Koreya Respublikasi, norasmiy nomlari: Janubiy Koreya, Koreya (hangul: 대한민국, hanja: 大韓民國, ), ) — Sharqiy Osiyoda, Koreys yarimorolida joylashgan mamlakatdir. Shimoldan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan chegaradosh. Poytaxti — Seul shahri aglomeratsiyasi aholisi boʻyicha jahonda ikkinchi oʻrinda turadi. Aholisi — 51,634,717 kishi (2025), maydoni — 100,210 km2.

Koreya jahonning eng qadimgi tamaddunlaridan biridir; uning hududida Quyi Paleolit davridayoq odamlar yashaganligi maʼlum. Uch Koreys Qirolligining 668-yildagi birlashuvidan to 1910-yilgacha koreys xalqi yaxlit mamlakatda yashadi. Koreya boʻlinishidan soʻng 1948-yili Janubiy Koreya davlati yaratildi. Koreys Urushidan keyin Koreya Respublikasi iqtisodiyoti kuchli oʻsishni boshidan kechirib, mamlakat Katta Yigirmatalik safiga kirdi.South Korea: Economic and social developments, Encyclopædia Britannica Bugungi kunda Janubiy Koreya Toʻrt Osiyo Barslaridan biri, deb hisoblanadi. Janubiy Koreya BMT, JST, OECD, APEC kabi tashkilotlar aʼzosi, AQShning yaqin hamkorlaridan biri boʻlib, xalqaro siyosatda faol qatnashadi.

Janubiy Koreya iqtisodiyoti yuqori texnologiyalar va qulay infratizimga asoslangan, Samsung, LG, Hyundai-Kia kabi koreys shirkatlari elektronika, avtomobil, kema, mashina va robotlar ishlab chiqarishadi. Janubiy Koreya shuningdek taʼlimi ilgʻor mamlakatlardan biri boʻlib, aholisi ilmiy savod darajasi boʻyicha jahonda birinchi,Education Statistics: Scientific literacy, NationMaster matematik savod boʻyicha esa ikkinchi oʻrinda turadiEducation Statistics: Mathematical literacy, NationMaster.

Tarixi

Arxeologik topilmalar daliliga asosan Koreyslar Koreya yarimorolini Ilk Paleolit davrida egallagan. Koreya tarixi eramizdan avvalgi 2333-yil Tanginning afsonaviy tarzda Koʻchoʻsonga asos solishi bilan boshlanadi.

Tanginning qirolligi „Choʻson“ deb atalgan (ammo, hozirgi kunda yaqin davrdagi Choʻson sulolasidan farqlash uchun Koʻchoʻson yoki Qadimgi Choʻson deb ataladi). Koʻchoʻson Koreya yarimoroli shimoli va Manjuriyaning bir qismini egallashgacha kengaydi. Xitoyning Han sulolasi bilan bir necha urushlardan keyin, Koʻchoʻson parchalanib, bir necha davlatlarga boʻlinib ketdi va Koreyaning Uch Qirollik Timsoli davriga olib keldi.

Uch Qirollik timsoli davri davomida Buyo, Okcho, Doʻngyo va Samhan birlashmasi Koreya yarimoroli va janubiy Manchuriyani egallab oldi. Aynan shu davrda Uch Qirollik ravnaq topdi.

Uch Qirollik davri

Eramizdan avvalgi 57-yillarda Uch Qirollik boshlandi va Silla 668-yilda Koguryo ustidan yarimorolni birlashtirguncha kengayib bordi. Bu davrda Koguryo, Pekche, Silla va Kaya yarim orolga hukmronlik qildi. Lekin Koʻruryo umuman olganda uch qirollikning eng kuchli va eng kattasi edi. Eng gullagan davrida Koʻguryo Manjuriyadagi Xitoy yerlariga hujum qildi va egallab olib katta yerga hukmronlik qildi.

Koguryo Vey, Shuy va Tang kabi xitoylar bilan bir necha marta jang qildi va chekindi, 668-yil, Shilla-Tang ittifoqi vaqt oʻtishi bilan qirollikni qulatishga olib keldi.

Eramizdan avvalgi (e. a.) II asrda Xitoy yozuvi („hanja“) ieroglifni qabul qilishi, eramizning IV asrida Buddizmning kirib kelishi Koreyaning Uch Qirolligiga teran taʼsir koʻrstatdi. Koreyslar keyinchalik ushbu taʼsirni Yaponiyaga oʻtkazdi.

667-yilda Uch Qirollikning Silla tomonidan birlashtirilishi Shimol-Janubiy Davlat davriga olib keldi. Koreya yarimorolini Silla, Manchuriyani esa Balhe boshqardi. Birlashgan Shilla davri Koreyaning madaniyati eng rivojlangan, yaʼni madaniy uygʻonish davri hisoblanadi. Shoirlik va sanʼatga dalda berildi.

Birlashgan Silla tinch munosabat olib bordi chunki Soʻng Sulolasi aggressiv emas edi. Bu davr davomida Koreya va Xitoy oʻrasida munosabatlar yaxshi boʻldi. 935-yilda Birlashgan Silla ichki nizolar taʼsirida parchalanib ketdi va oxirgi qirol Koʻryoga taslim boʻldi.

