Pokiston (), Pokiston Islom Respublikasi (, Islami Jamhyriya Pakistan) — Osiyo janubida, Hindiston yarim orolining shimoli-gʻarbidagi davlat. Maydoni — 803,9 ming km2. Aholisi — 242 923 845 kishi (2022). Poytaxti — Islomobod shahri. Maʼmuriy jihatdan 4 provinsiya, federal poytaxt hududi va federal hukumat tomonidan boshqariladigan qabilalar hududiga boʻlingan.

Allama Iqbal — Pokiston xalq shoiri. Vataniga qoʻshimcha ravishda u Eron, Kürdistan va Iroqda ham mashhur boʻlib, u Iqbol-e Laxori.

Davlat tuzumi Pokiston — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi islom respublikasi. Amaldagi konstitutsiyasi 1973-yil qabul qilingan, 1977-yil taqiqlangan va 1985-yil 30-dekabrda qayta tiklangan. Davlat boshligʻi — prezident u 5 yil muddatga saylanadi va ketma-ket 2-martadan ortiq saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament (Senat va Milliy assambleya), ijrochi hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Bosh vazirni prezident tayinlaydi.

Tarixi

Pokiston hududida odam paleolit davri oxiridan boshlab yashab keladi. Miloddan avvalgi 3-ming yillikning boshida Hind daryosi va irmoqiari vodiysida jaxrnning eng qadimgi sivilizatsiyalaridan biri — Harappa madaniyatita mansub dastlabki davlatlar paydo boʻldi. Miloddan avvalgi VI asr oxirida bu yerlar qadimgi Eronning Axomaniylar saltanati tarkibiga qoʻshib olindi. Miloddan avvalgi 327—326 yillarda makedoniyalik Aleksandr zabt etdi. Uning vafotidan soʻng bu yerlar Mauriyalar imperiyasigi qoʻshilib ketdi. Miloddan avvalgi II asrning boshida Pokiston hududida Hind-yunon podsholigi deb ataladigan davlat vujudga keddi. Milodiy I-III asrlarda Hind daryosi xavzasi Kushon imperiyasiga qoʻshib olindi. Purushapura shahri (hozirgi Peshovar) uning poytaxti boʻldi. Kushon podsholigi parchalangandan soʻng, hozirgi Pokistonning gʻarbiy qismlari sosoniylar, sharqiy qismlari guptalar saltanatiga qoʻshilib ketdi. V asrning 2-yarmida bu yerda eftaliylar hokimiyati oʻrnatilib (VI asr oʻrtalariga qadar), Sakala shahri (hozirgi Siyalkot) mamlakat poytaxti boʻlgan.

664-yilda arablar Hind daryosi vodiysiga bostirib kirdilar. 711—13 -yillarda Muhammad ibn Qosim qoʻmondonligidagi qoʻshinlar Sind va Panjobning janubiy qismini egalladi. Shu tariqa Pokiston hududida islom dini tarqala boshladi. 750-yil Umaviylar xalifaligi agʻdarilgach, Sind mustaqil davlatga aylandi. XI asr boshlariga kelib, hind daryosi havzasini Gʻaznaviylar, XII asrda Gʻuriylar, XIII asr boshlarida Dehli sultonligi egalladi. Betoʻxtov urushlar, isyonlar va chet el bosqinlariga qaramay, Hind daryosi havzasidagi Lohur, Moʻlton, Peshovar, Tatta kabi yirik shaharlar muhim iqtisodiy va madaniy markazga aylanib, bir qator mamlakatlar bilan savdo munosabatlarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Ularning bu mavqei Boburiylar davlati davrida ham saqlangan. 1707-yilda shoh Avrangzeb vafotidan soʻng Hind daryosi havzasi eron, afgʻon va mahalliy zamindorlarning kurash maydoniga aylandi. XVIII asr oʻrtalarida hozirgi Pokiston hududi — afgʻon shohi Ahmadshoh Durrojiy tasarrufiga oʻtdi. XVIII asrning 60-yillarida Panjobda bir nechta sultonliklar vujudga keldi, maharoja Ranjit Singx (1799—1839-yillarda hukmronlik qilgan) ularni yagona davlatga birlashtirdi.

Boburiylar saltanatining inqirozga yuz tutishi, ichki urushlar, eron va afgʻon hukmdorlarining bostirib kirishlari ingliz mustamlakachilarining bosqinchilik rejalari amalga oshishiga yordam berdi. Ular 1843-yil Sindni, 1845—49 yillarda Panjobni, 1854, 1876, 1879, 1893-yilda Balujiston va Sharqiy Pushtun qabila hamda sultonliklarini bosib oldi.

