Yaponiya (yaponcha: 日本 Nippon, Nihon) — Sharqiy Osiyoning Tinch okean sohilidan sharqda, kun chiqish tomondagi orollarda joylashgan davlat. Yaponiya hududida 6,8 mingga yaqin orol boʻlib, shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga qariyb 9.13 ming km²ga choʻzilgan; Yaponiyaning eng yirik 4 ta orollari: Xokkaydo, Xonsyu, Sikoku va Kyusyu. Yaponiyaning tabiiy boyliklari deyarli juda kam. Davlatning atrofini Tinch okean oʻrab turganligi tufayli mamlakatning tuprogʻida yod moddasi mavjud. Shimolidan Oxota dengizi, sharq va janubi-sharqdan Tinch okean, gʻarbdan Yapon va Sharqiy Xitoy dengizlari bilan oʻralgan. Maydoni — 377,8 ming km². Aholisi — 126 mln. kishi (2021). Poytaxti — Tokio shahri. Yaponiya maʼmuriy jihatdan 47 prefekturaga boʻlinadi.

Davlat tuzumi Yaponiya — konstitutsiyaviy monarxiya. Amaldagi hokimiyat 1947-yil 3-mayda kuchga kirgan (keyinchalik tuzatishlar kiritilgan). Davlat boshligʻi — imperator (1989-yildan Akihito). Konstitutsiyaning 1-moddasiga koʻra, u „davlat va xalq birligi ramzi“dir. Imperator oilasining aʼzolari imperatorlik taxti uchun merosxoʻr hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq, imperator mustaqil hokimiyatga ega emas. Imperatorning davlat ishlariga aloqador boʻlgan har qanday faoliyati Vazirlar mahkamasi maslahati va maʼqullashi bilan amalga oshiriladi. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyatni 2 palatali parlament (Vakillar palatasi va Maslahatchilar palatasi), ijroiya hokimiyatni Bosh vazir boshchiligidagi hukumat (Vazirlar mahkamasi) amalga oshiradi.

Tabiati Yaponiya moʻtadil, subtropik va tropik mintaqalarda joylashgan. Qirgʻoq chizigʻining umumiy uzunligi —30 ming km ga yaqin. Xonsyu orolining janubiy sohili, Shikoku va Kyushu orollarining qirgʻoqlarida qoʻltiq koʻp; bu yerda murakkab qirgʻoq chizigʻiga ega boʻlgan Ichki Yapon dengizi joylashgan. Ryukyuning janubiy orollari marjon riflari bilan oʻralgan.

Yaponiya hududining 3/4 qismi qir va togʻlardan iborat; pasttekisliklar sohil boʻylab ayrim qismlarda joylashgan. Hokkaydo oroldagi togʻtizmalarning baʼzi choʻqqilari 2000 m dan oshadi (Asahi choʻqqisi — 2290 m). Honshu orolning shimoliy qismida 3 ta boʻylama togʻ tizmalari boʻlib, ular vodiy va soyliklar bilan boʻlingan; orolda bir qancha vulqon, jumladan, Yaponiyadagi eng baland vulqon — Fudziyama (bal. 3776 m) qad koʻtargan. Honshu orolning markaziy qismidagi tizmalarning choʻqqilari alp relyeflari va yilning koʻp qismida qor bilan qoplanib turadi. Shikoku orolning eng baland joyi 1981 m (Ishizuchi choʻqqisi), Kyushu orolniki 1788 m (Kuju vulqoni). Yaponiya hududi kuchli seysmik zonada joylashgan (1855, 1891, 1897, 1923, 1995-yillarda falokatli zilzilalar boʻlgan). Yaponiyadagi 150 vulqondan 40 tachasi soʻnmagan. Vulqoni rayonlarda mineral va termal buloqlar koʻp. 26 mingdan ortiq issiq suv manbalari bor. Foydali qazilmalardan koʻmir, gaz, temir rudasi, oltingugurt, marganets, qoʻrgʻoshinrux, mis rudalari, neft, xromit, oltin, kumush, pirit, kaolin, talk va simob konlari mavjud.

