Botu (taxallusi; asl ismi Mahmud Hodiyev) (1904.15.5, Toshkent – 1938.9.5) – shoir, jurnalist. Rus-tuzem maktabi (1914–17), oʻqituvchilar tayyorlash kursi (1918–20), Moskva davlat universitetining iqtisod fakultetida (1921–1927) oʻqigan. „Fargʻona“ gazetasida, „Alanga“ jurnalida bosh muharrir, ayni vaqtda Oʻzbekiston xalq maorifi komissari oʻrinbosari boʻlib ishladi (1928–1930). Dastlabki sheʼrlarida Munavvarqori singari milliy istiqlolchilar taʼsiri seziladi. „Umid uchqunlari“ (1925), „Toʻlqin tovushlari“ (1929) toʻplamlari nashr etiladi. U yangi tuzumga chin dildan ishongan, xalqqa haqiqiy tenglik, ozodlik, baxt-saodat beradi deb umid qilgan. Shu maʼnoda yangilikni, yoshlikni, xotin-qizlar ozodligini kuyladi. Botu „Yangi qishloq“ (1928), „Hoshimjon“, „Tursun“ (1929), shuningdek bolalarga bagʻishlangan hikoyalari („Bolalar yolgʻoni“, „Mening kitobim“ va boshqalar)da yangi ijtimoiy munosabatlar hamda bolalar dunyosi ruhiyatini tasvirladi.
Botu oʻzbek-arab alifbosini lotin grafikasi asosidagi alifboga almashtirish tashabbuskorlaridan boʻlgan (1920). Tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalariga oid bir qator maqolalar muallifi. Botu 1930-yilda nohaq ayblanib, qamoqqa olindi va qatagʻon qurboni boʻldi. Toshkent koʻchalaridan biriga va maktabga Botu nomi qoʻyilgan"" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Manbalar
Adabiyotlar Yoz kuni: sheʼrlar, dostonlar, hikoya va maqolalar, T., 1980. Sharipov B., Shoir va jamoatchi, T., 1989.
Turkum:Alifbo boʻyicha shoirlar Turkum:Oʻzbekistonlik yozuvchilar Turkum:Oʻzbekistonlik shoirlar Turkum:Qatagʻon qurbonlari