thumb Bosh miya nervlari — bosh miya asosi (pastki yuzasi)dan oldinma-ketin boshlanuvchi 12 juft nerv. Ular bosh miyani tashqi muhit va ichki aʼzolar bilan bogʻlab turadi. I. Hid biluv nervi — burun boʻshligʻining tepa qismiga tarqalib, hidlarni qabul qiladi; II. Koʻruv nervlari — koʻz soqqasining nurlarni qabul qiluvchi toʻr pardasiga tarqalgan. Koʻzni harakatlantiruvchi (III), gʻaltak (IV) va uzoqlashtiruvchi (VI) nervlar koʻz soqqasining yordamchi muskullariga boradi. V. Uch shoxli nerv yuz, koʻz, burun va ogʻiz boʻshliqlariga tarqaladi. VII. Yuz nervi — yuzdagi mimika (imo-ishora), jagʻ osti muskullari, burun boʻshligʻi, tanglay va til shilliq pardasini taʼminlaydi. VIII. Vestibulyareshituv nervi ichki quloqda tarmoqlanadi. IX. Til-halqum (yutqin) nervi — til va halqumda tarmoqlanadi. X.Adashgan (sayyor) nerv — yurakka, nafas va qorin boʻshligʻi aʼzolariga tarqaladi. XI. Qoʻshimcha nerv— yelka va boʻyin muskullariga boradi. XII. Til osti nervi — til va til osti muskullariga tarqaladi. Bosh miya nervlari sezuvchi, harakatlantiruvchi va aralash boʻladi. I, II, VIII nervlar sezuvchi, IV, VI, VII, XI, XII nervlar harakatlantiruvchi va III, V, IX, X nervlar aralash nervlardir.
V, VII, VIII nervlar
Uch shoxli nervning (n. trigeminus) tuzilishi va vazifasi Uch shoxli nerv faoliyatiga nisbatan aralash nerv bo‘lib, uning tarkibida sezuvchi va harakatlantiruvchi tolalari bor. Sezuvchi qismi uchta neyrondan iborat. Birinchi neyron chakka suyagi piramidasining uch shoxli nerv botiqligida miyaning qattiq pardasi hosil qilgan bo‘shliqda joylashgan yarim oy shaklidagi Gasser tuguni hujayralari. Bu hujayralarning aksonlari uch shoxli nervning sezuvchi ildizini hosil qilib, Varoliy ko‘prigi, o‘rta miya, uzunchoq miya va orqa miyadagi sezuvchi o‘zaklarga yo‘naladi. Ularning dendritlari esa nervning uchta shoxini: 1-shox, ko‘z nervi (n. ophtalmicus), 2-shox, yuqori jag‘ (n. maxillaris) va 3-shox, pastki jag‘ nervini (n. mandibularis) hosil qilib periferiyaga yo‘naladi. 1) Ko‘z nervi tugundan boshlanib, ko‘z kosasining yuqorigi tirqishi orqali ko‘z kosasiga kiradi va quyidagi shoxlarga bo‘linadi: a) Ko‘z yosh nervi (n. lacrimalis) bu nerv ko‘z shilliq pardasining tashqi tomonini, yuqorigi qovoqni va ko‘zning ichki burchagi terisini innervatsiya qiladi. b) Burun-kiprik nervi (n. nasociliaris) ko‘zning, burunning shilliq pardalarini, peshona, ponasimon bo‘shliqlarni, g‘alvirsimon suyakning orqa qismini, burun terisini va bosh miya qattiq pardasini innervatsiya qiladi. c) peshona nervi peshona terisini, ustki qovoq, ko‘zning medial burchagi terisini va kon’yunktivani innervatsiya qiladi. 2. Yuqori jag‘ nervi uch shoxli tugundan boshlanib oldinga yo‘naladi va yumaloq teshik orqali qanot-tanglay chuqurchasiga chiqib quyidagi shoxlarga bo‘linadi: a) yonoq nervi (n. zugomoticus), chakka va yonoq sohasining terisini innervatsiya qiladi. b) ponasimon – tanglay nervlari (n.sphenopalatini) g‘alvirsimon suyakning orqa qismini, ponasimon bo‘shliqni, burunni, hiqildoqni, yumshoq va qattiq tanglay va tanglay murtagi shilliq pardasini innervatsiya qiladi. c) ko‘z kosasining pastki nervi (m. infraorbitalis) o‘z nomidagi teshik chiqib pastki qovoq terisini va shilliq pardasini, ko‘z kosasi osti terisini, tishlarni hamda gaymor bo‘shlig‘i shilliq pardasini innervatsiya qiladi. d) yuqorigi milk nervlari (n. gingivalis superiores). Bu nervning shoxchalari tish chigalini hosil qiladi va yuqori jag‘ning milkini, tishlarini, gaymor bo‘shlig‘i va lunj shilliq pardasi retseptorlarini hosil qiladi.