Iqlim

Iqlimi mussonli, shimolida moʻtadil, janubida subtropik, Ryukyu orollarida asosan tropik iqlimi his qilinadi. Hokkaydo orolda, Sapporoda yanvarning oʻrtacha temperaturasi —5°, iyulniki 22°, Okinavada yanvarning oʻrtacha temperaturasi 16°, iyulniki 28°. Materikdan esgan qishki musson Yaponiya hududiga sovuq havo olib keladi va koʻp yogʻin keltiradi. Yiliga 30 martagacha tayfun boʻladi; bu vaqtda kuchli shamol esib, jala quyadi, oʻrtacha yillik yogʻin 1800 mm; Hokkaydo orolning sharqida yillik yogʻin 800–1200 mm, Sekoku va Kyushu orollarida 3000 mm, baʼzi joylarda 4000 mm gacha.

Daryolari

Yaponiyaning daryolari qisqa, sersuv va tez oqadi. 24 ta eng katta daryosidan faqat 6 tasining uzunligi 200 km dan oshadi, jumladan, Sinano daryosining uzunligi 367 km tayfun vaqtida daryolar toshadi. Koʻpgina daryolarning suvi sugʻorishga va gidroenergiya resurslari sifatida sarflanadi. Mayda koʻl koʻp va ular ichimlik suvi manbai boʻlib xizmat qiladi. Eng katta koʻl — Biva (maydon 670,2 km², chuqurligi 103,8 m).

Tuproq

Tuproqlari shimolida podzol va oʻtloqibotqoq, janubida qoʻngʻir oʻrmon, subtropik va tropiklarda sariq va qizil tuproq. Tekisliklarda allyuvial tuproqlar tarqalgan. Yaponiya hududining 67% oʻrmon va butazorlardan iborat; oʻrmonlarining 41,4% ekib oʻstirilgan. Jami 700 turdan koʻp daraxt va buta hamda 5599 tur oʻt oʻsimligi oʻsadi. Endemik oʻsimlik koʻp. Oʻrmonlar, asosan, igna bargli va keng bargli daraxtlardan iborat.

Hayvonot olami

Yaponiyada sut emizuvchi hayvonlarning 132 turi, qushlarning 490 turi, sudralib yuruvchilarning 110 turi mavjud. Yaponiya qirgʻoqlariga tutash dengiz suvlarida baliqlarning 3000 ga yaqin turi, mollyuskalarning 1200 dan ortiq turi yashaydi.

Aholisi Aholisining 99% dan koʻpi yaponlar. Xokkaydo orolda mamlakatning eng qadimiy aholisi — aynular (50 ming kishi atrofida) saqlanib qolgan. Shuningdek, koreys, xitoy va boshqalar yashaydi. Rasmiy til — yapon tili. Asosiy dinlari — sintoizm va buddizm; konfutsiylik va daosizm aqidalari katta taʼsirga ega. Xristianlik, islom va hinduizmga eʼtiqod qiluvchilar ham mavjud. Xristianlik XVI asr oʻrtalaridan, islom XIX asr oxiridan kirib borgan; xristianlar 1,5 mln ga yaqin, musulmonlar 100 ming kishi chamasida. 1935-yil Tokio va Kobe shahrilarida dastlabki masjidlar qurilgan. 1956-yildan Yaponiya musulmonlar uyushmasi va 1966-yildan Yaponiya islom markazi mavjud. Aholining 77% shaharlarda yashaydi (2002). Yirik shaharlari: Tokio, Yokohama, Osaka, Nagoya, Sapporo, Kobe, Kioto.

