Vanadzor () — Armaniston shimolidagi Lori viloyatining markazi, mamlakatda kattaligi boʻyicha uchinchi oʻrinda turuvchi shahar. 2023-yilgi maʼlumotlarga koʻra, shaharda 76 000 kishi istiqomat qiladi. Vanadzorda Arman apostol cherkovining Gugark yeparxiyasi qarorgohi joylashgan.
Shahar Armaniston poytaxti Yerevan shahridan 128 km shimolda joylashgan boʻlib, Bazum va Pampak togʻlari bilan oʻralgan.
Vanadzor shahri Fransiyaning Bagneux, Gruziyaning Batumi, Rossiyaning Kislovodsk hamda Podolsk, AQShning Pasadena, Estoniyaning Maardu, Belarusning Vitebsk hamda Xitoyning Zhuzhou shaharlari bilan bir xil geografik uzunlikda joylashgan.
Shahardan 146 km shimolda Tbilisi, 120 km janubda Vagarshapat, 80 km janubi-sharqda Sevan hamda 78 km sharqda Idjevan shaharlari joylashgan.
Shaharning janubi-gʻarbida joylashgan Vanadzor botanika bogʻi Armanistondagi 5 ta yirik bogʻdan biridir. Shaharda joylashgan Lori-Pampak arxeologik muzeyi 1938-yil ochilgan boʻlib, unda 34 000 ga yaqin eksponat mavjud. Nomlanishi Shahar Rossiya imperiyasining rasmiy hujjatlarida Karaklis () shaklida qayd etilgan. Armaniston SSSRga qoʻshilgach, 1926-yilda shaharga arman bolshevik inqilobchisi Aleksandr Miasnikyan sharafiga Martunashen deb nom berilgan. Shahar 1935-yil 3-yanvarda bolsheviklar yetakchisi Sergey Kirov sharafiga Kirovakan deb nomlangan.
Armaniston mustaqillikka erishgach, 1992-yil 25-iyunda shahardan oqib oʻtuvchi Vanadzor daryosi nomidan kelib chiqib, shahar ham Vanadzor deya nomlangan. Vanadzor soʻzi armanchada „monastirlar vodiysi“ degan maʼnoni anglatadiJohn Everett-Heath, The Concise Oxford Dictionary of World Place Names, 2019, , s.v..
Tarixi
Hozirgi Vanadzor hududida Jez davridan beri odamlar yashab keladi. VII—IX asrlarda hududni Arshakiylar va Bagratuniylar sulolalari boshqargan. X asrdan XII asrgacha esa bu hudud Lori qirolligi tarkibiga kirgan. Saljuqiylarning Lori qirolligiga qilgan hujumi sabab shahar Saljuqiylar imperiyasiga qoʻshib olingan. 1801-yilda Lori viloyatining barcha hududlari Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshildi. Lori viloyati Rossiya mudofaa kuchlarining forslarga qarshi jang qilishi uchun qulay joy edi. 1826-yili Lori viloyati rus-fors urushi paytida Siddiq Hasanxon tomonidan vayron qilingan. 1828-yilda rus-turk urushi paytida ruslar oʻz qoʻshinlarini joylashtirish uchun eng qulay joy sifatida Karakalisani tanlab, oʻz qoʻshinlarini ushbu hududda joylashtirishgan. Arman olimi Xachatur Abovyanning soʻzlariga koʻra, Karakilisa aholisi 1820-yilning oxirlariga kelib, 600 kishiga yaqin boʻlgan. Aholining asosiy qismi Yerevandan kelgan muhojirlar edi. 1849-yilda Karakalisa Rossiya imperiyasi tarkibidagi Yerevan gubernatorligiga boʻysungan. 1899-yili Karakalisadan Tbilisiga temiryoʻlning ochilishi shaharni sezilarli darajada rivojlantirdi. 1939-yilda arxitektorlar Zagaryan va Minasyanlar tomonidan Kirovakan (bu vaqtga kelib shahar nomi Sergey Kirov sharafiga Kirovakan deb oʻzgartirilgan) shahrini qayta qurish rejasi ishlab chiqildi. 1950-yilda ushbu shahar deyarli qayta qurildi. Shu paytda, Sergey Kirov nomidagi markaziy maydon hamda koʻplab maʼmuriy binolar qurib bitkazildi. 1988-yilda Kirovakan, Gyumri va Spitak shaharlarida kuchli zilzila sodir boʻlgan. Zilzila paytida Kirovakanda yashovchi 564 kishi halok boʻlgan, biroq shahardagi aksariyat binolarga zilzila taʼsir qilmagan.
Geografiyasi va iqlimi Lori viloyatining markazi boʻlgan Vanadzor shahri Yerevandan 128 km shimolda, Pampak daryosining yoqasida joylashgan. Shahar dengiz sathidan 1350 metr balandlikda joylashgan boʻlib, balandligi 2500 metrdan ortiq boʻlgan Bazum va Pampak togʻlari bilan oʻralgan. Shaharning janubi-sharqiy hududi oʻrmonlar bilan qoplangan.
Vanadzorning qish oylaridagi oʻrtacha harorati −4.2 °C (24.4 °F), yozda esa 20 °C (68 °F)ni tashkil etadi. Shaharning iqlimi kontinental iqlimiga xos boʻlib, yillik yogʻin miqdori 650 mm ni tashkil qiladi.
Demografiyasi Populyatsiya
1930-yillarda Armanistonga kirib-chiqish bilan bogʻliq cheklovlar olib tashlanganidan soʻng, Karaklisning aholisi sezilarli darajada oshib bordi. Shaharga Yaqin Sharq va Yevropadagi arman genotsididan omon qolgan armanlar koʻchib kela boshlagan. Koʻchib kelgan armanlarning katta qismi gʻarbiy arman tilida soʻzlashgan. Hozirgi kunda Vanadzorda 2000 ga yaqin gʻarbiy arman koʻchmanchilari yashashadi. Ular hali ham gʻarbiy arman lahjasida soʻzlashishadi. 1831-yildan hozirgacha Vanadzor aholisi sonining oʻzgarishi quyidagi jadvalda koʻrsatilgan: YilAholi soni183149418732,01718973,91719156,67119268,640193917,607195949,4231979148,8762001107,394201186,199
Dini
Vanadzor aholisining asosiy qismi xristianlik diniga eʼtiqod qiladi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra shaharda 6 ta cherkov mavjud. Avliyo Astvatsatsin cherkovi 1831-yilda qurilgan boʻlib, xalq orasida „qora cherkov“ nomi bilan mashhur. Cherkov 1999-yilda toʻliq taʼmirlangan. Kamakatar cherkovi oʻrta asrlarga oid cherkov boʻlib, shaharning shimoli-sharqida joylashgan. Cherkov 1841-yilda rekonstruksiya qilingan. Bibi Maryam cherkovi 1895-yilda qurilgan. Cherkov rus pravoslav mazhabiga eʼtiqod qiluvchilar uchun xizmat qiladi. Avliyo Sargis cherkovi 2000-yil ochilgan boʻlib, Vanadzor universitetining yonida joylashganwww.gov.am:Religious organizations in Armenia (in Armenian). Avliyo Grigoriy sobori 2005-yilda ochilgan boʻlib, hozir bu sobor Arman apostol cherkovining Gugark yeparxiyasi qarorgohi hisoblanadi. Protestant eʼtiqodida boʻlgan gʻarbiy armanlar 1946-yilda Arman yevangelist cherkovini tashkil etishdi. Oʻsha paytda diniy faoliyat bilan shugʻullanish taqiqlangan boʻlsada, gʻarbiy armanlar oʻz eʼtiqodlarida sodiq qolishgan.
Madaniyati
Vanadzorda bir qancha arxeologik yodgorliklar bor. 1938-yil ochilgan Lori-Pampak arxeologik muzeyi Vanadzor shahridan topilgan eksponatlar bilan boyitilgan. Hozirgi kunda ushbu muzeyda 34 000 ga yaqin eksponat mavjud.