53-rasm. Uch shoxli nerv. 1. Uch shoxli nerv 2. Ko‘z nervi 3. Burun kiprik nervi 4. Ko‘z yosh bezi nervi 5. Peshona nervi 6. Kiprik tuguni 7. Yuqori jag‘ nervi 8. Yuqorigi alveolyar shoxchasi 9. Lunj nervi 10. Dahan nervi 11. Til nervi 12. Pastki jag‘osti tuguni 13. Pastki alveolyar nerv 14. Quloq tuguni 3. Pastki jag‘ nervi (n. mandibularis) yuqorida ko‘rsatilgan ko‘z va yuqori jag‘ nervlaridan farqli ravishda aralash nervdir. Uning tarkibida sezuvchi va harakatlantiruvchi va ta’m biluvchi nerv tolalari bor. Bu nerv kalla suyagidan oval teshik (foramen ovalae) orqali chiqib, pastki jag‘ kanaliga kiradi (canalis mandibularis), uning oxirgi shoxi engak nervi (n. mentalis) nomi bilan, engak teshigidan (foramen mentale) chiqadi. Pastki jag‘ nervining sezuvchi tolalari tashqi eshituv yo‘li terisini, nog‘ora pardani, quloq suprasining oldidagi terini, pastki jag‘ni, engak, og‘iz burchagi terisini, pastki labni, og‘iz bo‘shlig‘ini va milk shilliq pardalarida retseptorlarini hosil qiladi. Pastki jag‘ nervining qattiq parda shoxchasi bosh miya qattiq pardasini innervatsiya qiladi. 4. Pastki jag‘ nervining tilning sezuvchi nervi shoxi tarkibidagi sezuvchi tolalar tilning oldingi 2/3 qismi, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasidan og‘riq va harorat sezgisini qabul qiladi. Uning tarkibiga yuz nervi shoxi nog‘ora toridan qo‘shilgan parasimpatik tolalar til osti va jag‘ osti bezlarini innervatsiya qiladi. Gasser tuguni hujayralari aksonlari qo‘shilib, uch shoxli nervning ildizini (corni n. trigemeni) hosil qiladi va Varoliy ko‘prigining oldingi – yon yuzasini o‘rta qismidan kiradi. So‘ng pastga va yuqoriga yo‘naluvchi tolalarga bo‘linadi. Pastki yo‘naluvchi tolalari uzunchoq miya orqali orqa miyaning IV-bo‘yin segmentigacha yetib boradi va sezuvchi o‘zakda (nucleus sensorius) tugaydi. Bu o‘zakda og‘riq va haroratni sezuvchi tolalari tugaydi. Yuqoriga ko‘tariluvchi tolalar Varoliy ko‘prigida joylashgan, sezuvchi o‘zakda – (nucl. terminalis) tugaydi. Bu o‘zakda asosan chuqur va taktil sezgi tolalari tugaydi. Uch shoxli nervning bu ikkala sezuvchi o‘zagida II neyronning hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari qarama-qarshi tomondan keluvchi aksonlar bilan kesishma hosil qilgach, yuqoriga ko‘tariladi va ichki qovuzloqqa (lemniscus medialis) qo‘shiladi. U miya oyoqchasidan o‘tib, ko‘ruv bo‘rtig‘ini tashqi o‘zagida (nucleus lateralis) tugaydi. Ko‘ruv bo‘rtig‘ining bu o‘zagida III neyron hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari ichki kapsula orqa oyoqchasini orqa tomonidan o‘tib, markaz orqa pushtaning pastki qismida tugallanadi. Uch shoxli nervning harakatlantiruvchi qismini I neyroni markaz oldi pushtaning pastki 1/3 qismidan boshlanib, ichki kapsulaning tizzasidan va miya oyoqchasidan o‘tadi. Bu neyron qisman kesishma hosil qiladi va harakatlantiruvchi o‘zakda (nucleus motorius) tugaydi. Bu o‘zakda harakatlantiruvchi qismning II neyroni hujayralari joylashgan bo‘lib, ularning aksonlari uch shoxli nervning harakatlantiruvchi ildizini (ramus motorius) hosil qilib, ko‘prikning o‘rta qismidan chiqadi. So‘ngra uch shoxli nervning III-shoxi – pastki jag‘ nervi bilan birgalikda kalladan chiqib, chaynov mushaklarini: chakka mushagi (m.temporalis), chaynov mushagi (m.masseter), lateral va medial qanotsimon mushaklar (m.pterugoidei lateralis et medialis), shuningdek tanglay chodirini taranglovchi, nog‘ora pardani taranglovchi, jag‘-til osti va ikki qorinli mushakni oldingi qorinchasini innervatsiya qiladi. BOLALAR VA KATTALARDA TEKSHIRISH USULLARI 1. Sezgi qismini tekshirish. Birinchi navbatda bemorning shikoyati so‘raladi. Bu nerv shikastlanganda jarohatlangan tarmoq sohasida qattiq chidab bo‘lmaydigan xuruj bilan og‘riq paydo bo‘ladi. Bu uch shoxli nervning nevralgiyasida uchraydi. Bemorning shikoyatlari so‘rab bilingandan keyin obyektiv tekshirishga o‘tiladi: 1). Uch shoxli nerv tarmoqlarining tashqariga chiqish teshiklarini bosib tekshirish (Valle nuqtalari). Buning uchun foramen supraorbitale, infraorbitale et mentale sohalari bosib ko‘riladi. Uch shoxli nervning nevrit yoki nevralgiyasida zararlangan shoxning suyakdan chiqadigan sohalari bosilganda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. 2). Og‘riq, harorat va taktil sezgilarni tekshirish. Bular sezgi tizimida ko‘rsatilgan usullar yordamida yuz terisi va boshning sochli qismining oldingi uchdan bir sohada tekshiriladi. 3). Ta’m bilishni tekshirish. Ta’m bilish sezgisi tilni oldingi 2/3 qismida tekshiriladi. Buning uchun mazasi har xil bo‘lgan (shirin, sho‘r, nordon va achchiq) moddalardan foydalaniladi. Bu moddalarning biridan pipetka orqali tilning ustiga 1-2 tomchi tomiziladi. Tekshiriluvchi kishi tilini orqaga tortmasdan, oldindan shu moddalarni nomi yozilgan kog‘ozdan, sezgan ta’mini ko‘rsatib berishi lozim. Ta’m bilish tilni o‘ng va chap yarmida alohida-alohida tekshirib ko‘riladi. Yosh bolalarda ta’m bilishni tekshirilayotgan vaqtda bolaning yuzini burishtirishiga qarab bilish mumkin. 2. Harakat qismini tekshirish. 1). Tekshiriluvchidan og‘zini ketma-ket ochib-yopish so‘raladi. Bu paytda pastki jag‘ning harakatiga e’tibor berish kerak. Normal holatda og‘iz osonlik bilan ochiladi va bunda pastki jag‘ o‘ng yoki chap tomonga og‘may, o‘rtada turadi. 2). M. masseter, temporalis va pterigoideus medialis et lateralis ning tinch holatda va chaynash vaqtidagi tarangligini paypaslash yordamida tekshiriladi. 