Pokiston xalqlarining milliy ozodlik harakati XX asr boshlarida ayniqsa kuchaydi (1896—1908-yillarda Sinddagi Hurlar qoʻzgʻoloni, 1919—21 yillarda che-garadagi pushtun qabilalari qoʻzgʻolo-ni, 1930-yildagi Peshovar qoʻzgʻoloni va boshqalar). 1947-yil 14-avgustda Pokiston mustaqil deb eʼlon qilindi. Pokistonning birinchi general gubernatori qilib Musulmonlar ligasining rahbari va Pokiston ozodligi harakatining yoʻlboshchisi Muhammad Ali Jinna (1876—1948) saylandi. Mustamlakachilik asoratidan qutulib, davlat mustaqilligini saqlash, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va shu maqsadda islohotlar oʻtkazish Pokiston siyosiy hayotining muhim masalasi boʻlib turar edi. Hukmron Musulmonlar ligasi partiyasining rahbariyati Gʻarbiy Pokiston za-mindorlari va sarmoyadorlarining ma-vqeini mustahkamlashga intildi. Buning ustiga Pokiston rivojlanishining asosiy muammolari hal etilmasligi sababli aholining koʻp qismi bu partiyadan yuz oʻgira boshladi. Mazkur partiya ichida fraksiyachilik kurashi kuchaydi va dastlabki muxolifotchi partiyalar vujudga keldi. Iqtisodiy qiyinchiliklarning tobora chigallashib borishi vatanparvar zobitlar orasida norozilikni keltirib chiqardi. Hukmron doiralar oʻrtasida kurash keskin tus ola boshladi. 1951-yil 16-oktabrda Pokiston Bosh vaziri Liyoqat Alixon (1895—1951) oʻldirildi. Oʻsib borayotgan siyosiy beqarorlik sharoitida Pokiston harbiy bloklar — 1954-yil 8-sentabrda SEATO, 1955-yil 23-sentabrda Bagʻdod pakti (1959-yil avgustdan — SENTO)ga aʼzo boʻldi. Hokimiyatni qoʻlda saqlab qolish maqsadida Musulmonlar ligasi rahbarlari bir oz yon berishga majbur boʻldilar. Jumladan, 1954-yil bengal tili urdu tili bilan bir qatorda davlat tili deb tan olindi. 1955-yil Musulmonlar ligasi va Birlashgan front vakillaridan iborat koalitsion hukumat tuzildi. 1956-yil 29-fevralda taʼsis majlisi Pokistonning yangi konstitutsiyasini qabul qildi. Unga koʻra, Pokiston Federativ Islom Respublikasi deb atala boshladi. 1958-yil 7—8-oktabrda harbiy toʻntarish oʻtkazildi, konstitutsiya bekor qilindi, barcha siyosiy partiyalar taqiqlab qoʻyildi. 27-oktabrdan qurolli kuchlar oliy bosh qoʻmondoni general M.Ayyubxon prezidentlik vazifasini oʻz zimmasiga oldi. 1962-yil hukumat ishlab chiqqan yangi konstitutsiya eʼlon qilindi. Unga koʻra, Pokistonda boshqaruvning prezidentlik shakli joriy etildi. 1962- va 1965-yilda M.Ayyubxon mamlakat prezidenta etib saylandi. 1965-yil sentabrda Pokiston bilan Hindiston oʻrtasida Kashmir masalasida qurolli toʻqnashuv boʻlib oʻtdi.

1966-yil 4—10-yanvarda Toshkentda Pokiston prezidenti bilan Hindiston Bosh vaziri uchrashdi. Toshkent deklaratsiyasi (1966) nomli tarixiy hujjatning har ikki mamlakat tomonidan imzolanishi natijasida nizolarni tinch yoʻl bilan hal etishga yoʻl ochildi. 1968-yil oxiri — 1969-yil boshida Pokistondagi vaziyat keskinlashdi. Mamlakatdagi muxolifatchilik harakati kuchaydi. 1969-yil 25-martda M.Ayyubxon prezidentlik lavozimidan voz kechdi va hokimiyatni Pokiston armiyasining bosh qoʻmondoni general A. M. Yahyoxonga topshirdi. Yana harbiy holat eʼlon qilindi, qonun chiqaruvchi majlis, markaziy va provinsiya hukumatlari tarqatib yuborildi, konstitutsiya bekor qilindi. 1970-yil dekabrda Pokiston tarixida birinchi marta umumiy saylov oʻtkazilib, Sharqiy Pokistonda Mujibur Rahmon boshchiligidagi Avomi lig partiyasi va Gʻarbiy Pokistonda Z. A. Bxutto boshchiligidagi Pokiston xalq partiyasi gʻolib chiqdi. Avomi lig partiyasi Sharqiy Pokistonga regional muxtoriyat berilishini talab qildi. Pokiston rahbarlari buni rad etishdi. Natijada mamlakatda siyosiy tanglik roʻy berdi. Pokiston rahbarlarining bedodliklariga javoban 1971-yil 26-martda Sharqiy Pokiston Pokistondan ajralib chiqib, Bangladesh Xalq Respublikasi deb eʼlon qilindi. Sharqiy Pokistondan Hindistonga koʻplab qochoqlarning oʻtib ketishi Hindiston bilan Pokiston oʻrtasida urush kelib chiqishiga sabab boʻddi. 1971-yil 16-dekabrda Dakkada Pokiston askarlari taslim boʻldi. 20-dekabrda A. M. Yahyoxon isteʼfoga ketishga majbur boʻldi va hokimiyatni Pokiston xalq partiyasining rahbari Z. A. Bxuttoga topshirdi. 1974-yil martda Pokiston Bangladesh Xalq Respublikasini tan oldi, SEATOdan chiqdi, bularning hammasi Hindiston yarim oroldagi vaziyatning moʻtadillashuviga olib keldi.