Tarixi Yaponiya hududida qadimiy odam izlari paleolit davriga oid. Taxminan mil. av. 8000—300 yillarda neolit davri madaniyati — jomon (idishlarga bitilgan ipsimon naqshlarga qarab nomlangan) mavjud boʻlgan. Oʻsha davr moddiy yodgorliklarini oʻrganish Yaponiyaning qadimiy aholisi, asosan, Janubiy Sharqiy Osiyodan kirib borganini koʻrsatadi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik mobaynida janubiy moʻgʻul tipidagi qabilalar kelgan. Miloddan avvalgi 1 ming yillik arafasida Yaponiyada asosiy qismini aynlar tashkil etgan etnik aholi tarkib topdi. Miloddan avvalgi V-IV asrlarda dehqonchilik, chorvachilik rivojlangan, metall qurollar qoʻllangan. Mil.ning boshlarida ijtimoiy tabaqalanish kuchaydi; qulchilik paydo boʻldi. IV asr oʻrtalarida tashkil topgan yirik qabilalar ittifoqi — Yamato asoshida ilk yapon davlati tarkib topdi. V asrdan iyeroglif yozuvi, VI asrdan buddizm tarqaldi. Yamato hukmdorlari tashqi aloqalarda „tenno“ unvonini qoʻllay boshlagan. Bu unvon hozirgacha ham saqlangan va Yevropa tillariga „imperator“ soʻzi bilan tarjima qilinadi. 646-yil yer davlat mulki deb eʼlon qilindi, aholi esa davlat chek yerlari egasiga aylandi. Yarim erkin dehqonlar zodagonga qaram dehqonlar bilan tenglashtirildi. Xitoydagi Tan davlati tipida markaziy maʼmuriyat tuzildi. 710 yilda birinchi doimiy poytaxt — Nara qurildi, 794-yilda poytaxt Kioto (Heyan)ga koʻchirildi. VIII asrda mamlakat janubidagi avstronezlarning singdirilishi natijasida yapon millati shakllandi. X asrda davlat chek yer egaligi tizimi barham topib, aslzoda va ibodatxonalarning yermulklari (shoen) yerga egalikning asosiy shakliga aylandi. XI asrdan sardorlar boshchiligida harbiy zodagonlar guruhlari tashkil topa boshladi. XII asrning oʻrtalarida Honshudan shimoli-sharqda Minamoto, janubi-gʻarbda Tayra ulardan eng yirigi edi. Bu xonadonlarning oʻzaro kurashi 1185-yilda Tayraning magʻlubiyati bilan tugadi. 1192-yilda shimoli-sharqliklar oʻz sardorlari Yoritomo Minamotoni shogun (sarkarda) unvoni bilan davlatning hukmdori deb eʼlon qildilar. Imperator sulolasi shogunlar hukmronligini xalq oldida qonuniy boʻlishini kafolatlab turish uchun nomigagina saqlab qolindi. Qarorgohi Kamakura shahrida joylashgan syogunlarga harbiylar tabaqasi (busi) va shaxsiy vassallar (ular maʼmuriy mansablarni egalladilar) asosiy tayanch boʻldi. Busi tabaqasining quyi qismi mayda harbiy dvoryanlar — samuraylardan iborat edi. Xitoy va Koreyani zabt etgan moʻgʻullar 1274 va 1281-yillarda Yaponiyaga qarshi ekspeditsiyalar uyushtirdilar, lekin bu yurishlar muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dengizda paydo boʻlgan kuchli tayfun moʻgʻul qoʻshinlarini halok qildi. Yaponiya tarixida bu tayfun „kamikaze“ („ilohiy shamol“) nomini oldi. XIII asrdan savdo va hunarmandchilik korporatsiyalari (dza) soni orta boshladi. XIV—XVI asrlarda syoendan yirik zamindorlik — knyazlikka oʻtildi. XV—XVI asrlarda deyarli uzluksiz dehqonlar qoʻzgʻolonlari boʻlib turdi. 1485—93 yillarda boʻlib oʻtgan Yamashiro qoʻzgʻoloni ulardan eng yirigi edi. XV—XVI asrlarda Yaponiya bilan Xitoy va Koreya oʻrtasida savdo-sotiq avj oldi. XVI asrning oʻrtalaridan Yaponiyaga kirib kelgan yevropalik missionerlar xristianlikni tarqata boshladilar. 1603-yil Ieyasu Tokugava (1542—1616) syogun deb eʼlon qilindi va uning qarorgohi Edo (hoz. Tokio)ga koʻchirildi. Tokugava syogunlari sulosasi mamlakatni 1867-yilgacha boshqardi. Ularning hukmronligi davrida Yaponiya markazlashgan monarxiya davlatiga aylandi. Hukumat qatʼiy qoidalar bilan 4 tabaqa tizimi (samuray, dehqon, hunarmand va savdogarlar)ni oʻrnatdi. Tokugava hukumatining yevropaliklar ekspansiyasi va xristianlik xalq harakatining mafkurasiga aylanayotganligiga qarshi qator tadbirlarni koʻrishi natijasida Yaponiya qariyb 2,5 asr mobaynida „yopiq“ davlatga aylandi. Shu yoʻl bilan mamlakat mustamlaka boʻlishdan saqlanib qoldi. XVII asr oxiri — XVIII asr boshlari Tokugavalar Yaponiyasi uchun eng yuksalish davri boʻddi. Bu davrda aholining savodxonlik darajasi jahon miqyosida ham ilgʻor oʻringa chiqdi. XVIII asr oxiri — XIX asrning 1-yarmida manufakturalar paydo boʻla boshladi. 1854—58 yillarda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya bilan tuzilgan Ansey shartnomalariga koʻra, Yaponiya oʻz holicha ajralib yashash siyosatidan voz kechishga majbur boʻddi va suvereniteti cheklangan holda jahon bozoriga qoʻshildi. 1867—68 yillarda Yaponiyada dehqonlar, shahar kambagʻallari, savdosanoat korchalonlari, dvoryanlarning quyi tabaqalari, saroy aslzodalari va muxolifatdagi baʼzi yirik zodagonlardan iborat keng omma syogunlarga qarshi chiqdi. Natijada burjua inqilobi — Meyji isin sodir boʻldi, syogun hukumachi agʻdarildi va hokimiyat imperator Mutsuxito (1867—1912 ylarda hukmronlik qilgan) qoʻliga oʻtdi. Shu davrdan boshlab Yaponiya imperator va uning hukumati boshchiligida tub ijtimoiysiyosiy va iqtisodiy islohotlar yoʻliga oʻtib, tezlashgan modernizatsiya orqali gʻarb davlatlari darajasiga yetishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.

1869-yilda poytaxt rasman Tokioga koʻchirildi. 1871—72 yillarda knyazliklar tugatilib, oʻrniga prefekturalar tashkil etildi, avvalgi 4 tabaqa oʻrniga 3 tabaqa [oliy dvoryanlar (sobiq zodagon knyazlar, saroy aslzodalari), dvoryanlar (barcha sobiq samuraylar), oddiy xalq (bunga savdosanoat korchalonlari ham kiritildi)] taʼsis etildi. Barcha tabaqalarning tengligi, kasb tanlash va mamlakat boʻylab koʻchib yurish erkinligi haqida qonunlar qabul qilindi. 1872 —73 yillarda oʻtkazilgan yer islohotidan keyin yer, asosan, dvoryan yer egalari va boy dehqonlar qoʻliga oʻtdi. 1873-yildan mamlakatda yil sanasini belgilashda imperator hukmronlik qilgan davr nomi bilan bir qatorda grigoriy kalendari ham joriy etildi. 1879-yil birinchi siyosiy partiya tuzildi. 1868—85 yillarda xususiy sarmoya yordamida qishloq xoʻjaligi xom ashyosiga ishlov beradigan 1300 korxona qurildi. 1889-yil imperatorga mutlaq vakolatlar beruvchi konstitutsiya qabul qilindi, 1890-yilda parlament taʼsis etildi.