3). Chaynov mushaklarini quvvatini tekshirish uchun tekshiriluvchi og‘zini ochib turib, qarshilik qilgan holatda tekshiruvchi kuch bilan bemor og‘zini yopishga harakat qiladi. Odamda chaynov mushaklarining quvvati 5 ballik sistema yordamida aniqlanadi. ZARARLANISH BELGILARI Uch shoxli nervni shikastlanishida shu nervning nevriti, nevralgiyasi yoki nevralgo-nevriti uchrashi mumkin. Uch shoxli nervning zararlanishida og‘riq, temperatura va taktil anesteziyasi, gipesteziyasi yoki giperesteziyasi paydo bo‘lishi mumkin. Agar n.ophtalmicus zararlansa, yuqoridagi belgilar bilan bir qatorda konyuktival va korneal reflekslar susayadi yoki yo‘qoladi. Basharti n.mandibularis shikastlansa og‘riq bo‘lishi, sezgilarni pasayishi yoki yo‘qolishi bilan bir qatorda tilning oldingi 2/3 qismida ta’m bilish susayadi (gipoegeyziya) yoki yo‘qoladi (ageyziya). Shuningdek chaynov mushaklari falajlanadi. Chaynov mushaklarining atrofiyaga uchrash, chaynov vazifasini buzilishi, pastki jag‘ning o‘ng yoki chap tomonga og‘ishi (deviatsiya) chaynov mushaklarini quvvatini susayishi, ya’ni mushaklarning falaji bilan kechadi. Gasser tuguni yoki uch shoxli nervning ildizi Varoliy ko‘prigi oldida zararlangan taqdirda uchchala shox sohasida og‘riq, temperatura, taktil sezgilar yo‘qoladi yoki susayadi. Bundan tashqari chaynov mushaklari falajlanadi. Agar Gasser tuguni neyrovirus ta’sirida shikastlansa, bemorning burun va lab atrofida toshmalar toshadi (herpes zoster labialis et nasalis). Patologik jarayon uch shoxli nervning sezuvchi o‘zagini zararlantirgan bo‘lsa, yuzning shu tomondagi yarmida og‘riq va harorat sezgilari yo‘qolib, taktil sezgi biroz pasayadi (dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi). Uch shoxli nerv o‘zagining tamoman zararlanishi kam uchraydi. Ko‘pincha u qisman zararlanadi. Agar sezgi o‘zagining pastki 1/3 qismi shikastlansa, yuzning tashqi qismida yarim halqa shaklida segmentar shakldagi dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi yuz beradi. Uch shoxli nervning sezgi o‘zagini markazi shikastlansa yuzning o‘rta qismida yarim oy shaklida dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi sodir bo‘ladi. Sezgi o‘zagining tepa 1/3 qismi zararlansa yuzning ichki qismida, og‘iz va burun atrofida dissotsiyalashgan sezgi o‘zgarishi yuz beradi. Bu sezgi sohalarini Zelder sohalari deyiladi. Uch shoxli nervning harakatlantiruvchi o‘zagi yoki uning tolalarining zararlanishi natijasida chaynov mushaklari zararlanadi. Agar uch shoxli nervning harakatlantiruvchi qismini I neyroni zararlansa chaynov mushaklarining shikastlanish belgilari ko‘rilmaydi, chunki yuqorida aytilgandek I neyronlar harakatlantiruvchi o‘zak yuqorisida qisman kesishma hosil qiladi. Ba’zi bir kasalliklarda (meningit, qoqshol) natijasida uch shoxli nervning harakatlantiruvchi qismi ta’sirlansa, chaynov mushaklarini tonik qisqarishi (trizm) ro‘y beradi.
VII JUFT YUZ NERVI–n. facialis. Tuzilishi, vazifasi, tekshirish usuli, zararlanishi. Yuz nervi parasimpatik va ta’m bilish tolalari bo‘lgan oraliq nerv bilan birga yo‘naladi. Shuning uchun yuz nervi aralash nervlar qatoriga kiradi. 54-rasm. Yuz nervi. 1. Katta tosh nervi