Aleksandr Nikolayevich Askochenskiy (1898-yil 5-sentyabr, Verxniy Lomovsk qishlogʻi, Voronej guberniyasi, Rossiya imperiyasi – 1973-yil 5-mart, Moskva, RSFSR) – muhandis-irrigator, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (1943), professor (1939), Leningrad temir yoʻl injenerlari institutini tugatgan (1925). Oʻrta Osiyo irrigatsiya va meliorativ qurilishi instituti (Sredazgiprovodxlopok) bosh muhandisi (1931—1939), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti (1948—1950), soʻnggi yillarda sobiq Ittifoqda qishloq xoʻjaligi boʻyicha mas’ul lavozimlarda ishlagan. Askochenskiyning ilmiy ishlari Oʻrta Osiyo suv resurslarini oʻrganish, paxta ekiladigan rayonlarni sugʻorish va melioratsiyasi masalalariga bagʻishlangan. Katta Fargʻona kanali, Qoraqum kanalini loyihalash va qurishda qatnashganOʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.

Tarjimai holi 1898-yil 24-avgust (5-sentyabr) kuni Voronej guberniyasi Verxniy Lomovsk qishlogʻida (hozirgi Lipetsk viloyati Dolgorukovskiy tumanida) hisobchi oilasida tugʻilgan.

Voronejdagi imperator Pyotr I nomidagi shahar 8-sinf oʻrta mexanika-texnika bilim yurtini tamomlagan. Politexnikumda oʻqigan. 1920-yilda Voronejdagi Amaliy institutga oʻqishga kirdi. 1922-yilda institut yopilishi munosabati bilan u Petrograd temir yoʻl injenerlari institutiga oʻqishini koʻchirdi va uni 1925-yilda tamomladi. Institutni tugatgach, u Syasstro boshqaruviga yuborildi va Nijnesvir gidroelektr stansiyasida toʻgʻon qurilishida muhandis-konstruktor boʻlib ishladi.

1926-yilda Oʻrta Osiyoga koʻchib keladi. Katta muhandis, „Sredazvodxoz“ tadqiqot partiyasi boshligʻi (1926—1930), „Sredazvodproiz“ (Sazgiprovod) bosh muhandisi boʻlib ishlagan (1930—1940). Oʻzboʻy daryosi oʻzani va Sariqamish koʻli hududida tadqiqot ishlari olib borgan, Amudaryo suv resurslaridan kompleks foydalanish va Qoraqum choʻlini sugʻorish boʻyicha loyihalar ishlab chiqqan. Shu bilan birga, u boshqa ilmiy lavozimlarda – Qozogʻiston SSR Davlat plan komiteti suv boʻlimi ilmiy xodimi (1927), Qozogʻiston SSR SSNX Upromstroy (1927—1928), Kazvodxoz (1928—1929) bosh muhandisi lavozimlarida ham ishlagan. Oʻrta Osiyo paxta irrigatsiya institutida dars bergan (1931—1934), Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida gidromelioratsiya kafedrasi mudiri (1936—1950), 1939-yildan professor. Katta Fargʻona, Janubiy Fargʻona va Shimoliy Fargʻona kanallarini loyihalash va qurishga rahbarlik qilgan.

1940—1948-yillarda – „Chirchiqqurilish“ qurilish-montaj trestining boshqaruvchisi, bosh muhandisi. Chirchiq daryosidagi meliorativ energetika majmuasini, jumladan, Chirchiq-Boʻzsuv va Farhod GESlarini loyihalash va qurishda qatnashgan. 1943-yilda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasining akademigi, 1948—1950-yillarda esa OʻzFA vitse-prezidenti etib saylangan. 1944-yildan VKP(b) aʼzosi.

1950-yilda Moskvaga SSSR paxtachilik vazirining oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazildi. SSSR Qishloq xoʻjaligi vazirligi kollegiyasi aʼzosi (1953—1955), SSSR qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari (1955—1957).

1956-yildan – Butunrossiya qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining akademigi. Akademiyada Prezidium aʼzosi (1957—1961), Gidrotexnika va melioratsiya kafedrasi akademik-kotibi (1957—1961, 1963—1973), Birinchi vitse-prezident (1961—1963) lavozimlarida faoliyat olib borgna.

Amudaryodan Ashxobodgacha boʻlgan Qoraqum kanalining uch bosqichi qurilishiga rahbarlik qilgan. Koʻp sonli gidrotexnik inshootlar va yirik tizimlarni loyihalash va qurish boʻyicha maslahatchi, Suv xoʻjaligi vazirligi, SSSR Qishloq xoʻjaligi vazirligi, SSSR Davlat plan qoʻmitasi ilmiy-texnik kengashlarida va boshqa tashkilotlarda mutaxassis boʻlgan. Oʻrta Osiyo, Ukraina, Kavkaz va SSSRning boshqa mintaqalarida har qanday yirik meliorativ va gidrotexnika qurilishida bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan. A. N. Askochenskiy daryo oqimini mintaqalararo qayta taqsimlash tarafdori boʻlgan. Sugʻorish usulini keng qoʻllash yopiq sugʻorish tarmogʻiga oʻtishni taqozo etishini va shoʻrlanishga moyil yerlarni sugʻorishda drenaj ishlari zarurligini isbotladi. SSSR irrigatsiya va drenaj milliy qoʻmitasining doimiy raisi, irrigatsiya va drenaj boʻyicha xalqaro komissiyaning aʼzosi, ushbu komissiya raisining oʻrinbosari boʻlgan. Uning 100 ga yaqin ilmiy ishlari nashr etilgan boʻlib, ular orasida Oʻrta Osiyoning suv resurslari va ulardan kompleks foydalanishga oid ishlar alohida ajralib turadi.

1973-yil 5-martda vafot etgan. Moskvadagi Novodevichiy qabristoniga dafn etilgan.

Mukofotlari Sotsialistik Mehnat Qahramoni, Lenin ordeni hamda O‘roq va Bolg‘a oltin medali bilan taqdirlangan (1968-yil 4-sentyabr) – mahalliy gidrotexnika va melioratsiyaga qoʻshgan ulkan ilmiy va amaliy hissasi uchun hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan; Lenin mukofoti (1965); Mehnat Qizil Bayroq ordeni (1958-yil 4-sentyabr); Mehnat Qizil Bayroq ordeni (1957-yil 11-yanvar); Mehnat Qizil Bayroq ordeni (1950-yil 16-yanvar); Qizil Yulduz ordeni (1946-yil 23-yanvar); Lenin ordeni (1945-yil 1-aprel); Mehnat Qizil Bayroq ordeni (1943-yil 30-sentyabr); Lenin ordeni (1939-yil 23-dekabr); „Hurmat Belgisi“ ordeni (1939-yil 21-yanvar) – qishloq xoʻjaligidagi yuksak yutuqlari va ayniqsa, paxtachilik rejasini ortigʻi bilan bajarganligi uchun Medallar.

Tanlangan bibliografiyasi Katta sovet ensiklopediyasi va Markaziy ilmiy qishloq xoʻjaligi kutubxonasidagi biografik maqolalariga koʻra quyidagi asarlari mavjud:

Janubiy Xorazm suv xoʻjaligi qurilishi obyekti sifatida. – Toshkent, 1933. – 79 b. SSSRda yerlarni sugʻorish va yuvish. – M.: Selxozizdat, 1961. – 87 b. SSSRda sugʻorish va suv taʼminoti. – M .: Kolos, 1967. – 216 b. Sugʻorish masalalari: Tanlangan maqolalar va hisobotlar. – Toshkent: Fan, 1969. – 144 b. Qishloq xoʻjaligining ilmiy-texnik muammolari / Tuzuvchi S. A. Vorobiev. – M.: Znanie, 1970. – 89 b.

Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

Havolalar Nekrolog

Turkum:1898-yilda tugʻilganlar Turkum:1973-yilda vafot etganlar Turkum:5-martda vafot etganlar Turkum:5-sentabrda tugʻilganlar Turkum:Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademiklari Turkum:Sotsialistik Mehnat Qahramonlari