Nivelirlash — geodezik oʻlchashning bir turi; yer nuqtalari balandliklari farqi (nisbiy balandligi) aniqlanib, ular orqali ushbu nuqtalarning qabul qilingan boshlangʻich sathdan hisoblanadigan balandliklari topiladi. Oʻzbekiston hududida bajariladigan asosiy geodezik-topografik ishlarda nuqtalar balandligini Kronshtadt (Sankt-Peterburg) futshtogining nol chizigʻi (shtrixi)ga nisbatan hisoblash qabul qilingan (qarang Mutlaq balandlik). N.ni bajarish uslubiga qarab geometrik N., trigonometrik N., fizik (gidrostatik, barometrik va aero) N. va stereofotogrammetrik N. turlariga boʻlinadi. Geometrik N. gorizontal vizir nur, trigonometrik N. esa qiya vizir nur yordamida bajariladi. Stereofotogrammetrik N. bir joyning ikkita qoʻsh aerosuratlarini maxsus optik asbob (masalan, stereoskop)da kuzatib hosil qilinadigan joy relyefi modelida oʻlchab bajariladi. Geometrik N. nisbatan sodda va aniqligi yuqori boʻlib, amalda juda keng qoʻllanadi; trigonometrik N. esa aniqligi nisbatan past, u togʻli hududlarda qoʻllanadi. Katta hududlarning topogfafik haritalarini tuzishda stereofotogrammetrik N. asosiy hisoblanadi. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Manbalar
Turkum:Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi