James Michael Edward Ward-Prowse (1994-yil 1-noyabrda tug‘ilgan) — angliyalik professional futbolchi. U Angliya Premyer-ligasining West Ham United jamoasi a'zosi. Hozirda Nottingham Forest jamoasida ijara asosida faoliyat olib bormoqda.

Ward-Prowse dastlab Southamptonning yoshlar jamoalarida faoliyat olib borgan. 2011-yil oktabr oyida u Southamptonning asosiy jamoasida debyut qilgan. 2012-yilda jamoa bilan o‘zining birinchi professional shartnomasini imzolagan. U Southamptonning asosiy o‘yinchisi hisoblangan. 2020-yilda James jamoa sardori etib tayinlangan. 2023-yilda u klubdagi 400-o‘yinini o‘tkazgan. Mavsum soʻnggida esa West Ham United jamoasiga oʻtgan. Bir mavsumdan so‘ng Nottingem Forestga ijaraga yuborilgan.

Ward-Prowse Angliyaning har xil yosh toifasidagi yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan. U21 terma jamoasida 31 ta o‘yinda maydonga tushgan va 6 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan. U milliy terma jamoa safida ilk bor 2017-yil mart oyida, amaldagi jahon chempioni Germaniyaga qarshi o‘yinda (0:1 hisobidagi mag‘lubiyat) maydonga tushgan.

Yoshligi James Ward-Prowse 1994-yil Portsmouth (Hampshire) shahrida tug‘ilgan. Uning otasi John Ward-Prowse advokat boʻlgan. Ward-Prowsening oilasi Portsmouth futbol klubining ashaddiy muxlislari bo‘lishiga qaramay, James 8 yoshida Portsmouthning asosiy raqibi Southampton akademiyasiga borib qo‘shilgan.

Ward-Prowse va uning rafiqasi Olivianing Oskar ismli o‘g‘il farzandi bor.

Klublardagi faoliyati Dastlabki faoliyati Ward-Prowse 6 yoshida mahalliy East Lodge jamoasida o‘ynashni boshlagan. 8 yoshida Southampton akademiyasiga qo‘shilgan va 2010–2011-yilgi mavsumda 18 yoshgacha bo‘lganlar jamoasining barcha o‘yinlarida ishtirok etgan. 2011-yilda u yoshlar jamoasining to‘liq stipendianti sifatida tanlangan. Akademiyada tahsil olayotganda u o‘zini chiniqtirish maqsadida Havant & Waterlooville havaskorlar jamoasining mashgʻulotlariga qatnashib yurgan.

Southampton

Ward-Prowse 2011-yil oktabr oyida ilk bor Southamptonning asosiy jamoasiga chaqirilgan va 16 yoshida Crystal Palace jamoasiga qarshi oʻyinda oʻz debyutini amalga oshirgan. U jamoa safida ilk marotaba asosiy tarkibda maydonga tushgan o‘yinda Coventry Cityga gol urgan va jamoasining 2:1 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qoʻshgan. Oʻsha gʻalaba tufayli jamoa Angliya kubogining to‘rtinchi bosqichiga chiqishga muvaffaq boʻlgan. 2012-yil may oyida klub Premyer-ligaga qaytgach Ward-Prowse boshqa uch nafar yosh futbolchi — Jack Stephens, Luke Shaw va Calum Chambers birgalikda Southampton bilan professional shartnoma imzolashgan.

Ward-Prowse oʻzining Premyer-ligadagi debyutini 2012–2013-yilgi mavsumning ochilish kunida, Manchester City jamoasiga qarshi o‘tkazgan. U o‘yin davomida 65 daqiqa maydonda oʻynagan. Jamoasi esa 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Uchrashuvdan soʻng Jamesning oʻyini urabbiy Nigel Adkins tomonidan yuqori baholangan. Keyingi o‘yinda Wigan Athleticga qarshi maydonga tushganidan so‘ng, 17 yoshli Ward-Prowse mavsumning uchinchi o‘yinida Manchester Unitedga qarshi oʻyinda maydonga tushgan. 2013-yil mart oyida Queens Park Rangersga qarshi o‘yinda u jamoasining golida ishtirok etgan. Keyinroq, mavsumning so‘nggi o‘yinlaridan birida, Sunderlandga qarshi uchrashuvda Ward-Prowse hisobni tenglashtiruvchi golga assistentlik qilgan. Mavsum davomida Ward-Prowse 15 ta liga o‘yinda qatnashgan, ammo ko‘pincha zaxiradan maydonga tushgan. Mavsum soʻnggida u mavsumning eng yaxshi yosh oʻyinchisi deya e'tirof etilgan.

