Makroiqtisodiy model — iqtisodiy-matematik modellarning uzviy qismi, butun iqtisodiyotni va uning eng muhim tarmoqlari, sektorlari, sohalari rivojlanishini matematik shaklda aks ettiruvchi iqtisodiy-matematik model. Makroiqtisodiy model iqtisodiyotni yagona tizim sifatida ifodalab, uning umumlashtirilgan moddiy va moliyaviy koʻrsatkichlari: yalpi ichki mahsulot, isteʼmol, investitsiya, bandlik, foiz stavkalari, pul miqdori va boshqalarning oʻzaro bogʻliqligini koʻrsatadi. Makroiqtisodiy modelni tuzishning asosiy maqsadi makroiqtisodiy bogʻlanishlardan iborat turli hodisalarni soddalashtirilgan shaklda ifodalash orqali uning yechimini topishdir. Makroiqtisodiy model tuzish jarayonida oʻrganilayotgan hodisaning muhim omillari aniqlanib, yechilishi kutilayotgan muammo uchun muhim boʻlmagan jihatlar tushirib qoldiriladi. Makroiqtisodiy model tuzish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:

a) tadqiqotning predmeti va maqsadi soddalashtirilgan holda belgilanadi;

b) kuzatilayotgan makroiqtisodiy tizimning maqsadga muvofiq tarkibiy va funksional unsurlari ajratib olinib, ularning eng muhim sifat tavsiflari aniqlanadi;

v) makroiqtisodiy model unsurlarining oʻzaro bogʻlanishi, ketma-ketligi belgilanadi va uning matematik modeli keltiriladi;

g) matematik modelda hisob-kitoblar amalga oshiriladi va olingan natija tahlil qilinadi.

Makroiqtisodiy model nazariy tadqiqot sifatida sinov va asoslashni talab etadi. Jamlangan statistik maʼlumotlarni makroiqtisodiy modelga tushirish ehtimoldagi makroiktisodiy oqibatlarga oldindan baho berish imkonini beradi. Tarmoqlararo balans, davlat daromadlari va harajatlari balansi, toʻlov balanslarini hisoblash makroiqtisodiy modelga misol boʻla oladi.

Shonazar Ermamatov.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

Turkum:Iqtisodiy modellar