Pokiston ichki hayotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berdi. 1972-yil 24-aprelda harbiy holat bekor qilindi, 1973-yil 14-martdan yangi konstitutsiya kuchga kirdi. Siyosiy partiyalar faoliyati tiklandi. 1977-yil navbatdagi parlament saylovi oʻtkazilib, Pokiston xalq partiyasi parlamentdagi deyarli 80% oʻrinni oldi. Z. A. Bxutto boshchiligida hukumat tuzildi. Lekin 9 ta muxolifatchi partiyadan tuzilgan Pokiston milliy alyansi saylov natijalarini tan olmadi. Qayta saylov oʻtkazishni, hukumatning isteʼfoga chiqishini talab qildi, mamlakatda tartibsizliklar boshlandi. Siyosiy beqarorlik va iqtisodiy qiyinchiliklar ortib borayotgan sharoitda butun hokimiyatni armiya shtabi boshligʻi general M.Ziyoulhaq oʻz qoʻliga oldi.

1984-yil 19-dekabrda referendum oʻtkazilib, unda hukumat olib borayotgan islomlashtirish siyosatini qoʻllab-quvvatlash masalasi qoʻyildi. Natija ijobiy boʻldi va Ziyoulhaq keyingi 5 yilga mamlakat prezidenti deb eʼlon qilindi. 1988-yil 29-mayda Ziyoulhaq qonun chiqaruvchi organlarni tarqatib yubordi, markaziy va provinsiya hukumatlarini isteʼfoga chiqardi, ularni poraxoʻrlik va jinoyatda aybladi. M.Ziyoulhaq yangi hukumatga shaxsan oʻzi boshchilik qildi. 1988-yil 17-avgustda prezident aviatsiya falokatida halok boʻldi. Konstitutsiyaga muvofiq, senat raisi Gʻulom Is’hoqxon prezident lavozimini egalladi. 1988-yil 16-noyabrda Milliy majlisga oʻtkazilgan saylovda Pokiston Xalq partiyasi gʻolib keldi va uning rahbari Benazir Bxutto xonim boshchiligidagi hukumat tuzildi. Yangi hukumat favqulodda holatni bekor qildi, kasaba va talaba uyushmalari faoliyatiga ruxsat berdi, Ziyo-ulhaq davrida qamalgan siyosiy mahbuslarni ozod qildi. 1990-yil 24-oktabrda Milliy assambleyaga oʻtkazilgan navbatdan tashqari saylovda Islom demokratik alyansi gʻolib chiqdi. Uning rahbari Miyon Muhammad Navoz Sharif bosh vazir boʻldi. 1993-yil 6-oktabrda oʻtkazilgan navbatdan tashqari parlament saylovida Pokiston xalq partiyasi koʻpchilik ovoz oldi. B.Bxutto xonim rahbarligidagi koalitsion hukumat tuzildi. Fa-ruk. Ahmadxon Lagʻariy Pokiston prezidenta etib saylandi. 1997-yil 3-fevralda boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari parlament saylovi natijasida yana M. M. Navoz Sharif bosh vazir boʻldi. Hukumat mamlakat iqtisodiyotini yaxshilash tadbirlarini amalga oshirdi. Xalqaro iqtisodiy hamkorlik manfaati uchun dam olish kuni jumadan yakshanbaga oʻtkazildi. Hukumat isrofgarchilikka qarshi, mablagʻlarni tejash uchun kurashdi, yuqori amaldorlarning imtiyozlarini chekladi. 1997-yil 2-dekabrda prezident F. A. Lagʻariy oʻz ixtiyori bilan lavozimidan voz kechdi. Konstitutsiyaga koʻra, davlat rahbari vazifasini vaqtincha Senat raisi Vasim Sajjod bajara boshladi. 1997-yil 31-dekabrda mamlakat prezidenti etib Muhammad Rafik Tarar saylandi. 1999-yil 12-oktabrda davlat toʻntarishi boʻlib, butun hokimiyat general Parviz Musharraf boshliq harbiylar qoʻliga oʻtdi. P. Musharraf N. Sharifni qamoqqa oldi va 2001-yil 20-iyunda prezident M. R. Tararni lavozimidan chetlatdi, oʻzini mamlakat prezidenti deb eʼlon qildi. Pokiston — 1947-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 20-dekabrda tan olgan va 1992-yil 10-mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 14-avgust — Mustaqillik kuni (1947).

Tabiati