Vanadzor – Lori viloyati hamda Armaniston shimoli-sharqining madaniy markazi hisoblanadi. Shahardagi Charles Aznavour nomidagi Vanadzor madaniyat markazi Armanistondagi eng yirik madaniy markazlardan biridir. Bundan tashqari shaharda Eduard Kzartmyan nomidagi musiqa maktabi, Vanadzor tasviriy sanʼat muzeyi hamda Stepan Zoryanning uy-muzeyi oʻz faoliyatini olib bormoqda. Shaharda Vanadzor musiqali drama teatri hamda qoʻgʻirchoq teatrlari ham mavjud. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Vanadzorda 8 ta kutubxona mavjud boʻlib, shulardan 4 tasi bolalar kutubxonasidir.
Transporti
Vanadzorni M-3 avtomagistrali Yerevan shahri bilan, M-6 avtomagistrali Gruziya chegarasi bilan hamda M-8 avtomagistrali Tavush viloyati bilan bogʻlaydi.
Shaharning markazida Janubiy Kavkaz temiryoʻl stansiyasi mavjud boʻlib, u Vanadzorni Gyumri shahri orqali Yerevan bilan bogʻlaydi. Vanadzordan 44 km shimolda joylashgan Stepenavan aeroporti shaharga eng yaqin boʻlgan aeroportdir.
Iqtisodiyoti
Vanadzor shahri Lori viloyatining sanoat markazlaridan biri hisoblanib, shaharda kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari hamda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar mavjud. Shaharda bir qancha tikuvchilik fabrikalari ham mavjud, ular jumlasiga 1962-yilda tashkil qilingan „Dav-Gar“ tikuvchilik fabrikasi, 1977-yilda tashkil qilingan „Darbbag“ tikuvchilik fabrikalarini misol qilib keltirish mumkin. Shahar iqtisodiyotida kimyo mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalarning ham ulushi baland boʻlib, ular sirasiga, 1929-yil tashkil etilgan „Vanadzor ChimProm“ kimyo mahsulotlari zavodi hamda 1969-yilda qurilgan „Gipk“ kimyo zavodlarini kiritish mumkin. Vanadzorda ishlab chiqariladigan qurilish materiallari asosan, tuflar, bazalt va gillarni tashkil qiladi. Shaharda 1961-yil tashkil etilgan Vanadzor IES oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Taʼlim tizimi
Vanadzorda koʻplab taʼlim muassasalari mavjud. Shaharda 4 ta oliy taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, hozir ular oʻz faoliyatini olib bormoqda. Hovhannes Tumanyan nomidagi Vanadzor davlat universiteti 1969-yilda ochilgan boʻlib, universitetda 5 ta fakultet bor: Filologiya fakulteti Tarix va geografiya fakulteti Pedagogika fakulteti Kimyo va biologiya fakulteti Fizika va matematika fakulteti Petros Melkonyan nomidagi Armaniston davlat politexnika universitetining Vanadzor filiali 1959-yil tashkil etilgan boʻlib, universitetda 2 ta fakultet bor: Texnologiyalar iqtisodiyoti fakulteti Kommunikatsiya tizimlari fakulteti Armaniston milliy agrar universitetining Vanadzor filiali 2004-yilda ochilgan. Mkhitar Gosh nomidagi Armaniston-Rossiya xalqaro universiteti 1995-yilda ochilgan. 2009-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Vanadzorda 6 ta texnikum, 30 ta oʻrta taʼlim maktabi hamda 20 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Sporti Vanadzor shahrida futbol oʻyini mashhur boʻlib, shaharda 1936-yili „Lori-Vanadzor“ futbol klubi tashkil etilgan. Armaniston mustaqilikka erishganidan soʻng, 2006-yilda moliyaviy inqiroz sabab jamoa tarqab ketgan.
Vanadzordagi eng katta stadion Lori stadioni boʻlib, uning sigʻimi 5000 kishiga moʻljallangan. Shaharda 2016-yil 29-oktyabrda Vanadzor markaziy futbol akademiyasi ochilgan. 2017-yil vanadzorlik tadbirkor Tovmas Grigoryan tomonidan „Lori“ nomli futbol klubi tashkil qilingan.
Manbalar
Havolalar Shaharning rasmiy sayti Shaharning kutubxonasining veb-sayti
Turkum:Armaniston shaharlari Turkum:Kavkaz geografiyasi Turkum:Alifbo boʻyicha shaharlar