyalari Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlariga keng yoyilib qadimiy Misr, Bobil, Lidiya mamlakatlari xalqlarining tafakkur tarziga singib ketgan. Yunonistonning ilk falsafiy maktabi — Milet maktabi ham oʻz gʻoyalarini Sharqdan olganligi tadqiqotchilarga maʼlum. Miloddan avvalgi II, I asrlarda Marv, Balx, Termiz, Sigʻnoq, Samarqand, Buxoro zaminini oʻziga qamrab olgan hududda kushonlar saltanati qaror topib, unda budda dini xukm suradi, uning falsafasi bu joyda yashovchi xalqning tafakkur tarziga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Ammo Avesto gʻoyalari xalq ongidan butunlay chiqib ketmaydi. Milodiy III asrga kelib tenglik gʻoyalarini ilgari suruvchi moniylik taʼlimoti paydo boʻldi. Bu taʼlimot mazdakiylar harakatining maʼnaviy tayanchi boʻlgan.
Yunonistondagi falsafiy maktablar, asosan, miloddan avvalgi VI, V asrlardan vujudga kela boshladi va uning taraqqiyot bosqichlari klassik ellinizm va rimellinizm davrlariga boʻlinadi. Ellinistik falsafa davri sokratgacha davr (Milet maktabi, Eleya maktabi) va klassik (attik) falsafani (Sokrat, Platon, Aristotel) oʻz ichiga oladi. Sokratgacha davr falsafasi kosmologik (gilozoistik) falsafa va antropologik davrlarni oʻziga qamrab oladi. Dastlabki kosmologik falsafiy taʼlimot Falesga tegishli. U Anaksimandr, Anaksimen, Ferekid, Diogen bilan birgalikda Ioniya naturfalsafa maktabiga mansub. Ulardan soʻng borliq haqidagi taʼlimot bilan Ksenofan, Parmenid, Zenon (Eleyalik), Meliss shugʻullanganlar. Ular bilan birga Pifagor maktabi (Pifagor, Fillolay, Alkmeon, Arxit; miloddan avvalgi VI, IV-asrlar) faoliyat koʻrsatgan. Bu davrda antropologik sofistika maktabi vakillari Protagor, Gorgiy, Gippiy, Prodik ijod qilishgan. Miloddan avvalgi III, II asrlarda stoiklar (Zenon Kitionlik), epikurchilar (Epikur, Lukretsiy), neoplatonchilar (Plotin) yunon falsafasiga oʻz hissalarini qoʻshishgan. Ayniqsa, Sokrat, Platon, Aristotel falasafasi yunon falsafasining shuhratini oshiradi. Yunon falsafasidagi asosiy qarashlar Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Makduniy)ning Sharqqa istilochilik yurishlari davrida Markaziy Osiyoga ham kirib keldi.
Islom dini yoyilgan mamlakatlardagi falsafiy taʼlimotlar quyidagicha oʻrganiladi: ilk islom falsafasi (VI, VIII asrlar), sharqiy islom falsafasi (Movarounnahr va Xurosondagi falsafiy taʼlimotlar), gʻarbiy islom falsafasi (Shimoliy Afrika va Ispaniyadagi falsafiy taʼlimotlar).