Koryo Qirolligi

Koryo davlatiga 918-yilda asos solingan va 936-yilda butun yarim orolni birlashtirib yagona davlatga aylantiriladi. „Koryo“ soʻzi hozirgi „Koreya“ nomiga asos boʻldi. Bu sulola vakillari yarimorolni 1392-yilgacha oʻz qoʻl ostilarida ushlab turadilar. Ushbu sulola vakillari boshqaruvi davrida tegishli qonunchilik asoslari ham ishlab chiqildi. Buddizm butun yarimorol boʻylab keng tarqaldi.

Ammo 1231-yildan oʻsha davrda juda ham kuchli boʻlgan moʻgʻullar imperiyasi Koryo davlatiga hujumlarni boshlaydi, 25 yillik qarshilikdan soʻng Koryo qiroli moʻgʻullarga taslim boʻlishga majbur boʻladi. 80 yil davomida Koreya mooʻgʻullar boshqaruvi ostida yashaydi.

thumb|left|200px|Pulguksa.

XIV asrninig oʻrtalariga kelib moʻgʻullar imperiyasi asta-sekin kuchsizlana boshlaydi, har xil ichki kurashlar tufayli tanazzulga yuz tuta boshlaydi, bu esa albatta Koryo qiroli Konminga qoʻl keladi va mustaqillikni qoʻlga kiritib moʻgʻullarni mamlakat hududidan quvib chiqaradi.

Xitoyda Yuan sulolasi tanazzulga yuz tutib Min sulolasi davlati boshqaruviga kelganda Koreya davlati yangi sulola vassali ekanligini tan oladi (1368-yilda). Shunday boʻlsa-da Koreya armiyasi generali Li Son Ge zimdan Yuan sulolasini qoʻllab quvvatlab turadi, bu esa albatta oʻz natijasini beradi. Kerakli madadni olgan Li Son Ge Koryo sulolasini tugatib Choʻson nomi ostida 1392-yilda yangi davlatga asos soladi.

Choʻson qirolligi

Choson davlati poytaxti sifatida Xanson shahri (hozirgi Seul) tanlanadi. 1394-yilda esa rasmiy din sifatida Konfutsiylik qabul qilinadi (Konfutsiylik diniga dastlab Xitoyda Konfutsiy degan odam asos solgan). XV asrda esa Qirol Sejong tomonidan hozirgi koreys alifbosi „Hangul“ga asos solinadi.

Choson 1582-yildan 1598-yilgacha yaponlarning doimiy hujumlaridan biroz kuchsizlanadi.

1627- va 1636-yillarda Manjuriyada qaror topgan Sin sulolasining Chosonga qilgan hujumlaridan soʻng Choson davlati Sin imperiyasi vassaliga aylanadi. Sin imperiyasi Xitoydagi Min sulolasini tugatib taxtga kelgan yana bir Xitoyni boshqargan sulolalardan biri.

Davlat ichki boshqaruvida konfutsiylarning taʼsiri juda ham kuchayib ketadi, bu ham davlatning tanazzulga yuz tutishiga sabab boʻladi.

XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib Yaponiya namunasidagi gʻarblashish (yevropalashish) islohotlari keng quloch yoyadi. Ayniqsa bu islohotlarda zodagon Pak Kyu Su faol qatnashadi, ammo uning oʻlimidan soʻng bu islohotlar toʻxtab qoladi.

thumb|left|200px|Tiklangan Kobukson.

1893—1895-yillarda Koreyada inqilobiy harakatlar boshlanadi. Inqilobchilar qirol maʼmuriyatidan yaponlarga qarshi Xitoydan madad soʻrashni talab qiladilar, shundan soʻng qirol Xitoydan yordam soʻraydi. Xitoy oʻz armiyasining bir qismini koreyslarga yordam uchun joʻnatadi. Bu esa Xitoy va Yaponiya urushini keltirib chiqaradi (1894—95-yillarda boʻladi). Natijada urush Yaponiya gʻalabasi bilan tugaydi, Koreya esa amalda Yaponiya protektorati ostiga tushib qoladi.

Yaponiya anneksiyasi

1904-yilda rus-yapon urushi boshlanadi. Garchi Koreya rasmiy ravishda urushda qatnashmagan boʻlsa-da, barcha dengiz va quruqlikda olib borilgan urushlar qisman Koreya hududida yoki chegarasida olib borildi. Urush Manjuriya hududiga koʻchganda Koreya hududi butunlay yapon askarlari qamali ostida qoladi.

Koreyaning boʻlinishi Rus-yapon urushi tugagandan soʻng, garchi koreys-yapon tinchlik sulhi tuzilgan boʻlsa-da, amalda Koreya Yaponiya protektorati ostiga oʻtadi va deyarli mustaqilligini yoʻqotadi. 1910-yilga kelib Yaponiya Koreyani toʻliq bosib oladi, natijada Koreya toʻliq Yaponiyaga oʻtadi.

1945-yilda Yaponiyaning II jahon urushida magʻlubiyatga uchrashi, Koreyadagi yaponlar boshqaruvining barham topishiga olib keladi. Ammo Koreyaning shimoliy qismini SSRI, janubiy qismini esa AQSh eggalab oladi.

Janubiy Koreya tarixi

1945-yilda SSRI va AQSh Koreyani birgalikda boshqarish toʻgʻrisida shartnomaga qoʻl qoʻyishadi. Ikki katta davlat Koreyani 38-parallel chizigʻidan boʻlishib olishadi.

1950—53-yillarda boʻlib oʻtgan Koreya urushi Shimol va Janub oʻrtasida harbiysizlashtirilgan hudud oʻtkazilishiga sabab boʻladi. Shunday qilib bir butun Koreya davlati shimolda Kommunistik boshqaruvli Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va janubda kapitalistik boshqaruvga ega boʻlgan Koreya Respublikasiga boʻlinib ketadi.

Birinchi respublika

Koreya Respublikasiga 1948-yil 15-avgustda asos solingan. Li Sin Man esa KRning birinchi prezindeti etib tayinlanadi, ayni shu yilning 9-sentabrida Kim Ir Sen boshchiligidagi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tashkil topadi. 1948-yil KRning birinchi konstitutsiyasi ham qabul qilinadi.

Birinchi Respublika boshqaruv davri BMT, Xitoy va SSRIning qurolli kuchlarining faol ishtiroki bilan boʻlgan Shimoliy va Janubiy Koreya urushi bilan taʼriflanadi. Bu urush natijasida ikkala koreys davlati ham katta moddiy va iqtisodiy talafot koʻradi. Birinchi respublika 1960-yili aprel inqilobidan soʻng tugatiladi.

Ikkinchi respublika

Talabalar inqilobidan soʻng vaqtinchalik davlat boshqaruviga Ho Chon ismli shaxs keladi. 1960-yil 29-iyulda saylov boʻlib oʻtadi va unda Demokratik partiya gʻalaba qozonadi. Bu esa Ikkinchi Respublikaning boshlanishiga sabab boʻladi va prezident etib Yun Bo Son saylanadi.

Harbiy hukumat

Ikkinchi Respublika Davlat boshliqlarining muvaffaqiyatsiz olib borgan siyosati harbiylarga yoqmaydi, bu esa harbiylarning koʻtarilishiga sabab boʻladi. 1961-yili harbiy toʻntarish boʻladi va davlat tepasiga general-mayor Pak Chon Hi keladi.

Harbiylar hukumati davlatni demokratik boshqaruvga oʻtkazishlikka hayrihox boʻladi, bu esa 1963-yilda saylovga olib keladi. Saylov natijalariga koʻra general Pak Koreya Respublikasi prezidenti etib saylanadi.

Uchinchi respublika

Uchinchi Respublika davrida Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi tuziladi. Koreya Respublikasi oʻz hududida AQSh harbiy bazalarining joylashiga qonuniy tarzda ruxsat bergandan soʻng, AQSh bilan boʻlgan aloqalari yanada kuchayadi. Undan tashqari, Koreya Respublikasi AQSh harbiylarining Vyetnamda olib borgan urushida 320 000 askar bilan quvvatlab turadi, yaʼni Koreya Respublikasi oʻz harbiylarini Vetnamga AQSh harbiylariga yordam berish uchun yuboradi. Bu esa oʻz natijasini bermay qolmaydi, AQSh Koreya Respublikasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlay boʻshlaydi.

Iqtisodiyot tezlik bilan koʻtarila boshladi, ayrim iqtisodiy islohotlarning oʻtkazilishi yalpi milliy mahsulotining oʻsishiga olib keladi.

Toʻrtinchi respublika

Toʻrtinchi respublika 1972-yli Yusin konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan boshlanadi. Bu konstitutsiya prezidentlik boshqaruvini yanada mustahkamlaydi va keng vakolatlar beradi. Bu davr juda tez oʻsib borayotgan Koreya Respublikasi iqtisodiyotining regressiyaga uchrashi bilan xarakterlanadi.

Beshinchi respublika

1979-yilda general Pak oʻldirilishi bilan Koreya Respublikasida uzoq yillarga choʻzilgan siyosiy inqiroz boshlanadi. 8 yil davomida xalq demokratiya uchun kurash olib boradi. Uzoq davom etgan kurashlardan soʻng 1987-yilda Koreya Respublikasida demokratik saylovlar oʻtkaziladi.

1988-yilda Seulda Olimpiada oʻyinlari oʻtkaziladi. Shu yillarda Xitoy va Sovet Ittifoqi bilan aloqalar tiklanadi. 1992-yilda demokratik yoʻl bilan Kim Yon Sam saylanadi. Ammo uning boshqaruvi davrida davlat amaldorlari orasida poraxoʻrlik judayam kuchayib ketadi, bu esa davlatning yana siyosiy inqiroz yoqasiga olib kelinishiga sabab boʻladi.