Jamoaning yangi bosh murabbiyi Mauricio Pochettino Ward-Prowseni mavsumning birinchi o‘yinida, West Bromwich Albionga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushirgan. O‘yin 1:0 hisobida yakunlangan. Yagona gol esa penaltidan kiritilgan. Keyingi o‘yinda, Sunderlandga qarshi bahsda 88-daqiqada James tomonidan ichro etilgan jarima zarbasidan soʻng José Fonte gol urgan. Mavsumning boshida Ward-Prowse asosiy tarkibda muntazam ravishda o‘ynagan. 20-sentabr kuni Swansea Cityga qarshi o‘yinda James oyog‘ini sindirib olgan va 10 haftaga safdan chiqqan.

2015-yil yanvarda u jamoa bilan 5,5 yillik yangi shartnoma imzolagan. U 2015-yil 11-aprelda, Hull Cityga qarshi o‘yinda o‘zining Premyer-ligadagi ilk golini penalti orqali urgan. 3-oktabr kuni u jamoa safidagi o‘zining 100-o‘yinini Chelseaga qarshi o‘tkazgan va ushbu ko‘rsatkichga yetgan to‘rtinchi eng yosh o‘yinchi hisoblanadi. 2016-yil 25-sentabr kuni Ward-Prowse West Hamga qarshi o‘yinda gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirgan. 2020-yil iyun oyida Ward-Prowse Pierre-Emile Højbjerg o‘rniga jamoa sardori boʻlgan. 2021-yil yanvarda u 300-o‘yinini o‘tkazgan va Stuart Armstrongning goliga assistentlik qilgan. 2021-yil 19-avgust kuni Ward-Prowse jamoa bilan 5 yillik yangi shartnoma imzolagan.

2022-yil 15-yanvar kuni u Wolverhamptonga qarshi jarima zarbasidan gol urgan va jarima zarbalaridan gol urish boʻyicha Premyer-ligada David Beckhamdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqqan. 2023-yil 18-fevralga kelib uning jarima zarbalaridan kiritgan gollari soni 17 taga yetgan va u Beckhamning rekordini ortda qoldirgan. Ward-Prowse mart oyida Southampton safida 330-o‘yinini o‘tkazgan va Jason Doddning rekordini yangilagan. 2023-yil 2-aprel kuni u klub safidagi 400-o‘yinini West Ham jamoasiga qarshi o‘tkazgan. West Hamga qarshi o‘yindan so‘ng Southampton Premyer-ligadan Chempionshipga tushib ketgan.

West Ham United 2023-yil 14-avgust kuni James Ward-Prowse Premyer-liganing West Ham United klubiga to‘rt yillik shartnoma asosida qo‘shilgan. Transfer narxi £30 million deb xabar qilingan. Ward-Prowse 20-avgust kuni Chelseaga qarshi o‘yinda jamoa safida debyut qilgan. Jamoasiga 3–1 hisobida g‘alaba keltirgan ushbu o‘yinda u ikkita golga assistentlik qilgan. 26-avgust kuni u klub uchun birinchi va Premyer-ligadagi 50-golini Brighton & Hove Albion jamoasiga qarshi o‘yinda urgan va jamoasiga safarda 3–1 hisobida g‘alaba keltirgan.

2024-yil 6-aprel kuni Ward-Prowse Wolverhamptonga qarshi o‘yinda burchak to‘pidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gol urgan va jamoasining 2–1 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shgan.

Nottingham Forest 2024-yil 30-avgustda Ward-Prowse Premyer-liganing Nottingham Forest klubiga ijara asosida qoʻshilgan.

Manbalar

Havolalar

Profile West Ham United F.C. veb-sayti Profile Futbol Assotsiatsiyasi veb-sayti

Turkum:1994-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Angliyalik erkak futbolchilari Turkum:Erkak futbol yarim himoyachilari Turkum:Southampton F.C. futbolchilari Turkum:West Ham United F.C. futbolchilari Turkum:Nottingham Forest F.C. futbolchilari Turkum:Angliya Premyer-ligasi futbolchilari