Ilk islom falsafasi davri yunon falsafasining arab va suryoniy tillariga tarjima etilishi, bu tarjimalarda yahudiylik va xristianlik aqidalarining ustuvorlik qilishi bilan ajralib turadi. Bu davrda islomdagi jabariylar bilan qadariylar, moʻʼtaziliylar bilan mutakallimlar oʻrtasida falsafiy qaramaqarshiliklar boʻlgan. Sharqiy islom falsafasida dunyoviy va islomiy gʻoyalarning, turli xalq va sivilizatsiyalarning tafakkur tarzi sintezlashgan. Shuningdek, tabiatshunoslik ilmlaridagi yirik kashfiyotlarni (mas, kimyo ilmining vujudga kelishi) falsafiy asoslash, hisoblash madaniyatining tubdan uzgarishi (Xorazmiy sistemasi) bilan bogʻliq belgilar kuzga tashlanadi. Sharqiy islom falsafasi (Muso Xorazmiy, Fargʻoniy, Kindiy, Abu Bakr Roziy, Abu Mansur Moturidiy, Ashʼariy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Yusuf Xos Xojib, Umar Xayyom, Gʻazoliy, Zamaxshariy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Faxriddin Roziy, Bahouddin Nakshband, Ibn Xaldun va boshqalar) va gʻarbiy islom falsafasi (Ibn Tufayl, Ibn Boja, Ibn Rushd) faylasuflarining musulmon olimlari tomonidan qayta ishlangan, tarjima qilingan asarlarining Yevropaga qayta takdim etilishi bu yerda Uygʻonish davrining boshlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Falsafaning keyingi ravnaq topishi Markaziy Osiyoda temuriylar davri bilan boshlanadi. Amir Temur falsafiy gʻoyalarning mamlakat istiqboliga xizmat qilishini bilgan holda ilm-fan ravnaqiga rahnamolik qildi. Bu davrda Markaziy Osiyoda tasavvuf falsafasi, tabiatshunoslik falsafasi, mantiq falsafasi va axloqiy taʼlimotlar rivojlandi (Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Saʼdiy, Jaloliddin Rumiy, Taftazoniy, Jurjoniy, Ulugʻbek, Xoja Ahror, Fuzuliy, Nasimiy, Jomiy, Navoiy, Muhammad Qozi, Maxdumi Aʼzam, Bobur, Mashrab, Bedil va boshqalar). Shuni qayd etish lozimki, islom falsafasi oʻzidan ilgari oʻtgan barcha dinlar bilan bogʻliq ilmiy anʼanalarni qabul qilgan. Islom falsafasi rivojiga iudaizm, xristianlik, buddizm va boshqa diniy taʼlimotlar taʼsir koʻrsatgan.
Yevropa falsafasi esa oʻzidan oldingi barcha falsafiy fikrni ilmiy bilimlarni jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish bilan bogʻlagan. Toʻgʻri, Yevropadagi diniysxolastik falsafiy gʻoyalar jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir qildi. Lekin, arab olimlarining tarjimalari tufayli antik davr fani va falsafasi, qadriyatlarini qoʻlga kiritgan yevropalik olimlar jamiyatni bamisoli qayta uygʻotishdi. Yevropa falsafasi sxolastik davri, uygʻonish davri, yangi davr va nemis klassik falsafasi davrlariga boʻlinadi. Sxolastika davri sxolastika ravnaqi (Buyuk Albert, Foma Akvinskiy, R. Bekon) va sxolastika inqirozi (Dune Skot, tomizm, U. Okkam) davrlariga boʻlinadi. Uygʻonish davrida italyan gumanizmi, reformatsiya, tabiatshunoslik falsafasi, ijtimoiy xayoliy nazariyalar ilgari surilgan. Yangi davrda F. Bekon, R.Dekart, T.Gobbs, J.Lokk, Spinoza, Leybnits, X.Volf, J.Berkli, D.Yum, GT.Beyl, Sh. Monteskye, Volter, Russo, D.Didro, D’Alamber, J.Lametri, P.Golbax va boshqa faylasuflar ijod qilishgan. Nemis klassik F.si Gerder, Kant, Fixte, Shelling, Gegel, Feyerbax nomlari bilan bogʻlangan.
Falsafa tarixidagi falsafiy maktab va oqimlar oʻzlari ilgari surayotgan falsafiy gʻoyaning mazmuniga qarab quyidagi yoʻnalishlarga boʻlinadi: empirizm va ratsionalizm, nominalizm va realizm, materializm va idealizm, skeptitsizm va antiskeptitsizm, agnostitsizm va antiagnostitsizm, dogmatizm va relyativizm kabilar.